Toshkent va Farg‘ona — Ayollar kostyumi

O’zbekistonning boshqa hududlariga nisbatan, Farg‘ona vodiysi va Toshkentda ayollar liboslarida islom dinida qayd etilgan ko‘rsatma va talablarga ko’proq rioya qilinganligini…

O’zbekistonning boshqa hududlariga nisbatan, Farg‘ona vodiysi va Toshkentda ayollar liboslarida islom dinida qayd etilgan ko‘rsatma va talablarga ko’proq rioya qilinganligini ko’rish mumkin. Bu esa o’z navbatida, ma’naviy va odob-axloq normalari bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan. Islom dinida qayd etilgan odob-ahloq normalari asosida shakllangan kiyimlar orqali ayollar o‘zlarida sadoqat, itoatkorlik, bardoshlilik va uyatchanlik kabi sifatlarni shakl­lantirishi shart va muhim bo‘lgan. Ushbu sifatlarni esa, kiyim sipoligida, bejirimligida o’z navbatida, mato ranglarida hamda berilgan bezaklarning oddiyligida ko’rish mumkin. Qo’qon ayollarining kiyinish uslubi bo’yicha F.Nazarov quyidagi ma’lumotlarni keltirgan: “Ayollarni faqat bozorlarda, ustiga yopinchiq tashlab olgan holatda ko‘rish mumkin. Ular juda bashang kiyinadi. Ayollar paranji yopinib oladi, boshiga salla o‘raydi va yuziga to‘r tashlab oladi. Ushbu to‘r paranjiga qo‘shib tikiladi”.

Gerodotning ma'lumot berishicha, barcha qabiladagi odamlar, hattoki, erkaklar ham, kiyimsiz yurishni uyat deb hisoblashgan. Uyalish axloqiy - estetik kategoriya sifatida jamiyatning ilk bosqichlaridan shakllana boshlagan. Xususan, erkak va ayol, yosh va qariyalar tanalarini uyatli joylarini berkitishgan.

Kishilik jamiyatining har bir ijtimoiy-tarixiy bosqichida kiyinish ham o’ziga xos mazmun va mohiyatga ega bo’lib, davrning o’ziga mos xususiyatlarini aks ettirgan. Ayni vaqtda tarixiy davrning mavjud imkoniyat va resurslari, ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanish darajasi kiyinish madaniyatining o’ziga xos jihatlarini belgilagan.

Albatta, bunda asosiy jihat sifatida tabiiy-geografik omillar etakchilik qilsa-da, diniy omilning ham roli etarlicha kuzatiladi. Din qaysi tabiiy-geografik hududda shakllangan bo’lsa, avvalo o’sha joyda diniy tartib va qoidalar birlamchi omil qilib olingan. Masalan, Islom dini Arabiston yarim orolida shakllanib, so’ng boshqa hududlarga tarqalgan. Biz bu bilan ko’pincha qishloq aholisiga xos bo’lgan milliy kiyimlarimizning negizi Arabiston yarim oroliga borib taqaladi, demoqchi emasmiz, albatta. Garchi islom dini Arabiston yarim orolida paydo bo’lgan bo’lsa ham, u o’zining haqiqiy rivojini bizning o’lkada topdi. Bunday sharoitda islomdan oldingi milliy kiyimlarimiz keyinchalik ham o’z ahamiyatini yo’qotmagan bo’lsa-da, shuni ham e'tirof etishimiz lozimki, islom dini tarqalgan hududlarda matolarning rangi va to’qilishidan qat'iy nazar muayyan andoza asosida tikilib, kiyila boshlandi. Shu bilan bir qatorda har bir millat yoki etnik guruhning ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot jarayonida shakllangan milliy kiyimlari ham bo’lib, bu o’z navbatida barcha madaniy omillarga ta'sirini o’tkazgan. Masalan, o’zbek do’ppisi va to’nlari islom dinidan oldingi davrlarda ham mavjud bo’lib, islom dini kirib kelgach ham o’z mohiyati va ahamiyatini saqlab qolish bilan birga asosiy diniy kiyimlar sirasidan ham o’rin oldi. Jumladan, bugungi kunda erkak kishilarning do’ppisiz namoz o’qimasliklarini kuzatish mumkin. Demak, kiyinish madaniyatining funktsiyalarida diniy omil bilan milliy omil o’zaro uyg’unlashib, bir – birini to’ldirib kelganliklarini kuzatish mumkin.

