Toshkent va Farg‘ona — Erkaklar kostyumi

Ushbu hududlardagi erkaklar ko‘ylagi – ko‘ylak va yaxtak deb atalib, o’z bichimi jihatidan boshqa hudud ko’ylaklariga o’xshashdir. Masalan, bu hudud ko’ylaklari Xorazm ko’ylaklari…

Ushbu hududlardagi erkaklar ko‘ylagi– ko‘ylak va yaxtak deb atalib, o’z bichimi jihatidan boshqa hudud ko’ylaklariga o’xshashdir.

Masalan, bu hudud ko’ylaklari Xorazm ko’ylaklari bilan ko’p jihatdan o’xshash bo’lgan, ammo Toshkent va Farg‘ona vodiysi ko‘ylaklarining oldi ochiqligi bilan ajralib turgan.

Bunday ko’ylaklar ensiz bo’lgan, ya’ni eni 30–32 santimetrli matolardan bichilgan. Ko’ylakning yon tomonlari va yenglari bir enli matodan teng kenglikda tikilgan. Ular trapetsiyasimon yoki to‘g‘ri burchak shaklida bo‘lgan. Uchburchak yirmochga ega bo’lgan ko‘ynak ingichka tasma bilan adiplab chiqilgan.

Aholining barcha erkaklari yaxtak kiyishni xush ko’rgan. Sababi, yaxtak qulay bo’lib, tabiiy matolardan tikilgan. Yaxtaklarning old bo’yin o’mizi uchburchak shaklda, ochiq bo‘lgan. Odatda, ular xomsurp, chit kabi tabiiy matolardan tikilgan. Boy zodagonlarning yaxtaklari esa shoyi­dan tayyorlangan.

Yaxtak yoqasiga vertikal choklar tikilgan. Shuningdek, gorizontal yoqali yaxtaklar ham mavjud bolib, ushbu kiyim turi mullacha koynak, deb atalgan. Bunday kiyim turini asosan, din peshvolari, mulla yoki mullachalar kiyishgan. Mullacha ko’ynakning bo‘yin qismidagi yirmochi katta bo‘lmagan. Uning atrofiga to‘qima jiyak bilan bezak berilgan. Odatda, bu hudud yaxtaklari ustidan qiyiq o’ralmagan, ammo Toshkentda ushbu udum mavjud bo’lgan.

XIX asr oxirlariga kelib erkaklar tizzadan tushib turuvchi, qariyalar esa boldirgacha tushib tu­radigan ko‘ylak kiyishgan. XX asrning boshlariga kelib esa ko‘ylaklar uzunligi bir muncha qisqargan, endi ular uzunligi bel va tizzagacha bo’lgan. Erkaklar ko’ylagiga bezak berish maqsadida, qizil rangdagi, kashtali shoyi jiyak ishlatilgan. Bunday jiyak eni 1,5 santimetrni tashkil etgan.

Bunday jiyaklar yoqa hamda cho‘ntak – kissaga tikilgan. Jiyaklarni tikishda uni joylashtirishga ham ahamiyat berilgan, jumladan yoqaga gorizontal, cho’ntakka esa vertikal ko’rinishda tikilgan. XX asrga kelib, ushbu bezak turini qizil hamda jigarrangli ho­shiya – mag‘iz egalladi.

Ko‘ylaklarni tikish uchun asosan, tabiiy motalar ishlatilgan. Bular: boz, qalami, rangli mayda yo‘l-yo‘lli olacha kabi matolardir. Keksa yoshdagi erkaklar ko‘ylagi uchun, asosan, oq rang tanlangan. Yoshlar ko’ylagi uchun pushti yoki qizil chiziqlari bor mato tanlansa, o’rta yoshli erkaklar ko’ylagi uchun esa kulrang va moviy yo‘l-yo‘l chiziqlar bo‘lgan matolar qo’llanilgan.

XIX asrning oxiriga kelib, erkaklar ko’ylagida bir muncha o’zgarishlar seziladi, jumladan ko’ylaklarda tik yoqa hamda tugmali planka ishlatilgan.

