Xorazm — Erkaklar kostyumi
Xorazm an’anaviy liboslari boshqa hudud liboslariga qaraganda o’ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Xorazm qadimdan O’zbekiston hududlarining shimoliy-g’arbiy qismida…
Xorazm an’anaviy liboslari boshqa hudud liboslariga qaraganda o’ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Xorazm qadimdan O’zbekiston hududlarining shimoliy-g’arbiy qismida joylashgan bo’lib, o’zining boy madaniyati, ertak kabi go’zal shaharlari, betakror hunarmandchiligi bilan dong taratgan. Qo’shni xalqlar bilan bo’lgan umumiy chegara madaniyat hamda amaliy san’at sohasida o’zaro uyg’unlashuvni ko’rish mumkin.

Qadimdan Xorazm yirik xalqaro savdo markazi hisoblangan. Xorazm orqali turli xorij davlatlariga, jumladan Yaqin Sharq, Sharqiy Turkiston va Xitoyga karvonlar o’tgan. Xorazmlik savdogarlar Markaziy Osiyo hamda Sharqiy Yevropa o‘rtasidagi savdoning bir qismini o‘z qo‘liga olgan edi. Bu yerdan xorij davlatlariga jo’natiladigan buyumlar ichida, nafaqat qimmatbaho matolar, amaliy san’at buyumlari, balki tayyor liboslar ham bo’lgan.
Ma’lumotlarga ko’ra, bu hudud serhosil bo’lib, u meva va sabzavotlarga boy o’lka hisoblanadi. Shuningdek, paxta va jundan ko’plab kiyim namunalari ishlab chiqarilgan. Paxta bilan birgalikda, shoyi va terini ham qayta ishlab, qo’shni davlatlarga olib chiqilgan.
Bu hududda o’tmishda yuksak taraqqiy etgan Xorazm davlati mavjud bo’lgan. Orol dengizining janubiy tarafidagi kengliklar qa’rida, qadimiy Xorazm davlatining yuksak madaniyatidan dalolat beruvchi ko’plab san’at yodgorliklari ko’milib yotibdi. Arxeolog olimlar bu yerdan juda noyob qadimiy san’at durdonalarini topishib, qadimgi Xorazm davlatining o’tmish qa’rida unutilib ketgan shonli tarixi sahifalarini ochib ko’rsatdilar. Ular qo’lga kiritgan manbalar ming yillar avval yashab o’tgan ajdodlarimizning boy ma’naviyati bilan yaqindan tanishtiradi. Olis zamonlarda nozik did bilan yaratilgan loy haykalchalar, kichik terrakotalar, eramizning II asridagi Xorazm shohlari saroyi devorlariga ishlangan suratlar bu o’lkada qadimda san’at benihoya ravnaq topganidan dalolat beradi. Tuproqqal’a qadimgi Xorazm davlatining noyob me’moriy obidasi sanaladi. Bu joydan topilgan sopol buyumlarda turli jonzotlar va odamlar qiyofasi nozik mahorat bilan tasvirlangan.
Eramizdan avvalgi III asrda Tuproqqal’ada Xorazm shohlarining saroylari bo’lgan. Bu yerda ko’plab ganch taxtachalar ustiga turli tabiiy bo’yoqlar bilan ishlangan devoriy rasmlar topilgan. Ushbu devoriy suratlarni chizishda qora bo’yoqlardan foydalanilgan. Lekin qizil va jigarrang ko’proq ishlatilgan.
Shuningdek, yashil, ko’k, mallarang tusli bo’yoqlar ham qo’llanilgan. Tuproqqal’a saroyi devorlari ham naqshlar, ham sujetli suratlar bilan bezatilgan. Suratlarda odamlar, qushlar, turli jonzotlar, jumladan afsonaviy mavjudotlar qiyofasi gavdalantirilgan. Suratlardan parchalargina saqlanib qolgani uchun devoriy tasvir sujeti mazmunini bilib bo’lmaydi. Suratning saqlanib qolgan bo’laklarini shartli tarzda “Mulozimlarni boshlab borayotgan kohin”, “Arfa chalayotgan qiz”, “Qizil libosli ayol” deb nomlash mumkin.
Haykaltaroshlik asarlari Tuproqqal’adan topilgan qadimiy yodgorliklarning aksariyat qismini tashkil etadi. Ular turli-tuman shaklda, har xil hajmda. Haykallarning bir qismi sariq toza tuproqli loydan ichiga yog’och qobirg’a qo’yib yasalgan va usti ganchlanib, naqshlar chizilgan. Quyma ganch haykallar, naqshlar bilan odatda, Xorazm shohlari saroyining tashqi devorlari bezatilgan.
