O‘zbekiston zargarlik san’ati — Tarix va rivojlanish
Zargarlik san’ati o‘zbek milliy, badiiy madaniyati tarixining ajralmas qismi bo‘lib, u xalqning olis o‘tmishidagi maqsadlarini o‘rganishda yordam beradi. U badiiy hunarmandchilik…
Zargarlik san’ati o‘zbek milliy, badiiy madaniyati tarixining ajralmas qismi bo‘lib, u xalqning olis o‘tmishidagi maqsadlarini o‘rganishda yordam beradi. U badiiy hunarmandchilik sohalaridan biri bo‘lib, mis, oltin, kumush, qalay kabi rangli metallardan qimmatbaho va noyob zebu ziynatlar, taqinchoqlar, bezak buyumlarini mohirona tobiga yetkazib yasash san’atidir, desak, to‘g‘ri ta’rif bergan bo‘lamiz ushbu kasbga. «Yer yuzida bitta ayol qolsa ham zargarga ish bor», - degan naql bejizga aytilmagan.
O‘zbek xalk amaliy san’atining xar bir turi kabi, zargarlik san’ati xam uziga xos xususiyatlariga ega. Chunki ular inson uchun faqat bezak buyumlari bo‘lib kolmay, balki sog‘lik uchun, inson ruhiyati uchun ijobiy ta’sir etgan. Zeb – ziynat buyumlari, xayotdagi ijtimoiy – iktisodiy o‘rni ham, kam ahamiyat kasb etmagan. Insonning jamiatdagi mavqeini ham ko‘pincha uning qancha qimmatbaxo zeb – ziynatlari borligiga qarab belgilaganlar. Taqinchoklar kishilar yoshidagi farqni va oilaviy ahvolni belgilashda xizmat qilib, ularning nasl – nasabidan nishona berib turuvchi xususiyatga ega bo‘lgan. Nafosat borasidagi fazilatlar to‘g‘risida so‘zlaydigan bo‘lsak, u zargarlarning yurak kuri bilan yaratilgan mukammal asar bo‘lib, u yoki bu davrda yashagan xalqlarning badiiy nafosat haqidagi tushunchalarni belgilab bergan. Demak, mazkur san’at orkali, biz odamlarning ham moddiy olami, ham nafosat olami, ham iloxiy qudrat haqidagi tasavvurlarining bir – biri bilan uzviy ravishda chirmashib ketganini ko‘ramiz.
Zargarlik san’atida bezak buyumlari tayyorlashda metallni eritib quyish, zarb bilan yasash, hallash (oltin va kumush suvi yuritish) bo‘rtma yoki o‘yilgan holda naqsh tasvirlash, bosma qolipli kabi usullardan keng foydalaniladi. Qimmatbaho gavhar, feruza, yoqut, dur kabi toshlarga ishlov berilib, ularni yanada bejirim va ko‘rkam qilib, ishlov berilgan ko‘zlar qadaladi. Zargarlikda qadimdan «sof metall» deb nomlangan kumush zahar va yomon narsalardan saqlaydi, deb bilingan. Odamlar marvariddan yasalgan taqinchoqlardan keng foydalanishga harakat qilishgan, boisi, marvarid ko‘plab kasalliklarga shifo, deya qaralgan.
Vatanimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng hunarmandchilikning barcha sohalari qatori zargarlikka ham yanada keng yo‘l ochilib, zargarlik san’at darajasiga ko‘tarildi, turli qiymatlikdagi metallardan foydalanishga imkon yaraldi. Ayni kunda usta zargarlar 2 xil: mahalliy unutilib borilayotgan an’analarni qayta tiklash hamda zamonaviy uslublar yo‘nalishlarida samarali mehnat qilmoqdalar.
О‘zbek zargarligi juda qadimiy tarixga ega. Unga ibtidoiy jamoa tuzumi davrida asos solingan. Arxeologik topilmalardan ma’lumki, zargarlik san’ati juda qadimiy xunar bo‘lgan. Eramizgacha bo‘lgan I asrdan boshlab eramizning V asrigacha qadimiy qal’alarning chiroyli xaykallar, devor bezaklari orqali zargarlik san’atini rivojlanganligini ko‘rish mumkin. Xorazmdagi Tuproqqal’a devorlaridagi tasvirlardan o‘sha davrlardagi ayollar quloqlariga nafis zirak takkanlari ma’lum. (III asrga ta’luqli). Bundan tashkari bronzadan quyib ishlangan osma taqinchoklar xam topilgan.
Bu taqinchoklar I – IV asrlarga mansub bqlib Ayoz qal’a, Yetti asar, Burgut qal’a va boshqa joylardan topilgan. O‘zbek zargarlik san’ati taraqqiyoti Osiyo va Sharq mamlakat xalqlarining siyosiy va etnik tarixi unga ko‘shni mamlakatlar tarixi bilan chambarchas bog‘lik. Xalqlarning o‘zaro tinch yo‘l bilan bir – biriga yaqinlashuvi madaniyatlarni boyitgan, ular bir – birlari bilan yaqin qadrli bo‘lgan narsalarni almashganlar, bora – bora bu xar bir xalqning mahalliy san’atiga singib ketib, o‘ziga xoslik va mustaxkam an’ana kasb etgan.