Erkaklar ko’ylagining yoqasi ayollarnikidan farq qilgan. Erkaklar ko’ylagining tik yoqasi markazdan ikki qismga bo‘lingan. Erkaklar ko’ylagi ham keng qilib tikilib, salqin mavsumlarda ustidan yupqa yoki paxtalik to’n kiyib yurganlar. Inqilobiy bosqindan ilgari mintaqamizda tillalar bilan bezatilgan zar choponlarni, asosan, xon va amirlar kiygan.

Ma'lumki, milliy madaniyatimiz respublikamizdagi har bir hududning o’ziga xos jihatlarini mujassam etgan submadaniyatlar hosilasidan tarkib topib, yaxlit milliy madaniyatni tashkil etadi.

An'anaviy turmush tarzida har bir subregional hududning o’ziga xos kiyim namunalari va kiyinish madaniyati bo’lib, ushbu jihatlar o’zaro umumiy madaniyat rivojiga xizmat qilib kelgan. Bu haqda olima N.Sodiqovaning fikri quyidagicha: “Farg’ona va Toshkent viloyatlarida oldi ochiq yaxtak ko’ylaklarni kiyish odat tusini olgan. Ular chit, bo’z, ipak, ip gazlama matolardan tikilib, yoshlar ham, qariyalar ham birdek yoqtirishgan”. Albatta, har bir subregional hudud o’zining etnik xususiyatlaridan, urf-odat va an'analarning o’ziga xos jihatlaridan va iqlim sharoitlaridan kelib chiqib kiyinishgan.

Erkaklar liboslari to’plamining ajralmas qismi hisoblangan ishton to’piqqacha tushib turgan. Bunday ishtonlar ip gazlamadan tikilgan bo’lib, tufli yoki etik bilan kiyilgan. Ishtonning pocha qismi etik qo‘njiga tiqilgan. Ishtonlar bichimida arxaik bichim saqlanib qolganligini kuzatish mumkin. Odatda, bunday bichimdagi ishtonlar keng bo’lib, pochaga qarab torayib borgan hamda bel qismida tasmasi bo‘lgan. Sovuq qirovli kunlarda bunday ishtonar ustidan qalin matolardan tikilgan ishtonlar kiyilgan. Erkaklar ishtoni nisbatan kengroq tikilib, yuqori qismi ishtonbog’ o’tkaziladigan qilib tikilgan. Bunday ishton va shalvarlar bo’z, alacha va shunga o’xshash paxtadan to’qilgan matolardan tikilgan [39].

Milliy kiyimlarimiz tarixiy jarayonda badiiy-estetik funktsiyani ham bajaradiki, u inson tashqi madaniyatining gavda, rang, tus, ko’z, qosh, qovoq va hokazo omillari ta'siri bilan uyg’unlashib, uning go’zalligi, madaniyatlilik darajasi hamda ma'naviy boyligini aniqlashga xizmat qiladi. Shuningdek, inson ichki va tashqi dunyolarining o’zaro aloqadorlik jihatlarini ham ochib beruvchi omildir. Iso Jabborov ta'kidlaganidek: “O’zbek xalqining milliy ramzi sifatida saqlanib kelayotgan ustki kiyim – chopon (to’n) shu kungacha katta hurmatda”. To’nning hurmatda ekanligi bizningcha quyidagi omillar bilan belgilanadi:

- Etnotarixiy taraqqiyot jarayonida ajdodlarimiz tomonidan milliy urf-odat va geografik iqlimga moslashtirib, mukammal shakl kasb etgan to’n qalin qilib tikilgach, qishda ayozli sovuqdan, yengil qilib tikilgan to’n-yaktak esa yozning jazirama chillasida issiqdan saqlaydi;

- Milliyligimizning namunasi sifatida to’nning hurmatga sazovor bo’lishi zamirida mehnatkash xalqimizning bunyodkorlik fazilati yotadi. Chunki, millat qadr-qiymatini betakror milliy qadriyatlari va go’zal an'analari belgilashi bilan bir qatorda, an'ana va qadriyatlarining o’zgalar tomonidan e'zozlanishi bevosita o’sha millatning xalqaro sahnda obro’-e'tibori bilan belgilanadi. Demak, milliy qadriyatlarimizning o’zga xalq va millatlar tomonidan e'zozlanishida millatimizning bunyodkorlik xususiyatlari etakchi mavqe kasb etadi.

