O‘zbekiston zargarlik san’ati — Buxoro zargarligi

Qadimdan Buxoroda zargarlik bezaklarini ishlab chiqa­rish hunarmandchilikning alohida tarmog‘ini tashkil etib, jamiyat­ning zeb-ziynat va boylikka inti­lishini aks ettirgan.…

Qadimdan Buxoroda zargarlik bezaklarini ishlab chiqa­rish hunarmandchilikning alohida tarmog‘ini tashkil etib, jamiyat­ning zeb-ziynat va boylikka inti­lishini aks ettirgan. Buxoro zargarlik buyumlari tilla, kumush, marjon, feruza, sadaf singari noyob va qimmatbaho toshlardan ishlangan. Bunday bezaklardan barcha yoshdagi ayollar foydalanishgan.

Arxeologik qazilmalar asosida topilgan noyob bezaklar bronza davriga xosligi qadimda ushbu yo’nalishni rivojlanib kelganligidan dalolatdir.

Hattoki, XVI asrga kelib Buxoro shaxrining markaziy bozorida zargarlar uchun Toqi zargaron (zargarlar gumbazi) deb nomlangan maxsus joy ajratilgan.

XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlariga kelib Buxoroda zargarlik san’ati yanada rivojlandi. Bu­xoro zargarlik san’atida qadimiy milliy an’analar va tashqi san’atning o’zaro sintezi asosida yaratilgan o‘ziga xos usulni kuzatish mumkin.

Buxoro saroyi usta­xonalarida mohir ustalar, aso­san, oltindan turli zargarlik buyumlarini yasashgan. Aytilishicha, qadimda oltin quyosh hamda erkak kishining jasur, mardligini, sexri esa kuchi hisoblansa, kumush esa ayollik timsoli bo’lgan. Ammo islom dini kirib kelganidan so’ng bu qarashlar tubdan o’zgardi. Islom dinida erkaklar tilladan yasalgan buyumlarni taqishlari man etilib, faqat kumush bezaklaridan foydalanish buyurilgan. Ayollar uchun esa kumush va tilladan tayyorlangan bezaklar birdek joziba berishi ta’kidlangan. Ayollar bezaklarni asosan, 3-4 yoshdan boshlab, to qarigunga qadar taqishgan. Buxoro ayollarining taqinchoqlari turli xil bo’lib o’z qiymati bilan ajralib turgan. Ayollar bir taqishda 8 kilogrammgacha vazndagi bezaklardan ham foydalanishgan. Bunday bezaklarning taqilishi sulolaning davomiyligini ko’rsatib bergan. Bezaklarning kam taqilishi oilada farzandning ko’payishi bilan izohlangan. Bezaklar, nafaqat ayolning darajasini, maqomini bildirgan, balki farovonlik ramzi sifatida ham taqishi majbur bo’lgan. Bunday bezaklardan ko’proq marosim va bayramlarda keng qo’llanilgan.

Buxorolik ayollar bezaklari sirasiga tillaqosh, chakkaga taqiladigan mohi tillo (bibishak) va gajak, zebigardon va nozigardon, barg, kundalsoz, halqa kabi sirg‘alar, uzuklar, islimiy (shabak) usulida panjarasimon naqsh solingan bilaguzuklar va boshqa bezaklar kiradi.

Ma’lumki, ushbu bezaklarning ayrimlari, xususan, tillaqosh va zebigardon Toshkent, Samarqand va boshqa yirik shaharlarda tayyorlangan. Bezaklar ichida bosh kiyimlar uchun mo’ljallanganlari ham bo’lgan.

Jumladan, chakka va peshonaga taqiladigan yarim oy shaklidagi mohi tillo ayollar sallasiga taqilgan. Xar bir bezakning ham ramziy ma’nosi mavjud bo’lgan. Masalan, mohi tilloda hosildorlik marosimlariga oid belgilar aks ettirilganligi kuzatish mumkin.

Buxoro. XIX asr oxiri XX asr boshi.