IV – V asrlarda zargarlik buyumlari kam ishlangan bo‘lsada ular tosh, shisha va suyaklardan ishlangan. Masalan, Xorazmda shishadan qilingan sher va qurbaka shaklidagi munchoqlar topilgan. Bolaliq tepadagi topilmada V asr oxiri VI asr boshlarida ishlangan devoriy rasmda ayol kishining kulog‘i va barmog‘ida zargarlik taqinchoqlar tasvirlangan. X – XI asrlar o‘rtasida bitta teshikli bo‘lgan suyakli tugmachalar ko‘p ishlangan.
IX asr va XIII asr boshlarida zargarlik san’atida islom ta’sirini xali xayvonotlar tasviri batamom tugab ulgurmagan «islimiy» girixli naqshlarning ortib borishida ko‘rishimiz mumkin. Islom dinining ta’siri qancha kuchli bo‘lmasin jonli mahlukot tasvirini tushurish o‘z o‘rnini yuqotmadi. Qolaversa, xalq san’atining zamirida shu qadar teranlik, erkin va xaqqoniylik yotadiki, uni qandaydir diniy qarashlarga butunlay bo‘ysundirish aslo mumkin emas. Hayvon va qushlarni ifoda etish badiiy uslubi o‘zgargan bo‘lsada, ular «islimiy» naqshlar bilan birikib ketsada, hamon bu uslubning uzviy qismi bo‘lib yashab kelar edi. Bu davr namunalari sifatida bizgacha tumorlar, kamar to‘qalari va boshqa buyumlar yetib kelgan bo‘lib, ular brinjdan, misdan, kumushdan yasalgan. Ko‘rinishlari esa hayvon, qush, baliq, afsonaviy mahluq, ilon boshiga o‘xshab yasalgan bilak uzuklar shaklida bo‘lgan. Bu buyumlarga har xil balo qazo, ins – jinslardan asrovchi, yaxshilikga eltuvchi, savob keltiruvchi, baxt iqbol eshigini ochuvchi karomatlarga ega deb qaralgan. Bu davrda xusnixat yozuvlarini naqshda foydalanish yangilik bo‘lib, ular bilan turli xayvonlar sherlar tasvirini bezaganlar. Yozuvlar ham o‘ziga xos yaxshilik ma’nosini anglatgan. Kuch qudrat, oliy himmatli, boylik, osoyishtalik, baxt – saodat, xuzur halovat, izzat – xurmat, tani sog‘liq, mo‘l – ko‘lchilik va boshqalarni anglatgan. Aks ettirilgan tasvirlarning karomatligi bilan yozuvlarning muqaddasligi bir – birini inkor qilish u yokda tursin aksincha, turli diniy tasavvurlarning maxsuli bo‘lishiga qaramay, bir – ikkinchisini ma’no jihatidan to‘ldirib kuchaytiradi.
X – XII asrlarga ta’luqli zargarlik namunasi bo‘lgan ilon shaklidagi burama kumush bilakuzuklarning shakli ham jonli maxlukot ramzi bilan bog‘liqdir. Qadim zamonlardanoq Sharq va Osiyoda ilonga yaxshilik belgisi deb qarashgan. U xonadon, oila, boylik, mol – xol, obi xayot, xazina, yer osti ma’danlari, kon, qabr, muqaddas daraxtlar va boshqa shunga o‘xshash narsalarning posboni xisoblangan. U yana xotin qiz va bolalarning xomiysi sifatida qadrlanadi, uning surati xoloskorlik ramzi bo‘lgan. X asrda Abu Rayxon Beruniyning tojlar hakidagi so‘zlari diqqatga sazovor «Zodagon va oddiy kishilardan o‘zini yuqori ko‘rsatish uchun toj va maxsus bosh kiymlari qila boshladilar».
Quloq, tish, tirnoq tozalagich kabi turli pardoz – andoz buyumlari naqshlari bilan bezatilgan bo‘lib, mitti qushchalar shaklida yasalgan. Bunday buyumlarni yasashda odamlar ularga ko‘proq oro berish vositasi deb qarashi xisobga olingan. Natijada ba’diy ishlov berilgan pardoz buyumi zeb – ziynat buyumiga aylangan. Ular ko‘ylakga tugnab qo‘yilib, doimo egasining yonida bo‘lgan. Qadimda igna yasash ancha murakab ish bo‘lib, uni juda ehtiyot qilib saqlaganlar. Ignalar uchun maxsus igna xalta tayyorlangan. Bu xaltalar chiroyli qilib ishlangan bo‘lib, ko‘krakga taqinchoq sifatida osib yurilgan va ignani olish o‘ngay bo‘lgan. Bu xam zeb – ziynat, xam ins – jinslardan saqlovchi buyum vazifasini bajargan.