Bu hudud erkaklari ustki kiyim sifatida chopondan foydalanishgan. XIX asrning ikkinchi yarmi hamda XX asrning boshlariga kelib, erkaklar choponlari turfa xilli bo’lganligini ko’rish mumkin. Choponlar har bir mavsum va marosimlar uchun alohida tikilgan.

Choponlar ko’rinishiga qarab ton, chopon, avra ton, chakmon va yaxtak deb ham nomlangan. Farg‘ona vodiysi va Toshkentning choponlari kengligi o‘rtacha bo‘lib, ularni ko‘ylak ustidan kiyilgan (173-).

Shaxsiy kolleksiya.

Chakmonlar esa choponlarga nisbatan ancha keng qilib tikilgan. Chakmonlar an’anaviy tunikasimon bichimda tikilgan. Uning yenglari keng yoki bilakka yopishib turgan. Boy kishilarning ustki kiyimi qimmatbaho matolardan tikilgan. Jumladan, to‘n va cho­ponlar kimxobdan, muhayyar ba­noras, sariq-moviy-binafsharangli beqasaba, qo‘lda to‘qilgan nimshoyi (abrband adras, banoras) va yashil, sariq va binafsharangli yo‘l-yo‘l chiziqli fabrikada to‘qilgan shoyi­dan tikilgan. Choponlar oldida bog‘ichlari bo’lgan.

Choponlar astarli qilib tikilgan. Astarli matolar sifatida xonaki shoyi, chit yoki satindan foydalanilgan.

Qish mavsumiga mo’ljallangan chopon va to‘nlar astariga paxta solib qavilgan. Barcha ustki kiyim turlari qizil tusda oq, kulrang va moviy kashtali ingichka jiyak bilan hoshiyalangan (175-).

Namangan choponlari esa Toshkent va Farg’ona vodiysi choponlaridan biroz farq qilgan. Namangan choponlari yirik chorsi katak shaklida qavilgan.

Chopon astari yuqori qismdan qavilmasdan, etak, yeng va yonlariga mustahkamlangan. Chopon astarini yuqori qismdan qavib borish usuli XIX asr o‘rtalaridan paydo bo’lgan. Bunday choponlar turi XX asrning bi­rinchi yarmiga qadar kiyish rusum bo’lgan. Od­diy xalq aholisining ko‘chaga kiyadigan choponi odatda, mayda yo‘l-yo‘l chiziqli olachadan tikilgan. Uning yoqa qismiga yorqin rangli kashta bilan bezak berilgan.

Etnotarixiy taraqqiyot jarayonida kiyimlar hunarmand tikuvchilar tomonidan tikilib, mato singari bozorda sotila boshlandi hamda xaridorning moddiy imkoniyatlari hisobga olingan holda turfa qiymatdagi kiyimlar paydo bo’ldi. Tabiiyki, bunda ham moddiy jihatdan imkoniyati kengroq kishilar jamiyatning oddiy a'zolaridan ajralib turish uchun qimmatbaho kiyimlar sotib olishgan. Tabiiyki, qimmatbaho kiyimlarni tikish uchun tanlanadigan mato ham va bu matoga beriladigan bezaklar va tikish uslublari ham oddiylaridan ancha farq qilgan. Ushbu jihatlar kiyinishda ham jamiyat a'zolari orasidagi farqiyatni oydinlashtirib, tashqi ko’rinishdan shaxsning qaysi tabaqaga mansublik hislatlari aniqlangan. Ya'ni, o’ziga to’q va boy oilalar parcha, baxmal va movutlardan ustki kiyim tanlab, kiyganlar. Mintaqamizning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi natijasida mahalliy kosiblikning o’rnini kichik-kichik fabrikalar egallay boshladiki, ushbu jihatlar ham milliy matolarimizning xilma-xillik xususiyatlarini oshirib bordi. Albatta, bunday fabrikalarning mintaqamizda qurilishidan chor Rossiyasi boylari va savdogarlari manfaatdor bo’lib, ular uchun paxtani xom ashyo sifatida olib ketishdan ko’ra, tayyor mahsulotni olib ketish o’nlab baravar arzonga tushar edi. Shuning uchun paxta tozalash zavodlari bilan bir qatorda ularning yonida ibtidoiy asoslarda bo’lsa ham fabrikalar qurildi. Garchi ushbu amaliyotlardan tushgan daromadlar chor Rossiyasi g’aznasini va unga sodiq bo’lgan boylar cho’ntagini to’ldirishga xizmat qilgan bo’lsada, bu xolat milliy matolarimizning rang-barang va ko’plab ishlab chiqarilishida ham muhim omil bo’ldi.

