Xorazm — Ayollar kostyumi
Xorazm ayollarining libosi o’zining oddiy xushbichimi, qaviq usulida tikilgani, va bejirim hamda boshqa hududlar bezagiga o’xshamas zargarlik buyumlari bilan erkaklar libosidan…
Xorazm ayollarining libosi o’zining oddiy xushbichimi, qaviq usulida tikilgani, va bejirim hamda boshqa hududlar bezagiga o’xshamas zargarlik buyumlari bilan erkaklar libosidan tubdan farq qilgan. Xorazm ayollarining liboslari qadimgi va takrorlanmas xususiyatlarini o‘zida saqlab qolganligi, ranglar birikmasi hamda bezak sifatida kashtadan foydalanmaslik holatlari bilan boshqa xalq va elatlardan ajralib turgan. Ayollar liboslari, asosan, yorqin ranglardan, jumladan pushti, och qizil, to‘q qizil, to‘q yoki och binafsha rangli matolardan tikilgan. Shuningdek, ularni o’ziga xos libos detallari bilan ham farqi mavjud.

Vohada maxalliy to‘quvchilar tomonidan to‘qib tayyorlangan bo‘z, chit kabi tabiiy paxta tolasidan to‘qilgan matolar to‘qish uslubi jixatidan umum o‘zbek tabiiy tolalaridan farq qilmasa xam, matoga chitgarlik tomonidan qoliplar yordamida bosilgan bezaklarning nomlanishi uchyaproq, qarg‘atish, madoxil xamda o‘ziga xos rang qizil, jigarrang, qirmizi, oq, binafsharang bilan ajralib turgan.
Mato to‘qimachiligida uni bo‘yash ishlari boshqa xududlarda maxsus bo‘yoqchilar shug‘ullangan bo‘lsa, voxada chitkarlar shug‘ullanib ular xatto uy sharoitida to‘qilgan tabiiy bo‘z va ipak matolarini xam buyurtma asosida bo‘yab berishgan.
Xorazm to‘qimachiligida o‘ziga xos naqsh va bezaklar: islimiy ornament usullari qo‘llanilgan bo‘lib, bularga: beshyulduz, sakkkizyulduz, girix, madoxil, uchbarg, beshbarg, qarg‘atish, anorgul, olmagul va boshqalar kiradi. Insonlar tomonidan yaratilgan qadimiy xunarlardan biri to‘qimachilikdir. Uning tarixi yangi tosh davridan boshlangan. Arxeologik qazishlar chog‘ida insonlar yashagan ayrim manzilgoxlardan qadimiy mato parchalari topilgan. Dastlab matolar qo‘lda to‘qilgan, keyinchalik to‘qimachilik dastgoxi kashf etilgach, ko‘proq mato to‘qiladigan bo‘lgan, shuningdek o‘rta asrlarga oid turli xil xujjatlarda ko‘plab ma’lumotlar saqlangan. Dastlab matolar qo‘lda to‘qilgan, keyinchalik to‘qimachilik dastgoxi kashf etilgach ko‘proq mato to‘qiladigan bo‘lgan. Xar bir xudud to‘qimachiligi o‘z xususiyatlariga ega. To‘qimachilik sertarmoq soxa xisoblanib u nimadan to‘qilishiga va nima to‘qilishiga qarib ixtisoslashgan. To‘quv materiali sifatida asosan paxta, ipak, jun ishlatilgan. Bulardan tashqari juda ko‘p o‘simliklardan, jumladan zig‘ir, kanopdan ham ip olingan. Ipakdan to‘qilgan matolar yuqori baxolangan va “Buyuk Ipak“ yo‘li orqali dunyoga tarqalgan. Xorazmda XVI-XX asr boshlarida to‘qimachilik yangi bosqichga ko‘tarilgan. Bu davr Xorazm to‘qimachiligini ikkiga bo‘lib o`rganishimiz mumkin: o‘z extiyoji uchun to‘qish va sotish uchun to‘qish. Buning sababi o‘troq axoli xam ko‘chmanchi axoli xam to‘qimachilik bilan shug‘ullangan va imkoni boricha natural shaklda o‘zlarini maxsulot bilan ta’minlaganlar. Bozor uchun, asosan bo‘z, olacha, shoyi, adras, duxobo kabi matolar chiqarilgan. Bo‘z xamma yerda ishlatilgan.