Jamiyat axloqi har bir ijtimoiy-tarixiy davr talablaridan kelib chiqib shakllantiriladi. Kiyinish madaniyati bevosita modani vujudga keltirar ekan, ushbu jihatlar ham jamiyatda mavjud axloqiy tamoyillarga borib taqaladi. Jamiyat axloqining mukammalligi va barqarorligi kiyinish madaniyatida ham o’zining ifodasini topib, badanning asosiy qismlarini yopib yurish o’ziga xos modaga aylangan. Albatta, bunda tabiiy-geografik omillar va diniy talab darajasiga ko’tarilgan odatlar ham muhim o’rin tutadi. Arabiston yarim orolidagi mamlakatlarda ayollar, shuningdek, erkaklarning ham o’ranib yurish odati, dastlab tabiiy omillar ta'sirida shakllangan bo’lsa, keyinchalik islom dinining kirib kelishi natijasida ushbu jihat shariat odatlari darajasida mustahkamlandi.

Bu o’rinda shuni ham ta'kidlash joizki, milliy mustaqilligimizni qo’lga kiritganimizdan so’ng diniy qadriyatlarimiz rivojiga keng yo’l ochilib, ilgari ta'qiqlangan urf-odatlarga murojaat etish hollari ham xalqimiz kundalik hayotining ajralmas qismiga aylana bordi. Bunday bag’rikenglik natijasida ayrim yoshlarimiz va ayollarimiz milliy xususiyatlarni inkor etgan holda, jamiyatimizda go’yo “musulmon ayollar axloqi”ni shakllantirish maqsadida Arabiston yarim oroli jaziramalari sharoitiga xos bo’lgan qora liboslarni, ko’zigacha o’ranib yurishni modaga aylantirmoqchi bo’lishdi va hatto besh-olti yashar qizchalarni ham shu uslubda kiyintirish hollari ko’zga tashlanmoqda. Bizning fikrimizga ko’ra:

- Hijob, ya'ni arab milliy liboslari o’rniga o’zimizning o’zbek milliy liboslarini targ’ib qilish zarur. Islom dini o’zining taraqqiyot cho’qqisiga ko’tarilgan o’rta asrlarda ham ayollarimiz hijobdan foydalanishmagan. Kundalik va to’y – hasham liboslari milliy kiyimlar bo’lgan. Hatto diniy marosim, ibodat paytida ham an'anaviy liboslarimizni kiyishgan;

- Hijob liboslariga jamiyat axloqi sifatida emas, balki asrlar davomida shakllanib, momolarimiz tomonidan sayqallanib kelingan milliy kiyinish madaniyatimizga zid xususiyatlar sifatida qaralmog’i lozim;

- Yosh qizaloqlar va o’smir qizlarimiz qaddi-qomati o’sishga moyil bo’lib, bunda tashqi tabiiy omillarga, chunonchi, shabada, toza havo va h.k.larga ham ehtiyoj kuchli bo’ladi. Ortiqcha matolarga ko’zigacha o’ranib yurish ushbu ijobiy ta'sirlarning yo’lida to’g’anoq bo’lishi tabiiy;

- Jamiyatda “Musulmon ayol axloqi” ko’zigacha o’ranadigan kiyim bilan o’lchanmasdan, axloq ichki dunyoqarash hosilasidir. Albatta, kiyinish darajasi ham muayyan me'yorni talab etadi, lekin, milliy tartib-qoidalarni mensimay o’zga xalqlar va o’zga iqlimlar talabidan kelib chiqib belgilangan normalarni milliy odat sifatida qabul qilish bu – milliy madaniyatimizni mensimaslikdir.

Xalqimizda “Axloqiy go’zallik dongdor nasl-nasabga ega bo’lishdan yuqori turadi”, degan maqol amal qiladi. Lekin, axloqiy go’zallikning ta'minlanishida tashqi go’zallik, ya'ni kiyinish madaniyati ham etarli mavqe egallaydi. Demak, tashqi va ichki go’zallik insonning jamiyatdagi mavqeini belgilaydi. Ya'ni, chiroyli kiyim ijobiy xulq-atvor omili sifatida ham muhimdir. Insonni odobi, ibo, hayo va latofati go’zal qilib ko’rsatadigan bo’lsa, ana shu go’zallikning yanada mukammalligini ta'minlovchi bu – tashqi ko’rinish, ya'ni kiyinish madaniyatiga berilgan e'tibordir.

