O‘zbekiston zargarlik san’ati — Samarqand zargarligi
. Samarqand bezaklarining asosiy vazifasi estetik zavq berish bilan birga, turmush o’rtog’ining e’tiborini jalb qilish va muhabbatini qozonish bo’lgan. Shunigdek, ularda bezaklar…
. Samarqand bezaklarining asosiy vazifasi estetik zavq berish bilan birga, turmush o’rtog’ining e’tiborini jalb qilish va muhabbatini qozonish bo’lgan. Shunigdek, ularda bezaklar yordamida yosh ayolni ko‘z tegish va balo-qazolardan asrash mumkin degan fikr bo’lgan. Shu sababli, to‘y marosimida ayolni ko’plab zeb-ziynatlardan bilan yasantirishgan.

Ayollar uchun har bir tana qismiga mo’ljallangan bezak bo’lgani kabi boshga taqiladigan bezaklar ham mavjud bo’lgan. Bezaklar ichida qoshitillo va bargak bilan qalampir shaklli gajak taqilishi lozim bo‘lgan. Gajak bezagi ham qoshitillo kabi mayda feruza toshlari bilan bezatilgan. Gajaklar maxsus do‘g‘achalar yordamida quloqqa, ilgak yordamida esa bosh kiyimga taqilgan. Zulfakli naycha bezagini, asosan kelinlar taqishgan. Naycha quloqning orqa tomonidan taqilgan. Naychalarni o‘zaro birlashtirgan iplar, o’z navbatida boshning yuqori tepa qismida bir-biriga mustahkamlangan.
Sirg‘alar halqasimon bo‘lgan. Ular sadaf, marjon va mayda munchoqli toq shokilalar bilan bezatilgan. Shokilalar uchtadan ettigacha etgan. Kumush bezaklarga sochpopuk va bargaklar ham o‘rnatilgan. Bunday bezaklar boshga oid zeb-ziynatlar sirasiga kirgan. Bir necha marjon shodalaridan iborat qamchin ko‘krakka taqiladigan bezak bo‘lgan. Qamchinga turli shakldagi kumush munchoq va marjonlardan bezak berilgan. Samarqandlik ayollar buxorolik ayollarga nisbatan bir vaqtning o‘zida shoda-shoda marjon-u, bir necha taqinchoqlarni taqishni ma’qul ko‘rgan. Ammo buxorolik ayollarning zeb-ziynati mo‘l bo’lsada, ular bir vaqtning o‘zida bir necha taqinchoqni taqishni ma’qul ko’rmaganlar.

Vaqt o’tib, samarqandlik ayollar marjonlar o‘rniga Buxoroda zarb etilgan kumush tangali cho‘lpi bezagidan foydalanishgan. Ushbu bezakda zarb etilgan kumush tangalar zanjirga yirik halqa qilib ulangan.
Ayollar ko’krak qismiga taqiladigan bezaklar sirasiga zebigardon yoki zebinisa, shuningdek, haykal kabi bezaklardan foydalanilgan.

Bu bezaklar boshqa munchoqlar ostidan taqilgani sababli markaziy medalyon qorin qismigacha tushib turgan. Zebigardon uzun nafis zanjirlar bilan o‘zaro bog‘langan, odatda 3 ta medalyonga mustahkamlangan markaziy yirik medalyondan tashkil topgan. Kichik medalyonlar markaziy medalyonning ikki yon tomonida bir-biriga nisbatan teng masofada joylashgan.
Zebigardon serdolik, feruza va marjon kabi nodir toshlar bilan bezatilgan. Shuningdek, ayollar feruza toshi va qora kumush bilan bezatilgan to‘g‘ri burchakli g‘ilofcha shaklidagi tumorlarni ham taqishgan. Tumorlar ham bir necha ko’rinishda bo’lib, ulardan biri – bozbanddir. Bozband ancha yirik bo‘lib, uzun zanjirga ulangan va qo‘ltiq ostiga taqilgan.
XIX asr boshlariga kelib bezaklar majmuyiga zulfitillo kabi bezak kirib kelgan. Ushbu bezak ayollar sallasining ustidan taqiladigan taqinchoq hisoblangan. Zulfitilloga – shoyi popukli kumush va zarhal gumbazchalar, munchoq va rombsimon kumush shakllar bilan bezak berilgan. Ushbu bezak ikki bog‘ichdan iborat bo’lgan. Kumushdan yasalgan rombsimon shakllarga marvarid donalari terib chiqilgan.
\
Ayollar qo’llari va barmoqlari uchun tayyorlanadigan bezaklar juda nafis bo’lgan. Odatda, bir necha barmoqlarga bir vaqtning o’zida turli uzuklar taqilgan. Uzuk va bilaguzuklar juft tarzda taqilishi urf bo’lgan. Bunday taqilishining o’ziga xos ma’nosi mavjud bo’lgan.

Ushbu bezaklar, asosan mis va kumushdan tayyorlangan. Bilaguzuklar ikki uchi o‘zaro tutashtirilgan yoki ilgakli bo‘lgan.
Umuman olganda, Samarqand bezaklari bejirim shakli va nafis toshchalari bilan boshqa hududlarga nisbatan alohida ajralib turgan.