Undan, asosan, kambag‘allar xarid qilgan. Olacha, shoyi, duxoba, adras kabi matolar qimmat baxolangan va ulardan aslzodalar uchun kiyim tikilgan.
“Ichan Qal’a” muzey-qo‘riqxonasining “Amaliy san’at” bo‘limida XVII-XIX asrlarga oid juda ko‘plab nodir muzey buyumlar saqlanmoqda. Bu o‘sha davrda to‘qimachilik yuksak taraqqiy etganini ko‘rsatadi.
To‘qimachilikni san’at darajasiga ko‘tarilishi hunarmand-ustaning maxoratidan darak beradi. Xorazm ustalari tayyorlagan matolar asosan oq, och qizil, ko‘k, yashil ranglarga bo‘yalgan. Bo‘yoqlar tabiiy usulda tayyorlangan. To‘qimachilikda ham boshqa sohalardagi kabi pechaki, marg‘ula, morpech, qo‘chqorak, murchgul, islimiy naqsh turlari qo‘llanilgan.
Matolardan yaktak, shalvar, to‘n, salla, belbog‘, ayollar yelagi, dasturxon, joynamoz va boshqa buyumlar tayyorlangan. O‘rta asrlarda kiyim, uning rangi ma’lum bir tabaqaga mansublikni ham anglatgan, undan tashqari o‘z davrida Xorazmlik erkaklar paxtadan va kumushdan ishlangan, ayollari ipak va tilladan tayyorlangan buyumlarni kiyib ulardan foydalanganlar. Xazinada doimo turli xil sarpolar saqlangan va xon nazariga tushgan kishilar har xil to‘nlar bilan taqdirlangan.

Xorazm viloyatida quroq texnikasidan tikilgan buyumlarni asosan qariya ayollar, yani buvilar qiz nabiralarining kelinlik sepiga atab tikishgan. Ular quroq tikish uchun asosan oq va qora ranglardagi matolardan foydalanishgan. Buning ma’nosi hayotning o’n besh kuni qorong’u bo’lsa, o’n besh kuni yorug’dir deganidir. Quroq tikish uchun yahlit matoni kesishdan oldin irim qilib bir chetidan kertik berib qirqishgan. Boshqa viloyotlarda bo’lgani kabi, Xorazm viloyatida ham kelinlar sarpasida quroq texnikasidan tikilgan buyumlar bo’lishi shart bo’lgan. Bular, yostiq jildlari, ko’rpa avrasi va chimildiq ustiga ilish uchun choyshab, yostiq jildlarini tikishda boshga botganligi va noqulaylik tug’dirganligi uchun yaltiroq matolardan foydalanilmagan.
Vohada kiyim qirqish uchun ishlatiladigan qaychi durkat(dukart) deb nomlsangan. Xorazm vohasida ham kiyimlarni bichish-tikish bilan bog’liq an’ana va udumlar o’ziga hos tarzda kechgan bo’lib, u quyidagicha talqin etiladi: liboslarni bichib-tikuvchi chevarlar ushbu faoliyat uchun xaftaning ma’lum bir kunlarini belgilab olishgan: dushanba, payshanba, juma xosiyatli kunlar, seshanba chorshanba, shanba kunlari behosiyat kunlar hisoblangan. Vohada yashovchi aholi qarashlariga ko’ra seshanba, chorshanba kuni hayr-sadaqa kuni xisoblangani uchun shu kunlari ham kiyim bichish mumkin bo’lmagan. Yangi kiyim, asosan juma (namozjuma) kuni belgilangan, sababi o’sha kun bichilgan ko’ylak uchun “O’tda xam yonmasin, suvga xam oqmasin” deb niyat qilingan.
Liboslar to‘plami boshqa hudular singari bir necha kiyimlar komplektidan iborat bo’lgan. Bularga: ichki kiyim – go‘ylak va ishton, uning ustidan kiyiladigan yelak (yalak) yoki misak (janubda), yupqa qavilgan yoki bo‘rtma uslubda qavilgan paxtali chopon (shimolda), boshga yopib yuriladigan paranji (janubda), jegda (shimolda), qizlar va yosh ayollar uchun taxiya, lachak (shimolda) va bosh o‘rov (janubda), shuningdek, oyoq kiyimlar – mahsi va kavush kiradi.
XX asr boshlarida kiyim tikib tayyorlash bilan “mashinachilar” deb ataluvchi tikuvchi ayollar shug‘ullangan bo‘lib, ular kiyimlarni buyurtma asosida tikishgan. Keyinchalik tikuv mashinalari xar bir xonadonga kirib boshlaganligi tufayli ayollar o‘z farzandlari uchun o‘zlari kiyim tika boshlashgan. An’anaviy kiyimlar va zargarlik buyumlari Respublika va jaxonning ko‘plab amaliy san’at va etnografiya muzeylarida saqlanib qolgan bo‘lib, aynan biz tadqiq qilgan Xorazm kiyimlariga oid qimmatli matolar birmuncha to‘liq, yaxlit tarzda Xiva “Ichan Qal’a” muzey qo‘riqxonasi fondida saqlanib qolgan.
Ko‘ylak va ishton ayollarichkiyimihisoblangan.Xorazm ayollari juda oddiy va
odmi kiyingan. Ular kundalik uchun bir ko’ylakdan foydalanishgan. Bu ko‘ylaklar
ikki xil bo‘lib, birinchisi matoning ko‘ndalang parchalaridan pastga qiya qilib
tikilgan hamda panjalarni yopib turuvchi uzun va keng yengli ko’ylak. Ikkinchi ko’ylak
bichimi ham oddiy bo’lib, yenglari bilakkacha tushib turgan va kalta bo‘lgan.