XIV – XV asrlarda zargarlik san’ati haqidagi ma’lumotlar bizgacha g‘oyat kam yetib kelgan. Ustalar yasagan buyumlar esa qariyib saqlanmagan. Bu davrlarda ishlangan bezaklar faqat devoriy rasmlar orkali, miniatyura va adabiy manbalardagina bilamiz. Xukmdor va saroy ayollar boshlarida dabdabali sulton (jiga) taqib yurganlar. Xokimiyat boshlig‘ining ramzi toj bo‘lib, u xudi taxt singari, avloddan – avlodga meros qoldirganlar. XV asr boshida boy ayollarning bosh kiyimi haqida, Ispaniyadan kelgan elchi Rui Gonzales de Klavixo batafsil to‘xtaladi: «Ayollar boshidagi qizil kiyim xuddi dubulg‘aga o‘xshaydi, bu dubulg‘a juda baland bo‘lib, unda durlar, yoqud va feruzalar, yana turli tuman toshlar ko‘zga tashlanadi. Undan yuqoriroqda tilladan qilingan chambar ham bor, unga ham tosh va durlar qadab zeb berilgan edi. Dubulg‘aning ustida qushsimon soyabon bo‘lib, unga xar biri ikki enlik keladigan uchta yoqut qadab ko‘yilgan, tepada oq sulton bo‘lib, undan bir – biriga zar ip bilan bog‘lab ko‘yilgan uchlarida tosh va durlar yarqirab turgan qush patlari ko‘zgacha osilib turgani»ni eslaydi.
Mazkur bosh kiyim bir oz o‘zgargan xolda XIX asrgacha iste’molda bo‘lgan. XVII asrlarga kelib zargarlik buyumlarining naqsh bezagi judayam murakkablashib bordi. Bu davrda O‘rta Osiyodagi uzaro ichki kelishmovchiliklar ziddiyatlar madaniyatga, shu jumladan zargarlik san’atining rivojlanishiga salbiy ta’sir etdi. Keyinchalik xonliklar paydo bo‘lishi bilan hayot turmush tarzi o‘z iziga tusha boshladi. Bu davrlarga kelib mo‘g‘il bosqinchilardan so‘ng birinchi marta oltin tangalar ishlatila boshlandi. Zargarlik buyumlari oltin, kumush va boshqa rangli metallardan ishlandi. Qurol aslahalar ajoyib qimmatbaho toshlar bilan bezatildi. XIX asr va XX asr boshlarida O‘rta Osiy xonliklari o‘rtasida badiiy xunarmandchilik rivojlandi, shular qatori zargarlik san’ati xam tez sur’atlar bilan rivojlandi.
Xiva, Buxoro, Samarqand, Qo‘qon shaxarlari XIX asr zargarlik san’atining eng yirik markazlari xisoblangan. Bu shaharlarda zargarlar mahalla – maxalla bo‘lib yashaganlar. Tarixiy manbalarga qaraganda Xivada 1860-yilda 12 ta va XX asrning boshida 60 ta zargarlik do‘konlari faoliyat ko‘rsatgan.
Xar bir zargarlik markazi o‘zining shakl va bezaklari bilan ajralib turuvchi, o‘sha joy uchun xos bo‘lgan umumiy xususiyatlarga ega zeb – ziynat buyumlarni ishlab chiqargan. Boshqa xunarmandchilik singari zargarlar ham oqsoqol «qalantar» tomonidan nazorat qilingan. Zargarlik kasbi o‘g‘ilga me’ros bo‘lgan, ota kasbidan yuz o‘girish o‘g‘il uchun ko‘rnamaklik, shakkoklik sanalgan. Zargarlarga ko‘pincha ularning xotinlari va qizlari ko‘maklashgan. Ba’zi ustalar turli xil ziynat buyumlari yasaganlar, ba’zilari fakat bir xildagi ziynat buyumlarini yasashga o‘rganganlar.
XIX – XX asr zargarlik zeb – ziynatlar shakli va bezaklari uchun bir – biriga sira o‘xshamagan uslublar: islimiy, girix, samoviy va mahlukot asos qilib olingan. Davrlar o‘zgarishi mobaynida kishilarning tasavvuridagi naqqoshlik turlari ham o‘zgarib bordi, ko‘hna san’at izlarini saqlab qolgan xolda, yangi zamon san’ati shakllandi. Zargar ustalar zargarlikning eng yaxshi qadimiy an’analari va boy tajribalaridan samarali foydalanib, keyingi davr avlod didiga mos, nafis zargarlik buyumlarini ko‘plab ishlab chiqarishdi.
Mazkur zargarlik buyumlari qorachadan kelgan, qora ko‘z, qora qosh, qora soch, ochik va extirosli, rang barang liboslarga bo‘rkalgan ayollarga mo‘ljallangan. Bosh, peshona, chakka, engsa, soch, quloq, bo‘yin, ko‘krak, qo‘ltiq, bel, qo‘l, oyoq va burunga mo‘ljallangan zeb ziynat buyumlari birgalikda ularning hammasi badiiy ramziylik ma’nosini ochib beruvchi yaxlit ansamblni tashkil etadi. Bularning hammasi kelin kuyovlar libosini to‘ldirib, xonadonda to‘y, bayram va boshqa marosimlarda taqiladi.