Ma’lumotlarga ko’ra, Qo‘qon xonligining liboslari haqida quyi­dagi fikrlar mavjud: Erkaklar jaziramada issiqdan saqlanish maqsadida boshlariga salla o‘rab, qavilgan chopon, ko‘ylak, yaxtak, chakmon ki­yib yuradilar.

XIX asr oxirida rus madaniyati ta'siri natijasida erkaklar orasida ham kamzul kiyish odatga aylandi. Uni ko’ylakning ustidan, salqin mavsumda esa to’nning tagidan kiyish urf bo’ldi. (179-lar).

Erkaklar bosh kiyimi libosning eng muqaddas qismi sanalib, ular turli ko‘rinishda bo‘lgan. Do‘ppi shular jumlasidandir. Do’ppi ham ijtimoiy hayotda kishilarning jamiyatdagi o’rnini bildiruvchi vosita sifatida e'zozlanib kelingan va u bugungi kunda ham milliy qiyofani belgilovchi omil sifatida umuminsoniy madaniyat tizimida muayyan mavqega ega.

Tarixiy-madaniy taraqqiyot davomida do’ppilar ham sayqallanib, har bir geografik hudud tabiiy-iqlim sharoitlariga moslashtirib tikilgan. Bunday do’ppilar o’zining shakl va mazmuniga qarab hamda milliy tilimizdagi lahjalar xususiyatlaridan kelib chiqib, turlicha atalgan. Chunonchi: “do’ppi”, “qalpoq”, “kallapush”, “kallabosh”, “toqi”, “taqiya”, “araxchin” va h.k. Do’ppilar nisbatan qalin ipak matolardan tikilib, atrof va ust qismi ramziy belgilarga burkangan holda gullanib, bezatilgan. Shuningdek, turfa rangli ipak, oltin va kumush metallarning qadalishi ham do’ppi egasining jamiyatda tutgan o’rnini belgilovchi omil sifatida muhim xususiyatga ega bo’lgan. Shu bilan bir qatorda do’ppilarning muayyan hududga qarab ham farqli tomonlari bo’lgan. Jumladan, Qo’qon do’ppisi, Marg’ilon do’ppisi, Chust do’ppisi, Toshkent do’ppisi va h.k. (182-lar).

An'anaviy kiyinish san'ati va unda badiiy-estetik belgilarning rang-barangligi jihatidan milliy do’ppilarimiz muhim ahamiyat kasb etib, boshni issiq va salqin sharoitlarda turli ta'sirlardan asrash uchun ishlatilgan. Xususan, turkiy xalqlarda do’ppi an'anaviy mohiyat kasb etib, turfa turkiy millat vakillari tomonidan turlicha nomlar bilan atalib kelingan. Mutaxassislarning e'tirof etishlaricha, hatto bugungi rus leksikonida ishlatiladigan “tyubeteyka” atamasi aslida tatar tilidagi “to’betey” atamasini kalkalash usulida olgan shaklidir. Haqiqatan ham qalpoq shaklidagi konussimon bosh kiyimlar boshqa xalqlarda ham uchrasada, lekin do’ppi shaklidagi ixcham bosh kiyimlar aslida turkiy xalqlar ajdodlarining ko’p asrlik ijtimoiy-madaniy taraqqiyotining hamda yaratuvchanlik qobiliyatining mahsulidir.