Xalq og’zaki ijodidan O’rta Osiyo xududida abr naqshlari kelib chiqish tarixi xaqidagi afsonalar mavjud. Bulardan biriga ko’ra “abr” matosida naqshlarni osmondan suvda suzayotkan bulut va kamalak ranglarini aksi tushgani ko’rinishidan, yana bir boshqa tasvirda xovuzga to’kilgan yog’dagi kamalak dog’lariga qarab ishlangani xaqidagi afsonalar kelib chiqqan deb yuritiladi. Mato naqshi va uni bo’yash juda murakkab va katta maxorat talab etadi.

Matoni iplarini bo’yashda xunarmandlar tabiiy maxsulotlardan olingan bo’yoqlardan bo’yaganlar. O’zbekistonning barcha xududlarida to’qilgan matolarning ranglariga qarab ajratish mumkin. Xar bir mintaqaning o’zining maxsus va kayfiyatiga mos ranglar mutanosibligi ishlatilgan. Qo’qon mintaqasida to’qilgan matolarda, asosan ko’k xavorang va yashil ranglarni ko’rishimiz mumkin. Farg’ona vodiysida abr matolari to’qishda, asosan yetti xil ranglar mutanosibligini ko’rishimiz mumkin. Bular sariq, to’q qizil, yashil, qora, ko’k, pushti va binafsha ranglar. Shunga qaramay xunarmandlar ish jarayoni va mato bo’yashda ranglar mutanosibligini o’ylab chiqishgan. Bunda to’q qizil va siyoxranglar yonida pushti va sariq, sariq rangni yonida yashil yoki binafsha rang, binafsha rangga oq ranglar mutanosibligini o’ylab topganlar. Har bir bo’yalish bosqichi jarayonida usta har bir ip tolasini bog’lab qo’yadi, sababi rang tegib ketmasligi uchun. Matolar maxsus dastgox va qo’l mexnati yordamida to’qilgan bo’lgani uchun eni juda ingichka bo’lgan. Asos maxsus taxtachaga tortilib, iplar sanalib, nuqtalar orqali belgilab olinar, songra ma’lum rangga bo’yalardi. Qolgan iplari esa qalin paxta tolali iplar bilan bog’lanadi. Bog’langan asos bo’yoqqa solinadi. Rang va naqshlar ipga to’kilgunga qadar olinadi va maxsulot tayyor bo’lgandagina ko’z o’ngimizda naqsh paydo bo’ladi.

Matolardan liboslar yaratishda bir-biriga ulab bichilgan, bunda naqshlar bir- biriga mos kelishiga e’tibor berishgan. Abr matolari bilan bir qatorda yengil bosh romoli “qalg’ay” xaqida to’xtalmay o’tish qiyin. U qadimda Farg’ona vodiysi, Buxoro va Samarqandda ishlab chiqilgan. Bu romollarni bo’yashda to’qilgan shoi matoli romolni mohirlik bilan paxta tolali iplar bilan bog’lab chiqilgan va mato bir yoki bir necha rangli tabiiy bo’yoqlar yordamida bo’yalgan. Iplar bog’langanligi sababi bu iplar orasidan rang o’tmaydi va ular o’rnida bejirim naqshlar paydo bo’ladi. Ular asosan oval, yulduzcha, romb yoki to’g’ri chiziqli oddiy lekin o’zgacha va bejirim naqshlar xosil bo’lgan.

Qalg’ay ro’mollari bo’yalishi “bandan” nomi bilan mashxur edi. Bu bo’yash usullari sharq mamlakatlarida xam mashxur bo’lib O’rta Osiyo hududida yana bo’yaslish usuli o’zgarib, avval iplar abr naqshlari xosil qilish maqsadida bo’yalib so’ng matolar to’qilgan.

Abr naqshli matolar turli ko’rinishda ishlab chiqilgan. O’rta Osiyo hududida abr naqshli shoi va yarimshoi matolar, yo’l yo’l beqasam, matolari keyinchalik esa fabrikalarda to’qilgan shoi matolaridan liboslar kiyishgan. Badavlat kishilar liboslari kimxob, banoras muhayyar, beqasam, yarimshoi va fabrikada to’qilgan shoi matolrdan bo’lgan

Toshkent va Farg’ona vodiysi ayollar liboslarida ko‘zga tashlanadigan, o’ziga jalb qiluvchi ortiqcha narsa bo‘lmasligi talab etilgan. Shunday bo’lsada, ushbu hudud ayollarining abrband naqshli matolardan, zargarlik buyumlaridan foydalanishlari, bejirim paranjilari barchada katta taassurot qoldirgani sir emas. Odatda, yosh qiz va juvonlarning bir xil tusli, qizil yoki pushti rang, gulli naqsh so­lingan ko‘ylaklarni kiyishi urf bo’lgan.