Davlat muzey-qo‘riqxonasi.
Bu ko’ylaklar yoqa o‘ymasi uchburchak yoki kavaksimon shaklda juda chuqur o’yilgan bo’lib, ayrim hollarda belgacha ham tushib turgan. Ko’ylakka bezak berish maqsadida, yoqa qismi hamda yirmochi qora jiyak bilan hoshiyalangan. Yoqalar bog’ichli bo’lib, aynan ko’ylak matosidan tayyorlangan. Xorazm ayollari ko‘ylagi yana bir xususiyati bilan boshqa hudud ko’ylaklaridan ajralib turgan, uning yelka qismida mayda burmalar hosil qilib tikilgan.

XIX asr so’nggi yillarida O‘zbekistonning barcha hududlarida tik yoqa va yirmochli it yoqa, bug‘moq o‘yma ko‘ylak kiyish urf bo’lgan. Ko’ylak tikishda turfa xil rangdagi matolar qo’llanilgan. Ammo mato rangi o’z navbatida ayol yoshini ham belgilab bergan. Odatda, yosh ayollar yorqin rangli ko’ylaklar kiyishsa, yoshi ulug’ ayollar esa oddiy bichimdagi ko’ylaklani kiyshni ma’qul ko’rishgan. Turmush qurmagan qizlar uchun qizil rangli matolar qo’llanilgan. Keksa ayollar ko’ylagi oq rangli bo‘zdan tikilgan.

O‘rta yoshdagi ayollar ko‘ylagi, odatda xilma-xil rangli matolardan tikilib, atanak go‘ylak, deb atalgan.
Xorazmda qizil rangdan ko’p foydalanishgan, sababi ushbu rang himoya ma’nosini anglatgan. Rossiya fabrikalarida ishlab chiqarilgan matolarning ushbu hududga kirib kelishi bilan ko‘ylaklar rangi va bichimi ham keskin o‘zgarishi kuzatiladi.

Davlat muzey-qo‘riqxonasi.
Bu davrda ustki kiyim sifatida kamzul va nimcha kabi yangi liboslar paydo bo‘ldi va ularni Xorazmda ham milliy liboslar sifatida qabul qilindi.
Janubiy Xorazm ayollari ust kiyim sifatida qavilgan, paxtali misak va yelak dan foydalanishgan. Ushbu kiyim turi oldi ochiq holda bichilgan hamda ikki tomonidan keng qilib yonboshlar tikilgan (338-lar).

Shaxsiy kolleksiya. Toshkent.

Bunday liboslar yeng tomoni keng qilib, bel qismi esa tor qilib tikilgan. Misak yoki yelak kabi ayollar ustki kiyimi juda mayda – orasi 0,5–1 sm qilib qavilgan. Ushbu liboslarni bezatish maqsadida, qizil yoki och pushti rangli to‘qilgan jiyakdan foydalanilgan.

Xorazm hududining shimoliy qismida yashovchi ayollar erkaklarniki kabi chopon kiyib yurganlar. Bunday choponlar o’zining hajmi kichikligi va yeng qismining kengligi bilan ajralib turgan. Chopon yenglarining kengligi, odatda 13–14 sm enlikda tikilgan. Chopon uzunligi to‘piqqacha tushib turgan.

Ayollar choponini tikish uchun, asosan mahalliy ishlab chiqarilgan matolardan – paxtadan tayyorlangan mayda yo‘l-yo‘l olacha, podshoyi hamda fabrikada tayyorlangan ipak mato va baxmaldan foydalanilgan.

Shuningdek, choponlar tikishda abrband naqshli podshoyidan ham foydalanilgan. Choponlar ustidan jimjimador rasmli qaviq qilingan. Bu esa o’z navbatida libosga o‘zgacha chiroy bergan.