Xalq amaliy san'atining an'anaviy namunalaridan bo’lgan do’ppi o’zbek milliy kiyimining tarkibiy qismi sifatida o’zligimizni anglatish bilan bir qatorda, o’zga madaniyatlar ichida o’zimizning munosib o’rnimizni belgilab beruvchi omil hamdir.

Do’ppi tarixi olis o’tmish qa'riga borib taqaladi. Arxeologik qazilmalar natijasida devorlardagi miniatyura shaklidagi rasmlardan ma'lumki, kiyimning bu turi qadim ildizlarga ega. Xalqimizning ijtimoiy-madaniy taraqqiyoti natijasida do’ppi shakli va dizayni evolyutsiyalashib, mukammallashib boravergan. Etnotarixiy taraqqiyot natijasida xalqimizning chorvador qatlami bosh kiyimlari ham umumiy kiyimlari singari mol terisi yoki junidan ishlangan kigizsimon matodan tikilgani ma'lum. Bu sohadagi evolyutsion taraqqiyot ham qalpoq va telpaklarning ixchamlashib, bugungi kundagi shaklni olganligidan darak beradi. Amaliy san'at namunalarining ijtimoiy-madaniy jihatdan transformatsiyalashuvi natijasida do’ppilar ham o’z dizayni, tikish usuli va ixchamligi jihatidan ham mukammallashib boravergan.

O’zbeklar etnotarixiy taraqqiyoti davomida milliy bosh kiyimlarini yaratib, jahon madaniyati sahnida o’z o’rniga ega bo’lgan xalqdir. Bu bosh kiyimlarda badiiy-estetik xususiyatlar namoyonki, ushbu jihatlar xalqimizning nafosat va latofatga doimiy ravishda intilib kelganligidan dalolatdir. Olim I.Jabborov ta'kidlaganidek, “Qadim davrlardan bosh kiyimiga qarab o’zbeklarning etnik va lokal guruhlari farq qilingan. Erkaklar boshiga, asosan, turli xildagi do’ppi (to’ppi, taxyo) kiygan, ayollar esa ko’pincha rang-barang ro’mol yopingan… Odatda, do’ppi nozik gulli, qadab tikiladi, ayrim ayollarning do’ppisiga mayda munchoq, marjonlar, xorazmliklarda jiyak va popuk taqiladi. Ilgari konus shaklidagi do’ppilar Toshkent, Samarqand, Shahrisabzda tarqalgan. Bir oz yapaloq yassi shaklda ichiga o’rab qog’oz bilan mayda qaviq qilingan do’ppilar, asosan, Farg’ona vodiysida ma'lum”.

Olima O.Nishonova esa quyidagi fikrni beradi: “Vaqt o’tishi bilan bosh kiyimlarda hududiy belgilar paydo bo’la boshlagan. XIV-XV asrlarda har bir shaharda do’ppichilar mahallasi bo’lgan, ular shu hududning xos belgilari (yumaloq, to’rt burchak, uzunchoq shakllari) va naqshlar (nina gul, panja gul yaprog’i va b.)ga ega bo’lgan”. Demak, kiyinish madaniyatidagi badiiy-estetik belgilar millatimiz vakillarining didini ifodalashi bilan bir qatorda ularning qaysi hududga mansubligini ham ifodalovchi omil sifatida muhimdir.

Mutaxassislar ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot jarayonida milliy do’ppilarimizning dastlabki namunalari doira shaklida, ya'ni konussimon bo’lganligini tasdiqlaydilar. Bunday do’ppilar, asosan, salla tagidan kiyiladigan bo’lib, o’z navbatida do’ppi ostidan nisbatan kichikroq hajmdagi yupqa “do’ppicha” kiyilib, bu – “araqchin” deb atalib, do’ppi tagidagi terlarni yig’ib olishga mo’ljallangan. Ya'ni, boshning terlashi natijasida salla tagidagi qimmatbaho do’ppining kir bo’lib ketmasligi uchun ajdodlarimiz ushbu usulni qo’llaganlar. Bunday usulni hozirgi vaqtda ham ayrim keksalar tomonidan qo’llanilayotganligini kuzatish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat san’at muzeyi.