O‘rta yoshli ayollar ko‘ylagi esa nisbatan odmiroq bo’lib, asosan ko‘k, moviy va kulrang matolardan tikilgan. Yoz mavsumida barcha yoshdagi ayollar, asosan oq rangdagi matodan tikilgan liboslarni ki­yishni afzal bilishgan. Qariyalar uchun oq libos kiyish majburiy hisoblangan. Qora, to‘q ko‘k va yashil rangli matolardan tikilgan liboslarni motam marosimlarida kiyilgan. Qadimda Sharq davlatlarida oq rang yorug’lik, baxt, qora esa zulmat rangi hisoblangan. Professor I.Jabborovning fikriga ko’ra: “ Eng yaqin kishisi vafot etganda ayollar ko’k yoki qora matodan maxsus kiyim kiyganlar. O’zbeklarning motam kiyimlari asosan, ayollarga mo’ljallangan bo’lib, erkaklarda motam kiyimlari umuman bo’lmagan”. Olimning bu so’zlarini tahlil qiladigan bo’lsak, erkak kishilarda ham motam kiyimlari mavjud bo’lgan. Masalan, Toshkentda aza bo’lgan xonadonda erkaklar uch kungacha ustlariga to’n, belbog’ va boshlariga do’ppi kiygan holda ko’chada turadilar. Ba'zi hududlarda kishi vafot etgandan so’ng bunday kiyimlar uch kun davomida tikilib, to’rtinchi kun qo’ni-qo’shni va yaqin qarindoshlar ishtirokida maxsus marosim asosida kiyilib, bu marosim “ko’k kiydi” deb atalgan. Ushbu sohada tadqiqot olib borgan olimlarimizning ta'kidlashlaricha, bunday kiyimlarni etak va yeng qismi irim qilinib qaytarilmasdan tikilgan hamda ular bir yil davomida, “oq kiydi” marosimigacha kiyilgan. “Oq kiydi” marosimida ko’k ko’ylak echilib, odatiy libos kiyiladi. Albatta, bunday marosimda yoshi ulug’ onaxonlarimiz Allohdan ushbu oilada boshqa o’lim bo’lmasligini tilab, oilaning qolgan a'zolarini duo qilganlar. Ushbu jihatga mentalitetimizdagi asosiy qirralar sifatida bugungi kunda ham amal qilinayotganligini kuzatish mumkin. Zero, yaqin qarindoshlar o’tgach, ular ruhini e'zozlash, haqqiga duo qilib turish milliy qadriyatlarimiz safidagi muhim jihatlardir. Odatda, ayollar libosi o’ziga xos jihatlari bilan farqlanib, yuqori qismi tanaga yopishib turgan, etak qismiga esa pastga qarab kenga­yib borgan.

XIX asrda Farg‘ona va Toshkent ayollari turli xil pardoz vositalaridan foydalanishgan. Ular yuzlariga pushti-qizil, oq yog‘upadan, qosh va ko’zlariga o‘smadan, hushbo’y xid taralishi uchun mushkanbardan va ayolga chiroy bag’ishlovchi gajakdan foydalanishgan. Tashqi go‘­zallikka g‘amxo‘rlik qilish diniy asoslarda ham keltirilgan. Shariatda ham turmushga chiqqan ayol eriga chiroyli ko‘ri­nishi uchun o’ziga zeb berishi, tashqi ko‘rinishiga e’tibor qaratishi talab etiladi. “Onangni otangga bepardoz ko’rsatma” degan iboralarni paydo bo’lishi ham bejiz emas.

Kiyinish madaniyati funktsiyalaridan biri ayollar kiyimining transformatsiyasiga oiddir. Tadqiqotimiz ko’rsatishicha, hamda keksa onaxonlarimiz bilan o’zaro muloqotlardan shu narsa ma'lumki, ilgari yosh ayollarimiz birinchi farzandini tuqqunga qadar ko’ylagining yoqa qismi ko’tarilgan holda, uch qismi uchburchak shaklidagi tishchalar bilan parpara qilib tikilgan.