Ular turlicha shaklda, har xil hajmda bo’lgan, haykallarning pastki qismigina asl holida saqlanib qolgan. Haykallarning tana qismi, boshi, kiyimlar, taqinchoqlar aks ettirilgan bo’laklari saroy hovlisida uyilib yotgan kesak-tuproqlar orasidan topilgan.
Shohlar, malikalar, mulozimlar, qo’shiqchilar, musiqachilar haykallari devorlar bo’ylab aylanasiga joylashtirilgan. Kompozisiyaning umumiy asosi shu tarzda belgilangan. Shuning uchun haykaltaroshlar ko’pincha tasvirlanayotgan qiyofani umulashtirishga, ulug’vor ko’rsatishga harakat qilishgan. Qadimgi Xorazm afsonaviy shohlari atrofidagi amaldorlar, xizmatkorlar qiyofasi ham salobatli, ulug’vor ko’rinishda tasvirlangan.
Raqs tushayotgan o’yinchilar, uchayotgan zafar ilohlari, toj kiyayotgan ilohning qiyofasi esa harakatlanayotgan holatda ko’rsatilgan.
Terrakota haykallar qadimgi Xorazmda eramizdan avvalgi IV asrda paydo bo’gan. Bu paytda Xorazm ahmoniylar saltanati tarkibidan ajralib chiqqan va mustaqil davlatga aylangan. Balki o’sha davrda g’oyaviy jihatdan qandaydir o’zgarish ro’y bergan bo’lsa kerakki, qadimiy xorazmiylar sig’ingan ilohlarning bir xildagi kichik antropomorf va zoomorf tasvirlari keng tarqalgan. Antropomorf tasvirlar orasida xotin-qizlar haykallari ko’proq. Ularning aksariyati loydan kalibe shaklida bir xil qilib ishlangan. Eramizdan avvalgi III asrdan boshlab esa ganchdan haykalchalar yasash an’anaga aylangan.
Eramizning IV asri ohiriga kelib, ilohdar qiyofasini bir xil qolip asosida tasvirlash butunlay barham topgan. Bu paytga kelib, ilohlarni bo’yniga sharf o’ragan holda gavdalantirish keng yoyila boshlagan.
Xiva shahri esa XX asrga kelib rivojlandi. Aynan shu davrda bu hududda ko’plab me’morchilik obidalari qurildi. Bu davrda Xorazm davlatini qo’ng’rot urug’i boshqargan bo’lib, ushbu jarayon XX asr boshlarigacha davom etdi.
XX asr boshlariga qadar Xiva shahri to’qimachilik va shoyini to’qish bo’yicha asosiy markaz hisoblangan.
Xorazmda ko’plab matolar ishlab chiqarilib, ular ichida eng asosiylari naqshsiz shoyi va ip gazlamadir. Shuningdek, bu hududda, nafaqat matolarni to’qish, balki bo’yash ishlari ham olib borilgan, jumladan silliq bo’yash usuli keng qo’llanilgan. Ayollar libosida yorqin ranglarni qo’llashni ma’qul ko’rishgan, jumladan qizil rang ayollarning eng sevimli rangi hisoblangan.
Qora, ko’k va yashil ranglar, asosan erkaklar libosida qo’llanilgan. Jumladan, timqora rangdagi ingichka yo‘l-yo‘lli mato erkaklar libosida ko’p uchragan.
XX asr boshlariga kelib, Xivada bir qator matolar sirasi, jumladan shoyi, abrband tasvirli podshoyi, qizil va jigarrangli olacha kabi matolar ishlab chiqarilgan. Shoyi matosi, asosan yo’l-yo’l, sidirg’a, qizil, sariq va oq ranglarda bo’lgan. Olacha matosidan ham keng foydalanilgan, jumladan, erkaklar choponini tikishda ushbu mato asosiy matolardan biri hisoblangan. Matolarni ishlab chiqarishda, nafaqat ayollar, balki erkaklar ham jonbozlik ko’rsatishgan. Masalan, ip-gazlama matolarni ayollar ishlab chiqarishsa, shoyi to‘qish bilan esa faqat erkaklar shug‘ullangan. Xorazmda, ayniqsa shoyi to’qish texnikasi yaxshi yo’lga qo’yilgan bo’lib, ular bilan maxsus hunarmandlar shug’ullangan. Bunday hunarmandlar jammoba deb nomlangan.