Milliy kiyimlarimizda badiiy-estetik belgilarni ifodalovchi omil sifatida naqshlar muhim o’rin tutadi. Do’ppido’zlikda ham kashtado’zlikdagi singari naqshda tikuvning bosma va yo’rma (jo’rma) usullarini qo’llaganlar. Naqsh tikishning bosma usuli kashtado’zlikdagi chokning o’ziga xos turi bo’lib, mato ustiga ipni to’g’ri yoki qiyalab qo’yib, ustidan qiyali choklar bilan tikib chiqiladi. “Bunda ip avval o’ngdan chapga to’shalib, ustidan chapdan o’ngga tomon chok bostirib matoga mustahkamlanib chiqiladi. Bosma chokining tashqi ko’rinishdan bir-biridan farq qiladigan bir necha xillari (kandaxayol, chindaxayol va b.) bor”..

Mahalliy aholining tasavvuriga ko‘ra, do’ppilarning yana bir ramziy ma’nosi mavjud bo’lib, ular insonni turli yovuz ruhlardan, ko‘z tegishi va boshqa turli salbiy ta’sirlardan himoya qilgan.

Odatda, do‘ppilar to‘rt qismdan iborat ko’rinishda bo‘lgan. Ammo uch qismli do‘ppilar ham uchrab turgan. Yillar o’tib do’ppining ko’rinishi o’zgacha tus oladi. XIX asr oxirlariga kelib, ularning tepa qismi uchli bo‘lib, aylana gardishga ega bo’lgan. Do‘ppilar uchun rangli matolar tanlangan. Do’ppilarni bezash maqsadida, kashtalardan foydalanilgan. Kashtalarni tikishda yashil, ko‘k yoki olcha ranglardan foydalanilgan. XX asr boshlariga kelib, Farg‘ona vodiysida Chust do‘ppisidan foydalanish urfga kirgan. Chust do‘ppisini tikishda qora satin matosi ishlatilgan. Mato ustidan qalampir yoki bodom ko‘rinishidagi oq kashtalar bilan bezak berilgan. Qora va oq ranglar uyg‘unligidagi do’ppilar o’zgacha did bilan bezatilgan. Do‘ppida foydalanilgan naqshlar ajdodlarimizning boy tasavvurlari asosida shakllangan.

Do’ppilarga bezak berishda mahalliy hududlarning o’rni katta rol o’ynagan. Ularda to‘rt qismli, kvadrat shaklli, qalampir yoki bodom naqshlarining qo’llanilishi hududlardagi farqni belgilab bergan. Bunday farq bezak detallari va kashtani tikish usulida namoyon bo‘lgan.

Namangan do‘ppilari Farg‘ona do’ppilaridan kashtachilikning tikish usuli bilan farq qiladi. Namangan kashtachiligida kashtani tikish jarayonida tasvir bo‘rtma bo’lib chiqishi uchun tagiga qog‘oz qo‘yiladi. Do’ppining kashtasi juda mayda qaviqlar bilan qaviladi. Qalampir tasvirini hosil qilish uchun tagiga kvadratsimon kashta qo’yiladi.

Andijon do‘ppilarining tikilish uslubi Namangan do‘ppilariga yaqin hisoblanadi. Biroq, tayyorlash jarayonida qog‘ozdan umuman foydalanilmasligi bilan farq qiladi. Andijon do‘ppilari o’zining nozik kashtasi bilan, Farg‘ona do‘ppilari esa qalampir naqshining o’ziga xosligi bilan farqlanadi. Do‘ppining pastki qismi ingichka movut yoki mag‘iz bilan, yuqori qismi esa bosma usulida naqsh solingan kashtalar bilan bezatiladi. Yangi rusumga kirgan kiyimlarni birinchi bo’lib kiyuvchi kishilar, odatda moda bilan hamohang yuruvchilar rangdor doppi kiyishgan. Bunday do’ppilar o’zining yorqin rangli kashtasi va gulli naqshlari bilan boshqa do‘ppilardan butunlay ajralib turgan. Ba’zan erkaklar do’ppisiga umuman kashta tikilmay, asosiy matoga bezak berilmagan. Ayollar do‘ppilarida esa aksincha, iroqi usulida to‘liq kashta bilan bezatilgan. Shu sababli, ayollar do‘ppisi gilamga o‘xshash naqshinkor va rangdor bo’lgan. Bolalar do‘ppisi esa yorqin naqsh va bezaklarga to’la bo‘lib, do’ppining yuqori qismi tumor va naqshlar bilan bezatilgan.