Xiva “Ichan-qal’a” Davlat muzey-qo‘riqxonasi.
Xorazm vohasida an’anaviy kiyimlarni o’rganish jarayonida asosan kiyim bichish-tikish bilan bog’liq urf-odatlar mavjudligini kuzatish mumkin.
Voha ayollarining boshga
o’raladigan an’anaviy kiyimlaridan lachak kiyish Xorazm vohasida o’ziga hos
marosim sifatida o’tkaziladi. Ayolning bir yosh bosqichidan ikkinchisiga
o’tishi maxsus marosim tarzida nishonlangan bo’lib, unda marosim sababchisining
bosh kiyimi shaklan o’zgartirilgan.
Vohada bunday marosim lachak to'yi deb atalib, unda aynan ayollar tahyasining lachak bosh kiyimiga almashyirilishi bilan izohlanadi. Lachak kiymak-xorazmlik ayollarda qadimdan saqlanib kelayotgan urf-odatlardan biri hisoblanadi.
Bunga ko’ra, lachak kiyayotgan ayol o’z dugonalarini chaqirib, lachak to’yi marosimini nishonlashgan. Lachakni ayolga dugonalari kiyg’izgan, so’ng ayol turmush o’rtog’iga, keyin qiblaga qarab uch marta ta’zim qilgan. Lachak kiydirish odati vohaning turli joylarida turlicha tarzda o’tqaziladi. Yangiariq, Bog’ot tumanlarida lachakni ayollar 60 yoshga kirganlaridan so’ng kiyishgan. Xiva Xazorasp va Urganchda esa birinchi o’g’il farzand ko’rganda lachak kiyilgan, keyinchalik esa o’g’il uylantirib, qiz uzatib, ularni uyli-joyli qilgan keksa ayollar (Xorazmda bunday ayollarni soqitni sovg’an ya’ni barcha farzandlarini ado etgan, farzandlaridan tinib tinchigan deyilgan) lachak kiyish marosimi o’tkazilgan. Agar lachak o’rovchi yosh bolsa, qizil rangli matodan tanlangan. Agar ayolning yoshi 40 dan oshgan bo’lsa, oq rangli matodan lachak o’ragan. Lachakni yana bir turi bo’lib, u ohirat lachagi deyilgan va qabrga qo’yishdan oldin vafot etgan ayolga (agar u hayotligida lachak kiyishga ugurmagan bolsa) kiyg’izigan. Lachak, asosan ip gazlama karbosdan tikilgan, keyinchalik yumshoq takana (doka yoki dakana) dan o’ralgan. Lachakka 5 metr mato ketgan, chunki unda salla bosho’rov ustidan o’rab olingan.
Xivada lachak o’rash maxsus marosim, lachak to’yi sifatida o’tkazilib, oq qochqor so’yilgan. Vohada lachak damoqsa, xolaqa, manglaycha deb nomalnuvchi qismlardan tashkil topgan. Damoqsani o’rashda turli an’anaviy qo’shiqlar kuylangan va ayolga turli hil tilaklar bildirilgan. Lachak o’raganda turli hil taqinchoqlar ham taqilgan. Lachakni oldingi qismlari damaqsa (shimoliy tumanlarda tamaqsa) – ayolning bo’yni va yelkasini yopib turgan. Uning holaqa deb nomlanuvchi qismi ayol gavdasining butun orqa qismini qoplab turgan va ikki hil rangda qizil va oq rangda bo’lgan. Bu ham ramziy ma’noni anglatib, Xorazmlik ayollar ta’biri bilan aytganda, “avvalimni ham, oxirimni ham bargeysan” ya’ni yoshligimda ham, keksaligimda ham aziz va mukarram qilgin, degan tilak yashiringan.
Oilada farzand tug’ilishi doimo hursandchilik olib kelgan. Tug’ilgan farzand, uing onasi, umuman o’sha xonadon chilali hisoblanadi. Yangi tug’ilgan chaqaloq Xorazmda bavak, buvak deb atalgan. Xorazmda bolalarda bir yoshdan boshlab, ko’z tegmasligi uchun kokil qo’yilgan. O’tmishda bavaklar orasida turli kasalliklar bian kasallanish holatlari ko’p bo’lgan. Shu sababli go’dakni asrash va saqlab qolish kiyimlarga ham bo’liq, deb hisoblanilgan hamda unga yig’ilgan kiyimlar shu maqsad uchun xizmat qilgan. Kiyimlar yuqorida qayd etilgan funksiyalardan tashqari, shahsning bir yosh bosqichidan ikkinchisiga o’tishini ham anglatgan, va ahamiyat kasb etgan. O’z navbatida bu bilan bog’liq qator rasm-rusumlar bajarilgan. Jumladan, bola tug’ilishida chaqaloqqa, nikoh marosimida bo’lg’usi kelinga va motam marosimida marhumga maxsus ko’ylak kiydirilgan va bu ko’ylaklar o’ziga xos umumiyliklarga ega bo’lgan.
Janubiy Xorazm hududida yashovchi ayollar ko‘chaga chiqqanda boshiga paranji tashlagan, Shimoliy hududlarda esa jegda tashlab yurish odat bo’lgan.