Xorazm liboslari o‘z tarixi mobaynida o‘ziga xos xususiyatlarni saqlab qolgan. Biroq, XIX asr oxiri – XX asr boshlariga kelib an’anaviy liboslar turi asosiy shakllariga ega bo‘ldi.
Xorazm liboslari o’zga hudud kiyimlari bilan umumiy asosni saqlaganligini uning bichimlarida ko’rish mumkin. Ammo uning o’ziga xos hududiy elementlari ham mavjud bo’lib, boshqa hududlarga nisbatan ajralib turadi. Liboslardagi bu farqlarning paydo bo’lishi, o’z navbatida tabiiy-geografik sharoitlar, tarixiy va etnomadaniy jarayonlar ta’sir etganligidadir.

XIX asr oxiri va XX asr boshlariga kelib, Xorazm milliy kiyimlarida, elementlarida turmush hayotining o‘ziga xosligi, yashash sharoitlari, aholining shimoliy va janubiy guruhlari – dehqonlar va ko‘chmanchilar madaniyati aks etganini kuzatish mumkin.
Ushbu davrda boshqa hududlar singari, Xorazmda, asosan, shoyi, nimshoyi va ip-gazlama matolaridan tikilgan kiyimlar kiyish urf bo’lgan. Bunday matolar sirasini dehqon va hunarmandlar tayyorlagan.
Xorazmning chorvachilik bilan shug‘ullanadigan yarim o‘troq va yarim ko‘chmanchi aholisi esa, odatda jun va teridan tayyorlagan kiyimlarni kiyishgan.
Ma’lumotlarga ko’ra, ushbu hudud aholisi konussimon mo‘ynali telpak hamda poyabzal sifatida bulg‘ori charm etikdan foydalanishgan. Yoz mavsumlarida ham uzun ko’ylaklar kiyishgan. Hattoki, Xiva xonining liboslari badavlat savdogar hamda boy amaldorlar liboslaridan farq qilmagan. Xiva xoni odatda, qo‘y terisidan tayyorlangan og‘ir telpak, bir necha cho‘zimli kanop paytava bilan etik, paxtali movut yoki shoyidan tikilgan chopon kiygan. Xorazmda liboslarini tikishda ranglar uyg’unligiga qat’iy amal qilish talab etilgan. Ularni tikishda esa an’anaviy bichimga asoslangan. Bunday talablarni, ayniqsa, erkaklar liboslarida ko‘rish mumkin.

Xorazm erkaklar libosida oldi ochiq ko‘ylak va po‘stinni uchratish mumkin. Erkaklar ko’ylak ustidan bog‘lash uchun matodan tayyorlangan turma, madali-belbog‘ hamda belga bog‘lanadigan – uromaldan foydalanishgan. Bosh kiyim sifatida esa, qo‘y junidan tayyorlangan cho‘girma, telpak, do‘ppi – taxiya kiyilgan. Badavlat kishilar boshgasalla, oyog‘iga charm etik yoki oq etik, mahsi hamda kalish kiyib yurgan.
Erkaklar ichki libosi oq yoki yo‘l-yo‘l oq matodan qo’lda tikilgan
ko‘ylak bo’lgan. Ular go‘ylak, yalangat deb nomlangan. Ushbu ko’ylak uzunligi tizzadan pastroq bo’lib, keng
bichimda tunikasimon qilib bichilgan. Ko’ylak yon tomonlari pastga qarab
biroz kengroq bichilgan. Mato tor bo‘lsa, yonbosh uchun o‘rtasi tikilgan ikki
matodan foydalanilgan, yengi esa
ko‘ndalang kesimdagi matodan tikilgan. Yengning bilak tomoni biroz tor bo‘lgan.
Ko‘ylakning o‘ng tomoniga ichki cho‘ntak tikilgan. Ko’ylakning
ba’zi bir turlarining qo’ltiq qismiga parcha, ya’ni kishtak tikilgan.
To‘yda kiyiladigan ko‘ylakning kishtagi
esa qizil matodan tikilgan. Ko’ylak yoqasi gorizontal shaklda bo’lgan.
Ko’ylakka bezak berish maqsadida, cho’ntak qismiga ipak ipdan tayyorlangan
jiyak tikilgan.