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida ko’kragi burmalanib tikilgan ko’ylaklar kiyish urf bo’ldiki, bu milliy kiyimlarimizning transformatsion jarayonlarda faol qatnashganligidan dalolatdir. Hozirgi paytda ko’krak burmali ko’ylaklar ayollarimiz tomonidan sevilib kiyiladigan kiyimlar sirasiga kiradi. Ushbu sohada tadqiqot ishlari olib borgan olimlarimizning ta'kidlashlaricha, ilgari ayollarimiz uylarida bitta ko’ylakda yurganlar. Salqin mavsum yoki qishda ikkita va undan ko’proq ko’ylak kiyganlar. Mehmonga borilganda, to’y yoki boshqa tantanali marosimlarda o’ziga to’q oila ayollari uchta ko’ylak ham kiyishgan. Ko’ylak yenglarining uch qismi par-para shaklida, birinchi kiyiladigan ko’ylakning yengi uzunroq, ikkinchi kiyiladigan ko’ylakning yengi birinchisiga nisbatan sal kaltaroq, uchinchisining yengi yana ham kaltaroq bo’lib, bunda yengdagi par-paralarning ko’rinishi, ayollarimiz chiroyini yanada ochishga yo’naltirilgan, ya'ni shu maqsadga xizmat qilgan.

T.A.Abdullaev va S.A.Xasanovalarning fikricha, “Agar ayollar o’zlarining boy garderobini ko’z-ko’z etmoqchi bo’lsalar, mehmonga borganida o’zi bilan bir-necha ko’ylaklarini ham olib borib, vaqt-vaqti bilan kiyimlarini almashtirib turgan. Ba'zan, ayollar ko’ylak tagidan oq paxta matodan tikilgan ich ko’ylak ham kiyib yurishgan.

Ko’ylaklarning uzunligi turlicha bo’lib, ayollar ko’ylaklarini erga tekkudek qilib tikib, kiyib yursalar, yosh ayollar nisbatan kaltaroq ko’ylaklarni kiyganlar”. Ushbu jihatlar asrlar davomida kiyinish madaniyatining kishilarning yosh va ijtimoiy mavqeiga qarab rivojlanib kelganligidan dalolatdir.

Ayollar liboslari tarkibiga huddi boshqa hudud liboslari singari, ko‘ylak, lozim, ustki kiyim sifatida – mursak, ton, ko‘chaga kiyiladigan ki­yim sirasiga – paranji, bosh kiyimlari turiga – turli ro‘mollar, poyabzal xillariga - mahsi va kavush, ularga qo’shimcha sifatida esa zargarlik bezaklari kirgan. Kundalik hayotda ayollar asosan, yoshiga qarab to‘n yoki mursak kiyib, bitta ko‘ylak, lozim hamda boshiga ro‘mol o‘ragan. Bayram va marosimlarda esa odatda, qimmatbaho matolardan tikilgan liboslar kiyilgan. Uydan tashqariga chiqqach, ayol unga begona erkak ko’zlari tushmasligi maqsadida paranji yopingan.

Toshkentda ayollar ichki kiyimlari sirasiga keng ko‘ylak va ishton-lozim kirgan. Ma’lumotlarga ko’ra, ushbu hududda ayollar ko’ylagi to’rt xil ko’rinishda bo’lgan. Jumladan, to‘g‘ri bichimdagi togri koylak, juvon va keksa ayollar uchun old yoqasi ochiq bo‘lgan oldi ochiq ko‘ylak, qiz bola va o’smir qizlar uchun gorizontal yirmochli keptakli ko‘ylak hamda mullacha koylak shular jumlasidandir. Mad­rasa tolibalari mullacha ko‘ylak kiy­ganlar (189-).

Qo‘qon shahar O‘lkashunoslik muzeyi.

Ushbu ko‘ylak tik yoqadan iborat bo’lib, qat-qat etakli ulama lifi bor edi. Barcha ko‘ylaklarning yengi uzun bo‘lgan. XIX asrning so’ngi davrida an’anaviy bichimdagi juda keng hamda uzun, shunigdek, to‘g‘ri bichimdagi ko‘ylaklar ham kiyish rusum bo’lgan. Ko’ylakning toraygan yonboshi hisobiga uning etagi biroz keng bo‘lgan.

Yillar o’tib, ko’ylak ko‘krak qismi va etagining kengligi bir xil ko‘rinish oladi. Ko‘ylaklarga zeb berish maqsadida, yoqa qismiga kashta yoki bir rangli jiyak hamda tasma tikilgan. Odatda, popuk shokilali jiyak yosh qiz va juvonlar ko’ylaklariga tikilsa, yoshi ulug’ ayollarning ko’ylaklariga tasma bilan bezak berilgan.