Xorazmlik ayollar paranjini bosh kiyim ustidan tashlab yurganligi sababli, ular uzun bo’lib, 170–180 smni tashkil etgan. Paranjilar astarli qilib tikilgan, jumladan yozgi mavsumda astar sifatida paxta mato tikilsa, qishki mavsumda esa ular qavilgan.
Paranji yenglari
yo’lgon yeng bo’lib, orqa tomonga tashlab qo’yilgan hamda jiyak bilan qadab
qo’yilgan, uning uzunligi etakkacha etgan. Jegda esa yengil va kalta bo’lgan. Uning bichimi
yelak bichimiga o‘xshash bo’lib, astarsiz tikilgan va qavilmagan. Paranji va jegda
bir xil rangdagi matodan tikilgan hamda naqshlar bilan bezak berilmagan.
Bayram va to‘y marosimlarida ayollar bir paytning o‘zida bir necha libos kiyib, o’z oliasi farovon hayot kechirayotganini barchaga bildirgan. Bunday an’analarga, nafaqat marosimlarda, balki havo issiq kunlarda ham rioya qilingan.
Xorazm vohasida chimildiq ko’shana (ko’shagana) deb atalgan va uni bichish ham maxsus marosim tarzida o’tkazilgan va bu marosim ko’shana bichar marosimi deb atalgan. Ko’shana, asosan uch xil bichilgan.
1. Quramish (quroq) – quramishdek quralib ketsin, degan ma’noda keksa buvisi yoki momosi to’yga quramish qurab (tikib) kelgan.
2. Baxmal yoki shunga o’xshash rangli matodan tikilgan.
3. Oq surp va unga mevali daraxt (ko’pincha olma yoki o’rik ya’ni shu mevalardek serfarzand bo’lsin, ma’nosida) novdasidan kesib olib kelinib, oq surpdan bog’ich qilib bog’langan. Shu oilaning eng keksa ayoli matolarni yoyib ustiga bir nax (ip) tashlab bergan, ya’ni irim uchun boshlab bergan. Bu paytda yaxshi tilaklar aytib duo qilingan. Shundan so’ng boshqa ayollar ko’shana tikishni davom ettirganlar. Shuningdek, yor-yor, to’ylar muborak qo’shiqlarini aytgan, qudalar esa bir-birlariga shirinliklar sochishgan, marosim qatnashuvchilariga sarpolar ham berilgan.
Xorazm vohasida ham kelin sarpolarini bichish uchun avvalo bir nikohli keksa ayol qaychi urib bergan, negaki bu kelinning ham nikohi bitta bo’lsin, deya niyat qilingan. Shu ayolga o’xshab baxtli bo’lishi niyat qilingan.
To’ydan bir kun oldin kelin dugonalari bilan yig’ilishib, hina qo’yish marosimi o’tkazadilar va bu marosim xina yaqar, yotoq to’yi deb nomlanadi. Qadimda qizlar davrasida to’ydan bir oldin qizning ota uyida kichkina davrada o’tkazilgan bu marosim keyinchalik katta to’y marosimiga aylanib ketgan. Bundan tashqari, hikoh to’yida giyim bichar (to’y kuni oq, gulli matodan kelinga nikoh ko’ylagi tikish), go’ynak giydi (kelinga nikoh kuni ko’ylak kiygizgan kayvoniga beriladigan sarpo va bevosita ana shu to’y marsimini nomi), poyando’z (chopon) olish (kuyov chimildiqqa kirayotganda kuyov jo’ralardan biri uning choponini olib qolishi), poyando’z (chopon) palov (to’ydan keyin kuyov jo’ralariga ziyofat beradi. Shundan keyin choponni olgan jo’rasi uni qaytaradi) kabi kichik-kichik marosimlar ham o’tkaziladi. Kuyovning oyog’i ostiga tashlanadigan poyando’z (poyandoz)ga qo’yilgan matodan chaqaloqqa ilk (chilla go’ynak) ko’ylak ham tikilgan. Shuningdek, nikoh kuni kelinni ko’rish marosimida qarindosh-urug’, mahalla ayollari kelinni ko’rish uchun turli hil matolar olib kelib uning boshiga tashlaganlar va bu marosim vohada hozirgacha “galin go’rar marosimi” deb ataladi.
Belbog’ magik ishonch ramzi ekanligini belbog’ yechar marosimi ham to’la tasdiqlaydi. Vohada nikoh to’yida kuyovga oila boshlig’i –er bo’lganligi va beli baquvvat ekanligining ramzi sifatida kuyov jo’ralar uning beliga qattiq, chigal tugilgan belbog’ bog’laydilar. Ana shu belbog’ to’yda yangalar tomonidan yechiladi. Belbog’ni yangalar tomonidan yechilishining tarihiy ildiziga ko’ra, kelin-kuyov o’z hayotlari davomida hech qanday qiyinchiliklarni tezda yechishsin degan maqsadda yanga tomonidan yechiladi.
Xorazmda kabutarlar muqaddas qush hisoblangan va uni o’ldirish gunoh sanalgan. Qushlar ko’plab kumush va otindan yasalgan zargarlik taqinchoqlarida tasvirlangan. Qushlarning pati va suyaklari sehrli hususiyatga ega, deb ishonisgan va ayollar tahyado’ziy taqinchog’iga qadab qo’yilgan. Yana tustovuq yoki toviq patlari ham turli ranglarga bo’yalib, bezak uchun qo’llanilgan.
Xorazm ayollari turli xil bosh kiyimlaridan foydalanishgan, ular esa bir-biridan tubdan farq qilganligini kuzatish mumkin. Bu shimoliy va janubiy hududlar ayollarining etnik kelib chiqishi bilan bog‘liq bo’lgan. Bosh kiyimlar ayollar yoshiga qarab ajratilgan. Ular qizlar, ayollar va yoshi katta ayollar uchun mo‘ljallangan bo’lgan. Janubiy Xorazm qizlari, asosan, taxiya bosh kiyimidan foydalanishgan. Xorazmda uch xil ko’rinishdagi taxiya mavjud bo’lib, ular popukli, kazma va chumaklidir.