Do’ppining shakli va rangiga qarab insonning yoshi belgilangan. Masalan, Toshkentda o‘smirlar va yosh erkaklar to‘rtburchak shakl­dagi, o‘simliklar tasviri bilan kashta tikilgan, bejirim do’ppilarni kiyishsa, o’rta yoshli erkaklar qalampir naqshli, qariyalar esa o’z navbatida cho‘qqili, qavilgan, yorqin rangli yoki naqsh solingan do‘ppilardan foydalanishgan.

Deyarli barcha ijtimoiy guruhlar erkaklari sallani bosh kiyim sifatida ardoqlashgan. Asosan, salladan sunnat toyi yoki nikoh marosimlarida foydalanilgan. Yoshi ulug’ erkaklar, shuningdek din peshvolari doimiy ravishda oq salla o‘rashgan. O‘rta yoshli erkaklar esa rangli yoki yo‘l-yo‘l chiziqli hind matosidan tayyorlangan kulrang salladan foydalanishgan. Oddiy aholi vakillari esa do‘ppi atrofini oddiy mato bilan o‘rab kiyishgan. Farg‘ona sallalari boshqa hududlar sallasiga nisbatan o’zining kichik shakli bilan farq qilgan. Do‘ppi atrofiga matoni to‘liq qoplatib mahkam o‘rab chiqilgan. Biroq, salla boshga kiyilganda quloqlar ochiq holda qoldirilgan.

Shuningdek, erkaklar kigizdan tayyorlangan qalpoq, mo‘ynali telpak kabi bosh kiyimlaridan ham foydalanishgan. Qishda telpak do‘ppining ustidan kiyilgan. Vodiy va Toshkentning badavlat aholisi qishda tepa qismi baxmal, atrofi tulki yoki suvsar mo‘ynasidan tayyorlangan telpakdan foydalangan. Yozma ma’lumoylarga ko’ra, “Yoz faslida Farg’ona vodiysi ayrim qishloq aholisi oq namatdan tikilgan qirg’izcha qalpoq, qishda esa ichi mo’ynali qilib tikilgan qozoqcha tumoq kiyishni odat qilishgan”. Kiyinish madaniyatining rivojida iqlim sharoiti etakchi o’rin egallaydi. Ijtimoiy hayot taqozosi bilan hudud, hatto qishloq aholisi o’z sharoiti, iqlimi, ehtiyojidan kelib chiqib, turli kiyim shakllarini tanlaydi.

Farg’ona vodiysierkakalrining poyabzaliqattiq tagcharmli teridan tayyorlangan baland etikdan, hamda yumshoq charm mahsi va kavushdan iborat edi. Mahsi ustidan kavush kiyishning o’ziga hos sababi mavjud. Quyoshli o’lkada quyosh shunchalar yerni qizdiradiki, bir oyoq kiyimda yurishning iloji yoq. Shu sababli mahsi ustidan kavush kiyilgan. Hudud erkaklari, nafaqat charmdan tayyorlangan poyabzaldan, balki qish mavsumiga hos bo’lgan yog’och poyabzali- hakalakashdan ham foydalanishgan.

Namangan viloyat O‘lkashunoslik muzeyi.

Hakalakash uchta oyoqchadan iborat bo’lib, qish mavsumida sirpanmaslik uchun ushbu oyoqchalarga metall nag‘al qoqilgan. Hakalakashni yomg‘ir
mavsumlarida odatda, yalangoyoq­qa charmdan tayyorlangan patak bilan, qish mavsumida esa charm mahsi bilan kiyilgan. Mahsilar qo‘y terisidan tikilib, tagcharmi qattiq bo‘lgan.