Qish mavsumida jubba (shimol) va kurta (janub) nomli qavilgan ko‘ylaklar kiyilgan. Ko‘ylaklar ichiga yupqa qilib paxta solib chiqilgan. Qishki ko‘ylaklar issiqlikni saqlash va tanaga yopishib turish maqsadida tor qilib tikilgan. Ko’ylak yoqasi, yeng qismining yon yirmochi hamda chetlariga jiyak bilan bezak berilgan. Tadqiqotchilar ma’lumotlariga qaraganda, jubba ko’ylagining kelib chiqish tarixi O‘rta Osiyo jangchilarining qavilgan libosi bilan bog‘liq ekan.
Erkaklar shimlari – paxtadan tayyorlangan bo‘zdan tikilgan bo’lib, bir necha nom bilan atalgan, bular ishton, cholvar, cholvir, cholbir. Shimlar bichimi bo’yicha ikki alohida poychasi pastga qarab toraytirilgan va har biriga ikkitadan qiyiq, shuningdek romb shaklida og‘ qo‘yilgan. Shimning bel qismiga mahkam turishi uchun chok – charmak berilgan bo’lib, to‘qilgan oq rangli ip, ya’ni popukli ichkur ham qo‘yilgan. Bunday shimlar, ishtonlar uzun bo’lib, to‘piqqacha tushib turgan, odatda ularni etik ichiga tiqib yurilgan. Qish mavsumida yozgi ishton ustidan jundan tayyorlangan qishki shimlar kiyilgan.
Xorazmda erkaklarning ustki
kiyimlaridan yana biri – chopon hisoblangan. Ma’lumotlarga
ko’ra, Xiva sanoati mahsulotlari
orasida Urganch choponi mashhur hisoblangan. Bunday chopon ikki xil rangli
yo‘l-yo‘l matodan tayyorlangan. Chopon uchu matolar jun yoki shoyi ip,
ko‘pincha, ikki xil rangdagi ip bilan qavilgan. Xorazm choponlari turli usulda
tayyorlangan. Ayrimlari qavilsa, ayrimlari qaviqsiz ham bo’lgan. Qavilgan
choponlar turi to’n deb nomlansa, qavilmagan choponlar esa astardesh-yelvagay,
avrato‘n deb atalgan. Chakmon esa movutdan tayyorlangan.
Erkaklar ustki kiyimlari do‘n, to‘n, chopon turli tabiiy matolardan, asosan, paxta yoki yarim shoyi, qora mayda yo‘l-yo‘l rangli matolardan, shuningdek, olacha, ipak olachadan tikilgan va bezak sifatida muratosh bilan bezatilgan.

Ushbu choponlar turi bayramlarda kiyilgan. U, nafaqat Xorazmliklar uchun, balki qoraqalpoqlar, buxoroliklar, no‘g‘aylar va tatarlarga ham sotilgan. Choponlar tunikasimon bichimda tilikgan, biroq chopon old qismining ochiqligi va pastki qismining kengligi bilan boshqa hudud choponlaridan ajralib turgan.

Chopon yoqasi orqa tomoni tik holatda turgan. Yoqani bir necha qator qilib qavilgan. Choponning ham huddi ko’ylak singari ichki yon tomonida cho’ntagi bo’lgan. Xorazmliklar choponining boshqa hududlar choponlariga nisbatan o’ziga xos farqi bo’lib, ular chopon yengining chetlariga, yoqa qismiga, cho‘ntagi, etagi, past qismidagi qiyiq joylariga hamda boshqa detallariga qizil jiyak bilan bezak berib tikilgan.

Shaxsiy kolleksiya. Toshkent.
Qish mavsumiga mo’ljallangan yana bir chopon turi guppi hisoblanadi. Ushbu chopon ichiga qalin qilib paxta solib qavilgan. Bunga o’hshash choponlarni boshqa hududlarda, shuningdek turkmanlarda ham uchratish mumkin.
Chakmon yoki shol chakmon deb atalgan erkaklar ustki kiyimi odatda, tuyaning och-jigarrang junidan tayyorlangan matodan tikilgan. Ushbu chakmonni faqatgina boy va badavlat odamlar kiyib yurgan. Chakmonlar juda mustahkam qilib tikilgan hamda erkaklarni sovuq va shamoldan himoya qilgan. Chakmonni tikish uchun tuya junidan tayyorlangan 25 metr mato ishlatilgan. Bunday matolar ensiz bo’lib, odatda atigi 23 smni tashkil etgan.