Taxiyada popuklarning qo’llanilishi ayol darajasini belgilagan. Odatda, turmushga chiqmagan qizlar bitta popukli taxiya kiygan. Juvonlar esa ikki yoki uch popukli taxiyadan foydalanishgan. Popukli taxiya atroflari, odatda, yo‘l-yo‘l jiyak bilan bezatilgan bo’lib, u keng va qattiq gardishli hamda yassi dumaloq shakldagi qavilgan do‘ppi turidir. Taxiyaga zargarlik buyumlari bilan bezak berilgan. Bayramlarda bunday do’ppilar o’zgacha bezatilgan. Jumladan, taxiyaduzi deb nomlangan do’ppigaukki pati va ko‘z tegishidan asraydigan kumush, oltin tumor taqilgan, hakik-duziga esa qimmatbaho tosh (qora kumush) va popuklar bilan bezatilgan.
Kuyov kelinga sovg‘a qiladigan do’ppi turi baxmaldan tikilib, kazma taxiya deb nomlangan. To‘y marosimida kelin bir necha do’ppilarni almashtirib kiygan, masalan, chumakli taxiya bilan almashtirib kiygan. Shuningdek, konussimon shaklga ega bo’lgan hamda qavilgan chumakli taxiya kelin to‘y libosining ajralmas qismi bo‘lgan.

Do’ppilarni bichilishi o’ziga xos bo’lgan. Do‘ppiga konussimon shakl berish uchun uning tepa qismi dumaloq ko‘rinishda bichilgan. Mazkur do‘ppining qadimgi namunalari bichimi o‘zaro bog‘langan bir qancha uzun karjlar hamda tepa qismi yon yoki old va orqadan yirmoch tomonga kengaytirilgan gardishdan iborat bo‘lgan.

