O‘zbekiston zargarlik san’ati — Xorazm zargarligi

Xorazm ayollari zargarlik buymlaridan foydalanishni xush ko’rgan. Ayollar yoshini e’tiborga olgan holda, kiyimining rangi hamda bichimiga qarab zebu -ziynatlar taqishgan.…

Xorazm ayollari zargarlik buymlaridan foydalanishni xush ko’rgan. Ayollar yoshini e’tiborga olgan holda, kiyimining rangi hamda bichimiga qarab zebu -ziynatlar taqishgan. Zargarlik buyumlari bezak vazifasini bajarish bilan birga, ayol oilasi farovonligini ko‘rsatish, shuningdek, ularni ko‘z tegishdan va baxtsiz hodisalardan asragan. Xorazmda ayollar bezagi bir necha turga bo’lingan, bular: bosh kiyimda – boshning tepa qismi, peshana, gardan va chakkani yopib turadigan taqinchoqlar turiga – manglay tuzi, manglaycha, koshina yoki osma tuzi, yarimoy kirgan.

Quloq va burun taqinchoqlari o’zgacha ko’rinishda bo’lgan hamda sirg‘a va aravak deb nomlangan. Shuningdek, kokil taqinchog‘i – xolako, bo‘yin va ko‘krak bezaklariga – sadaf tuzi, duo tuzi, davocha hamda qo‘l bezaklariga – uzuk va bilaguzuk kirgan.

Ayrim taqinchoqlar turi kiyimlarga ham tikilgan. Kiyimga tikilmaydigan, alohida bezak turi sifatida bosh kiyimi, ko‘krak, bo‘yin, qo‘lga, sochga taqilgan bezaklar yechiladigan bo‘lgan. Xorazm ayollari taqinchoqlar xususiyatlariga ishonishgan, ular fikricha, taqinchoqlar sehrli kuchga ega bo‘lgan hamda ularni tumor sifatida taqib yurishgan.

Ushbu hudud zeb ziynatlari, asosan, kumushdan ishlangan. Rivoyatlarda keltirilishicha, kumush o’zidan tovush chiqarib, u yovuz kuchlarni hayday olishi mumkin bo’lgan. Zargarlik buyumlari ham huddi an’anaviy liboslar singari asrlar davomida shakllanib borgan bo‘lib, ushbu hudud aholisining milliy badiiy didi hamda qo‘shni xalqlar, jumladan turkman va qoraqalpoqlar bilan o‘zaro munosabatlarini o’zida aks ettirgan.

Zargarlik buyumlarida, asosan, o‘simliksimon hamda samoviy jismlarning geometrik, zoomorf, kosmogonik ramzlari ishlatilgan. Ayniqsa, yovuz kuchlarni haydaydigan jarangi tovush chiqaradigan ziynatlarning ko‘pligi ayolning farovon hayotda yashashligini bildirib turgan. Ushbu hudud aholisi qadimdan yosh bolalar, o’spirin yoshdagi qizlar, kelin hamda kuyovlar doimo o’zini sehr-jodudan asrash ehtiyojini sezgan. Shu sababli, bolalar bosh kiyimiga va ustki liboslariga ko‘plab kumush taqinchoq, tanga va munchoqlar taqib urish urf bo’lgan. Katta bolalar bunday tumorlarni taqishmagan. Qizlar esa qulog‘iga yoshlik davridanoq sirg’a taqish urf bo’lib, yoshi katta bo‘lgani sayin ularning soni ko‘payib borgan. Odatda, kattalar yoshlarga “boshingni asra” yoki “boshing omon bo’lsa, do’ppi topiladi” deb aytishadi. Shu bois, qizlarni turli salbiy hosidisalardan saqlash maqsadida, ularning bosh kiyimiga juda ko‘p taqinchoqlar taqilgan. Qizlar do‘ppisi tepa qismiga taxiya tuzi, do‘ppi atrofiga esa peshana chizig’i bo‘ylab koshina yoki osma tuzi kiyishgan
(rasm-457).

Uning markazida hamda, yon tomonlarida ham quloqni yopib turadigan yarimoy yoki yarimtirnoq taqinchog‘ini taqishgan. Shuningdek, boshning chakkalariga qavat-qavatli bezak sifatida shokila taqib qo’yilgan. Taxiya tuzi bezagi, odatda kichik jimjimador metall plastinalar va popuklardan tayyorlangan bosh kiyim sanaladi. Ushbu bezak jangovar dubulg‘a shakliga ega bo‘lgan. Shuningdek, ayollar yoy o‘qlari va tarang tortilgan yoyga o‘xshash o‘q-yoy taqinchog‘idan ham foydalanishgan. Bir necha qismdan iborat rang-barang sir bilan bezatilgan bezak turi shokila deb nomlanadi.

U turli uzunlikdagi, iyak va bo‘yindan boshlab ko‘krak qismiga tushib turuvchi ikki yoki uch marjondan iborat bo‘lgan. Bugungi kunda ko’pgina zargarlik buyumlari urfdan chiqqan bo’lsada, ayrimlaridan esa hanuzgacha foydalaniladi. Jumladan, yuraksimon shaklidagi tumor asik bezagini ma’budga sig‘inish bilan bog‘lanadi. Uni bezatishda yurak shaklidagi katta plastina ichiga urug‘lik hamda yangi hayot ramzini beruvchi tuxumsimon shakldagi qimmatbaho tosh qo’yilgan. Bunday ziynatlar turi, odatda, farzand kutayotgan ayollarga sovg’a sifatiqa berilgan. Shuningdek, do‘ppiga taqiladigan qurbaqa timsolidagi bezak – yarim-tirnoq deb nomlanib, unumdorlik ramzini bildirgan.

Xorazmlik ayollar bezagiga kiruvchi yana bir e’tiborga loyiq taqinchog‘i – bu peshi­xalta hisoblanadi. Uning markazida bosma naqsh bilan bezatilgan yirik qubba joylashgan. Qubba chetlariga uzun va og‘ir zanjirchalar hamda marjonlar osib qo’yilgan. Ular o‘rtasida chiroyli bezatilgan to‘rtta qubba joylashgan bo‘lib, ularning har birida yana sakkizta qubba osilib turgan. Uning past qismi bir xil to‘rttadan o‘ntagacha bo’lgan yangi kalitchalar bilan bezatilgan. Ushbu bezak o’zining bashangligi bilan boshqa bezaklardan ajralib turgan.

Xorazm zeb ziynatlari qo‘shni xalqlar bezaklariga o‘xshash bo‘lsada, o’zining yasalish uslubi bilan farq qilgan. Ularni tayyorlashda, asosan, qimmatbaho toshlardan foydalanilgan. Jumladan, kumush, zarhal, bezak, suvtamg‘a, serdolik, marjon, feruza, rangli shisha, sadaf toshlari shular sirasiga kiradi. Xorazm zargarlari tumorlarni ham hashamatli qilib bezashi bilan mashhur bo’lgan.