Chakmonni xorazmliklar turli tomonga qaratib o’rab yurgan, jumladan shimolda yashaydigan aholi chapdan o’ngga qaratib o’rasa, janubliklar esa aksincha o’ngdan chapga o’ragan. Odatda erkaklar bahor-yoz mavsumlarida ko’ylak ustidan chakmon kiyishsa, qish mavsumida esa po’stin yoki chopon kabi ustki kiyimdan foydalanilgan.
Xorazmliklar chakmoni oddiy andoza bilan bichilgan. Shuningdek, uning yengi tagida kiyish qulay bo‘lishi uchun ochiq joy qoldirilgan. Chakmon etak qismiga, yon tomonlariga, yengi tagidagi ochiq joylar va yoqasiga rang-barang ipdan to‘qilgan tasma bilan tikib chiqilgan.
Issiq mavsumlarda erkaklar yol-yol olacha matosidan yaktak kiyishgan. Yaktak oldi ochiq bo’lib, kalta astarsiz ustki kiyim hisoblangan. Erkaklar ustki kiyimlar sifatida astardish, avrato’n dan ham foydalanishgan.
Ushbu liboslar fabrikada ishlab chiqilgan chitdan tikilgan bo’lib, oldi qadalmaganligi sababli ustidan belbg’ bog’langan.
Ushbu chopon bichimi ham boshqa ustki kiyimlarining bichimiga o’xshash bo’lgan. Din peshvolari och rangdagi yaktaklardan foydalanishgan. Shuningdek, ular Qur’oni karimda keltirilgan hamda asraguvchi kalimalar bitilgan yaktaklarni ham kiyib yurgan.

Sovuq qirovli kunlarda esa erkaklar po’stindan foydalanishgan. Ushbu ustki kiyim qo‘y yoki qorako‘l terisidan tayyorlangan. Po’stin, asosan, Xivada tikilgan. Xiva po’stinlari choponga o‘xshab bichilgan bo’lib, ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi xalqlarga hamda azim Buxoroga ham sotilgan. Po’stinlar eni keng bo’lib, ularni tayyorlash uchun 8–9 ta qorako‘l terisi ishlatilgan.
Qorako’l terisiga anor po‘stlog’i bilan ishlov berilganligi sababli uning rangi sariq bo’lgan. Po’stin yoqasi uchun qora teridan foydalanilgan. Uning yoqasi orqa bo’lagi tik holatda, old tomoni esa ko‘krakka tushib turuvchi holatda tikilgan. Po’stinga bezak berish maqsadida, uning yon tomonlari, chet qismlariga, etk qismi hamda yeng uchlariga birdek qora qo’rako’l terisi bilan ishlov berilgan. Shuningdek, yo‘l-yo‘l mato bilan ham bezak berilgan.
Shunga o’xshash qadimgi po‘stinlarning yon yirmochlari va yoqasining orqa tomoniga naqsh berib tikilgan. Po‘stin ustidan belbog‘ bog‘lanmagan.
Xorazm belbog’ining boshqa hudud va xalqlar belbog’lari singari o’ziga xos ramziy ma’nolari mavjud bo’lgan.
Belbog’lar turfa xil bo’lib, bayram va marosimlar uchun, kundalik bog’lash uchun belgilangan. Bayram va to’y marosimlarida shoyidan tikilgan madali belbog‘dan foydalanishgan. Oddiy aholi erkaklari esa, ko‘k yoki yashil yo‘l-yo‘l matoli belbog’dan, shuningdek, jundan tayyorlangan belbog‘ – turma va uramaldan foydalanilgan. Boy badavlat erkaklar belbog’lari qimmatbaho va bashang bo’lgan. Ular, odatda teridan tayyorlangan va kumush metalldan nashqlar bilan bezatilgan kamar taqib yurgan.

Xorazm erkaklarining bosh kiyimi o’zining rangi, shakli va kiyish uslubi bilan farq qilgan. Xorazmliklarning asosiy bosh kiyimi cho‘girma hisoblangan. Ushbu bosh kiyim juni uzun qo‘y terisidan tayyorlanib, undan yil davomida foydalanilgan. IX–X asrlarda ham ushbu bosh kiyimni kiyish urf bo’lgan. Cho‘girma uch turda tikilib, ular – to‘galak, sherozi va silkma deb nomlangan. Har bir cho’girma o’zining tikilish uslubi bilan bir-biridan ajralib turgan. To‘galak cho‘girmasining yuqori qismi teri yoki zich matodan tikilgan va jun yopishtirilgan. Ushbu bosh kiyimdan avval, yuqori amaldorlar kiyishgan, vaqt o’tib, aholining barcha erkaklari uchun kiyish odat tusiga kirgan.