Bunday do‘ppilar astar qo‘yilib chitdan tayyorlangan va shoyi ip bilan to‘liq naqshlangan.
Xorazm va Qoraqalpoq mintaqasining xususan, Xorazmda erkaklar uchun tikiladigan “tax'ya” hamda ayollar uchun “chumekli tax'ya” va “lachak” lar bugungi kunda ham respublika miqyosida badiiy-estetik belgilarga boyligi jihatidan muayyan ahamiyatga ega.
Bugungi kunda respublikamiz mintaqalari bo’ylab o’nlab ishlab chiqarish korxonalarida badiiy-estetik xususiyatlarni o’zida mujassam etgan o’zbek do’ppilari tikilishi bilan bir qatorda, individual tarzda ham ayollarimiz tomonidan o’zbek do’ppilarining an'anaviy motivlarini o’zida mujassam etgan go’zal nusxalari tikilib, xalqimizning kiyimning ushbu turiga bo’lgan ehtiyojini qondirmoqda.
Do’ppilarda naqshlarning turfa shakllarda ifodalanishi ijtimoiy-tarixiy davrlar bilan chambarchas bog’liqdir. Islom dini kirib kelishidan oldin naqshlarda ham jonli maxluqlar tasviri etakchilik qilgan bo’lsa, islom dini kirib kelgandan so’ng turfa gullar va o’simliklar tasviri keng o’rin ola boshladi. Ayrim mutaxassislarning e'tirof etishicha, bugungi do’ppilar tepa qismidagi to’rt qalampirsimon gullar vatanparvarlik ramzi sifatida har to’rt tomonga ham sergak nigoh bilan boqishni, yon tomondagi o’n olti dumaloq gullar keng oilada yashash, ya'ni serfarzandlikni aks ettiradi. Lekin, bu sohada ham olimlar orasida yakdil fikr bo’lmasdan naqshlar turlicha izohlanadi. Ayrim olimlar do’ppidagi bodom yoki qalampir shaklidagi gullarni pishiqchilik, to’kin-sochinlik, davolash xususiyatlarini o’zida mujassam etgan ramz sifatida izohlasalar, ayrim olimlar tomonidan naqshning ushbu turi asrlar qa'ridan ko’rinish berayotgan kosmogonik tasavvurlar ifodasi sifatida e'tirof etiladi. Etnograf olima M. Bikjanovaning e'tirof etishicha, ushbu naqsh odamlar tasavvuridagi dunyoning modeli, ya'ni shaklining ifodasidir. Ya'ni, dunyo dastlabki bodom yoki qalampir shaklida bo’lib, keyinchalik mukammalashib hozirgi shaklni olgan, degan tasavvurlar ham mavjuddir. «Mirzo Ulug’bekning shaxsiy muhrida ushbu jihatning aks etishi, olamning dastlabki tuzilishi haqidagi yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi». Mashhur xattot va rumuzlar bo’yicha mutaxassis Habibullo Solih quyidagicha sharhlaydi: “Aslida “qalampir” tabiatan achchiqligi va badanga tekkan joyini kuydirishi tufayli odatan qo’ldan uzatilganda ba'zi nozik ta'b kishilar tomonidan ijobiy qabul qilinmasligi bor gap. Toj timsoli – bosh kiyimi bo’lgan do’ppi uzra qalampir shaklini ko’z-ko’z qilib olib yurish mantiqqa to’g’ri kelmaydi…
Qadim-qadimdan Sharqda oq rang yorug’lik, baxt, qora esa zulmat rangi sanalgan. Shu ranglar kecha va kunduz davomiyligining ramzi sifatida hamda kurrai-zamin harakatining yo’nalishi asos qilib olingan. Shuning uchun oq va qora yog’duning o’ng tomonga aylana bo’ylab yo’nalish shakli ramz sifatida qabul qilingan. Natijada doimiy harakat timsolida “hayot” ramzi paydo bo’lgan”. Demak, olim “qalampir” yoki “bodom” shaklidagi gullarni ajdodlarimizning kosmogonik tasavvurlar ifodasi sifatida talqin etib, o’ng tomonga harakat Quyosh tizimidagi sayyoralar harakatiga hamohang ekanligi, shuningdek, ajdodlarimizda “yorug’lik-baxt-saodat bosh uzra balqisin” shiori amal qilganligi kontseptsiyasini ilgari suradi.
Olim xalqimizdagi “To’rtovlon (to’rt o’g’lon) tugal bo’lsa osmondagi baxtni endiradi…” hikmatli so’z mazmunini ifodalovchi ramz sifatida ham “O’ng tomon yo’nalishidagi yarim aylana” - yorug’lik timsoli ekanligi g’oyasini isbot etishga harakat qilib, xalqimiz bosh kiyimidagi oq yog’du yo’nalishi yorug’lik timsoli sifatida bezak shaklida qo’llanilganligini, sochilgan nuqtachalar samo yulduzlari ekanligini bildirishini ta'kidlaydi. Demak, o’tmish ajdodlarimizning o’z madaniyat va san'at namunalarida faqatgina o’simlik ramzlariga e'tibor qaratmasdan, avlodlarining doimiy va davomiy ravishda nurli kelajagini ta'minlashlari uchun mas'ulligi, buning uchun fazoviy unsurlar harakati ifodasini yo’lchi yulduz sifatida boshga ko’tarib yurish, baxtli turmush tarzini ta'minlovchi omil ekanligini qalblariga tuyib, kiyimlarida ifodalab, targ’ib etishga intilganliklari kelajak avlodlarga ibrat bo’larli jihatdir.
O’zbek do’ppilari o’zining badiiy-estetik xususiyatlarga boyligi tufayli Markaziy Osiyo mintaqasida mashhur va xaridorgir bo’lishi bilan bir qatorda G’arb va Amerika qit'asida joylashgan mamlakatlar muzeylarida nodir ekspozitsiya sifatida saqlanib kelinayotganligi – bu milliy qadriyatlarimiz namunalarining jahon madaniyati xazinasidan munosib o’rin olganligining nishonasidir.
Ayollar bosh kiyimining yana bir turi, ular ikki farzandli bo‘lgach, kiyib yuruvchi lachak hisoblangan. Lachakdan O‘rta Osiyoda yashagan ko‘plab xalqlar an’anaviy bosh kiyim sifatida foydalanilgan. Biroq, ushbu bosh kiyim atalishi va uni kiyish uslubi barcha xalqlarda turfa xil bo’lgan. Aynan, Xorazmda lachak kiyish urufi qadim zamonlardan buyon saqlanib qolgan an’analardan biri hisoblangan. Ushbu bosh kiyimni ayollarga birinchi marta 1–2 farzandli bo‘lgach kiyish ruxsat etilgan va buning uchun maxsus marosim – lachak to‘yi o‘tkazilgan. Bunday bosh kiyim badavlat ayollar uchun xos bo’lib, turfa xildagi sifatli qimmatbaho shoyidan tayyorlangan.
Aholining o’rta hol tabaqa vakillalari esa doka yoki bo‘zdan tikilgan lachak kiygan. Ushbu bosh kiyimining o’ziga xo sjihati mavjud bo’lib, ayollar tuqqach ularning boshi va ko‘kragini sovuqdan himoya qilgan. Dastlabki lachaklar ko’rinishi ko‘p qavatli inshootga o‘xshash bo‘lgan. Bunday lachakni tayyorlash uchun bir qancha qismlarni, jumladan taxiya yoki ayrim joylarda tomoqqa bog‘lash uchun to‘rtburchak yoki dumaloq shakldagi paxtali ikki bog‘ichli shapkacha hamda tag ro‘mol, domoqcha, chini turma, xolako, oshirma, puta kabi o‘raladigan ro‘mollarni bog’lash kerak bo’lgan. Bu an’ananing ayrimlari bugungi kunda ham saqlanib qolgan.
Ayollar bir vaqtning o’zida bir necha bosh kiyimni ustma-ust kiyish an’anasiga amal qilishgan. Avval, ayollar boshiga do‘ppi kiyib, so‘ngra do‘ppi ustidan ro‘mol bog‘lagan, uning orqa tomonida esa juft xolako – qizil yoki oq matodan belgacha tushib turadigan uzun sharf tashlab qo’yilgan. Xolakoda ishlatilgan qizil rangli mato yoshlikni bildirsa, oq rang keksalikni eslatib turgan. Lachakning orqa bo’lak qismiga qat-qat ustlik – qizil yo‘l-yo‘l zarbof qistirilgan. Uning ustidan esa oq ro‘mol tashlab yurish urf bo’lgan.
Lachak o‘ralish uslubi va tuzilishi bo‘yicha barcha hududlarda oziga xos bo‘lgan. Xorazmning janubiy hududlarida ayollarining lachagi o’zgacha uslubda, ya’ni salla shaklida o‘ralgan. Lachakning bir uchi ko‘krak qismiga tushib turgan, ikkinchi uchi esa yuzni yopib turishi uchun mo’ljallangan. Ayollar oq rangli bosh o‘rovni 40 yoshdan so‘ng o’ra boshlaganlar. Bunday bosh o’rovning uzunligi 5 -12 metrni tashkil qilgan. Buning o’ziga yarasha ma’no va belgisi mavjud bo’lgan. Lachakni o‘rab yurgan ayol uyidan tashqarida bo’lgan paytda to‘satdan vafot etib qolsa, ushbu mato kafanlikka ishlatilgan. Hattoki, bugungi kunda ham yoshi katta ayollar lachakni uy bosh kiyimi sifatida o‘rashadi. Xorazmda yoshi ulug’ ayollar o’zining qadimiy an’analarini bugungi kunga qadar saqlab kelishadi. Juvonlar esa turfa xil zamonaviy ro‘mollardan foydalanishgan. Ko‘z tegishdan asrash maqsadida yosh ayollar lachagiga taqinchoqlardan – gezmunjuk yoki butun-tinoq va maxsus bezak – parxana bilan bezatilgan. Yoshi ulug’ ayollar lachagiga, odatda bezak berilmagan.
Xorazmda oltin va kumush tangalarga ham muayyan e’tiqod mavjud. Ularning umumiy nomi “xon tanga” deb atalgan. Chunki bu tangalar pul o’rnida ham ishlatilgan. Ularning bir cheti teshilib, bolalarning do’ppisiga osilgan. Taqinchoqlar ham xuddi kiyimlar singari ming yillar davomida shakllangan bo’lib, ularning o’ziga hosligi milliy xususiyatlari, bir xalqnig boshqa xalqlar bilan o’zaro aloqalarida namoyon bo’lishi bilan birga o’sha xalqning madaniyat darajasini ham ko’rsatadi. An’anaviy taqinchoqlarning asosiy vazifasi va ularni yasashdan maqsad, bir tomondan, kishilarga shodlik, zavq, go’zallik bag’ishlash bo’lsa, ikkinchi tomondan himoyachi sifatida turli insu-jinslardan asrovchi, kasallikdan halos etuvchi, turli tashqi ta’sirlardan muxofaza qiluvchi, kishining jamiyatdagi mavqeyini belgilovchi belgi sifatida ham ishlatiladi yoki taqib yuriladi. Bunday taqinchoqlar peshona, bo’yin, ko’krak, quloq, qo’l va oyoq panjalariga taqiladigan taqinchoqlardan iborat bo’lb, hatto ularning nimadan yasalishi, tayyorlanishi, bezak uchun qaysi tosh va munchoqlar ishlatilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, taqinchoqlar ikkita muhim-estetik va magik funksiyani bajaradi.
Xorazm hududida ayollarining an’anaviy oyoq kiyimi bir necha xil bo’lgan. Xiva xonligi davriga kelib yumshoq mahsilar kiyishurfga kirgan.