Ko’krak qismiga taqiladigan bezaklardan biri zebigardon bo’lgan. Ushbu bezak markaziy yirik medalyon-kulondan va unga qo‘shimcha to‘g‘ri burchakli medalyonlardan iborat bezakdir. Medal­yonlar bir necha qatorli nafis zanjirlar bilan o‘zaro bog‘langan. Bunday bezak emal, yarim qimmatbaho toshlar yoki rangli shisha, filigran, shokilalar bilan bezatilgan.

XIX asr oxiri XX asr boshi. Shaxsiy kolleksiya. Toshkent.

Zebigardon kabi marjon ham buxorolik ayollarining noyob bezaklaridan biri hisoblangan. Yirik va mayda marjonlar bir necha ipga tizilib, zanjirsimon shaklda birlashtiriladi. Buxoro marjonlari sirg‘alar kabi yarim shaffof toshlari, donachalari, g‘uncha yoki donacha shaklga ega poncha shokilasi, panjarasimon katmola va bozbandcha munchoqlari bilan ajralib turgan.

XX asr boshi. Samarqand Davlat birlashgan tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasi.

Ko’krak qismiga tumor taqish ham urf bo’lgan. Tumorning mo‘jizaviy xususiyati bor deb hisoblangan. Tumorning bir necha turi mavjud bo‘lib, ularning har biri tananing muayyan qismini himoya qilishga mo‘jallangan edi. To‘g‘ri burchak va uchburchak shaklli tumorlar ko‘krakni, bozband va qoltiqtumor tananing qo‘ltiq qismini himoya qilgan. Xurofiy afsonalarga ko‘ra, qo‘ltiq qismiga ham yovuz kuchlar zarar yetkazishi mumkin bo’lgan.

Ayollar uchun bosh, bo’yin va ko’krak qismiga taqiladigan bezaklarning barchasi to‘y libosi to‘plamiga kiritilgan. Buxoroda chakkaga taqiladigan bodom shakl­li gajak taqinchog‘i keng tarqalgan.

Kovak naycha yoki zulfitillo zulf bilan gajakka taqilgan. Bodomning ham ramziy ma’nosi mavjud bo’lib, u unumdorlik timsoli sanalgan, uzuk va bilaguzuk esa qo‘lni pok saqla­gan. Uzuklar, nafaqat o‘rta barmoqqa, balki qolgan barmoqlarga ham taqilgan. XIX asr oxirlarida Buxoroda yirik toshli uzuklar urfga kirgan. Jumladan, moviy smalta va toshdan naqshlangan, ustki qismida egasining ismi yoki Qur’oni karim yozuvlari o‘yib bitilgan uzuklardir. XX asr boshlariga kelib quyma uzuklar taqish rusum bo’ldi. Bunday uzuklar kavkazlik usta zargarlar tomonidan ishlangan bo’lib, unda toshni chuqur joylashtirib uning besh tomonidan tirnoqlar mahkamlangan.

Ayollar bezagi sifatida bilaguzuklar ham bo’lib, ular juft taqilgan. Bilaguzuklar turli xil uslubda, ya’ni tutashtirilgan, ilgakli yoki ochiq, ingichka ko’rinishda ishlangan.

Bunday bilaguzuklar dastpona, shabaka o‘yma naqshlari bilan bezatilgan. Dastpona-panjara bilaguzuklari eng mashhur hisoblangan. Bu­xoroda uch, besh va yetti shokilali, aylana shaklli sirg‘alarni taqish juda keng rusumga aylangan. Shuningdek, kashak­li va yarim qimmatbaho toshlar terilgan yoki tomchisimon oddiy boldoqlar ham juda mashhur bo’lgan. XX asrga kelib O‘rta Osiyoning aksariyat xalqlarida urfga kirgan an’analardan biri burunga taqiladigan sirg‘alar Buxoroda tamomila foydalanishdan chiqdi.

Zargarlik bezaklari o’z navbatida libos, bosh kiyim va poyabzal bilan birgalikda Bu­xoro ayollarining betakror qiyofa­sini yaratish uchun qo’shimcha bo’lgan.