Sherozi cho’girmasi kalta junli qo’y terisdan tayyorlangan, silkma cho’girmasi esa aholining kambag’al vakillari orasida kiyish urf bo’lgan. Silkma, odatda dumaloq shaklda bo‘lib, uzun qo‘y terisi uni katta qilib ko‘rsatgan. Yoshlar cho’girmalarini tikishda esa, kalta junli qo’y terisidan foydalanilgan.
Yoshi ulug’ Xorazm erkaklari cho’girmalarni XX asrning ikkinchi yarmiga qadar kiyib yurishi urf bo’lgan.
Cho‘girmani tikish usuli o’zgacha bo’lib, uni tayyorlash uchun charm andazadan foydalanilgan va to‘rt qismdan iborat qilib tikilgan. So‘ngra sovuq suvga solib yaxshilab yuvilgan, quritish maqsadida yog‘och qolipdan foydalanib cho‘zilgan. Cho’girmaning ichki qismiga kigiz yoki matodan astar qo‘yilgan. Shuningdek, ushbu bosh kiyim ichidan kiyish uchun qavilgan shapkacha – taxiya dan foydalanilgan. Taxiya ikki xil ko’rinishda bo’lgan. Bular: konussimon va tepa qismi past bo‘lgan taxiyalar. Konussimon taxiya, asosan, qora va qizil yo‘l-yo‘l matolardan tikilgan. Uning ichidan astar qilingan. Qavilgan taxiyaga bo‘rtma bo‘lishi uchun paxtadan pilikchalar tikilgan. Shuningdek, gardishi ham gorizontal holatda qavilib, qizil shoyi jiyak bilan bezak berilgan. Ikkinchi ko’rinishdagi taxiya ham konussimon shaklda bo’lib, faqat uning balandligi 18–20 smni tashkil qilgan.
Xorazmlik erkaklar uyda ham bosh kiyimdan foydalanishgan. Do‘ppi sappo‘sh rangli matolardan tikilib, qavilgan. Do‘ppi chetlarini qizil jiyak bilan tikib chiqilgan. Shuningdek, erkaklar salla dan ham foydalanishgan. Din peshvolari oq rangli salla o‘raganlar, oddiy aholi erkaklari esa do‘ppiga belbog‘ ro‘mol o‘rab yurishgan. Ulamolar o‘ragan sallaning hajmi katta bo‘lgan.
Xorazmliklar poyabzal sifatida kavush, mahsi, chuvak (choriq), mo‘kki, popush, sariq etik va oq etik kabi o’ziga xos ko’rinishdagi mavsumiy oyoq kiyimlardan foydalanishgan.
Xorazm erkaklari orasida urf bo’lgan poyabzallardan biri qo‘njining balandligi 45 smni tashkil etgan, zamshga o’hshash bo’lgan iylangan qo‘y terisidan tikilgan oq etikdir. Etikning silliq ichki tomoni qizil rangga bo‘yalgan. Ushbu etikni tikishda o‘ng va chap oyoq farqlanmay bir xil tikilgan. Oq etik uchi tepaga qayrilgan bo’lib, tumshug‘i chokiga popuk tikilgan. Bunday etiklar tagcharmi bir necha qavat qalin teridan iborat bo‘lgan. Etikning yuqori qismi tashqi tomonga qaytarilib, ichki qizil tomoni esa poyabzalga o‘zgacha chiroy bergan. Etik ichidan, albatta paytava va kigizdan tayyorlangan oq paypoq – teyd kiyilgan. Yozgi mavsum poyabzali choriq poshnasiz bo’lib, teridan tayyorlangan.

Poyabzalni
oyoqda ushlab turish maqsadida, uning orqa qismiga tikilgan charmdan ip
o‘tkazilgan. Erkaklar poyabzali turiga
mahsi-kavush va dag‘al teridan tikilgan mo‘kki ham kirgan.
Erkaklar zargarlik buyumlaridan kam foydalangan. Ular, asosan, tamg‘ali uzuk – xotam va kumush plastina va jiyaklar bilan bezatilgan kamarbog‘ taqib yurgan.
XX asr boshlariga kelib, Yevropa liboslari asta- sekin ushbu hududlarga urf sifatida kirib keldi va an’anaviy kiyimlarni asta-sekin unut bo’lishiga zamin yaratdi.