1 – gulli kavush, 2, 3 – gulli mahsi. Xorazm (shimoliy).
XIX asr oxiri XX asr boshi. Xiva “Ichan-qal’a” Davlat muzey-qo‘riqxonasi.
Mahsilarni erkaklar kabi ayollar ham kavush bilan kiyganlar. Bunday oyoq kiyimni birinchi bo’lib, urfga kirgan kiyim turi sifatida amaldorlar, savdogarlar kiygan bo‘lsa, vaqt o’tib jamiyatning barcha qatlamlari mahsidan foydalangan. Mahsilar turli ranglarda tayyorlangan. Qora rangli mahsidan kundalik poyabzal sifatida foydalanishgan. Kelinlar qizil va gulli mahsilarni kiyish urf bo’lgan. Gulli mahsilarni rang-barang charmdan naqsh bilan bezatilgan. XX asr boshiga qadar bayram va to‘y kunlari badavlat xonimlargina gulli mahsini kiyishi mumkin edi. Oddiy sariq mahsi boshqa mahsilardan bichimi bilan, jumladan uning qo‘njining ham orqasi, ham oldi tikilishi bilan farq qilgan. Bunday mahsilar orqa tomon qo‘nji bir parcha charmdan tayyorlanib, tagcharmi teskari qilib tikilgan. Ayozli kunlarda ayollar jun paypoq, hamda turkman xalqidan nusxa olgan jo‘rop kiyganlar. Vaqt o’tib, ko‘chmanchi tatar xalqi ta’sirida an’anaviy kashtali qora baxmaldan tayyorlangan no‘g‘ay kavushlari ham urfga kirib kelgan.