Ayollar ko‘ylagining bel qismidagi popukka qubbacha shaklidagi kumush bezak – peshauz osib yurilgan. Peshauz ichiga mo‘ychinak, tishkovlagich, atir shishachasi, kalit kabi buyumlar joylashtirilgan. Ko’ylak vertikal yoqalarining yuqori qismi bog‘ichlar bilan bog’langan. Qadimiy bichimlar asosida tikilgan ko‘ylaklarga boshqa rangdagi xishtak qo’llanilgan. Odatda, xishtak rangi ko‘ylak matosi rangidan farq qilgan. Xishtakning ham ramziy ma’nosi mavjud bo’lib, u yovuz kuchlardan saqlaydi, deb yuritilgan. Yana bir marosimlardan biri Toshkentda nikoh marosimidan so‘ng kelin qizlik ko‘ylagini albatta, ayollar ko‘ylagiga almashtirish marosimi bo‘lgan. So’ngra kelin kuyovning uyiga ayollar ko‘ylagida kelgan. Ammo Farg‘onada ushbu marosimning bajarilishi bir mucha uzoqqa chozilgan. Bu hududda yosh kelin mazkur ko‘ylakni birinchi farzandi tug‘ilishiga qadar kiygan.

Ayollar tik yoqali ko‘ylagi 1880-yildan boshlab urfga kirgan. Ayollar ko’ylagi kalguy kabi qimmatbaho matolardan tayyorlanib, ko’ylakning old va orqa tomonidan tik yoqa tikilgan. Buning sababi, ko‘ylak eskirsa yoki kir bo‘lsa, uni boshqa tomonidan ham kiyish mumkin bo’lgan. Ushbu kiyim turidan asosan, ko‘chmanchi xalq ayollari foydalangan (192-lar).

Shuningdek, tik yoqa ham bel qismi ulama bo’lgan va yenglari orasiga tikilgan burma yoqali ko‘ylak kabi tatar modasi ta’sirida yuzaga kelgan. XIX asrning 90-yillariga kelib, ulama ko‘krak burmali ko‘ylaklar kiyish rusum bo’ldi. Ushbu bichimdagi ko‘ylak turi barcha ayollarga xush kelib, vaqt o‘tsada, milliy libos sifatida bugungi kunda ham foydalanishlarini ko’rish mumkin. Jumladan, yoshi ulug’ ayollar ushbu bichimdagi ko’ylaklarni kiyishadi. Ayollar ko’ylaklari uchun noyob va qimmatbaho matolar sirasidan foydalanilgan. Bular: qalami, xomsurp, dokadek nafis hosa, shoyi, kalgay, atlas, adras, shuningdek, xorij davlatlardan keltirilgan, jumladan Rossiya, Angliya, Fransiya, Hindiston, Turkiya, Xitoydagi fabrikalarda ishlab chiqarilgan baxmal, shoyi va kimxob matolaridir.

Ko’ylakka qo’shimcha sifatida ishton va lozimlar barcha yoshdagi ayollar libosining ajralmas qismi bo‘lib kelgan. XIX asr­da lozimlarning yuqori qismi keng bo‘lib, pastga qarab torayib borgan. Bunday lozim - ishtonlar poyabzalni yopib turgan. Bel qismida ishtonbog‘ o‘tkazishga mo‘ljallangan yo‘g‘on baxya bo‘lgan. Lozim pochasi jiyak bilan bezatilgan. Lozimlar odatda, chit, adras yoki shoyidan tikilgan.

Farg‘ona va toshkentlik ayol­larning yelkaga kiyiladigan (tashlanadigan) liboslari peshvon, mursak, to‘n va chopondan iborat bo’lib, XX asr boshlariga kelib esa beshbel, kamzul va nimchaga o’zgargan. Yilning barcha mavsumida ayollar paxtali qavilgan chopon yoki to‘n kiyishgan. Yaxlit bichimli chopon yoki to‘nning yenglari uzun bo’lib, choklari siyrak qilib tikilgan. Ammo qish mavsumida kiyiladigan qaviq choklari yirik choponlar ham mavjud bo‘lib, ular bo‘yiga va eniga qavilgan. Bunday qavish usuli chorsi shaklini hosil qilgan. Ayollar choponlari bichimi erkaklarnikiga o’xshahs bo’lgan. Biroq, ayollar choponlarining yenglari uzun va tor bo’lgan. Chopon atrofiga qora mato bilan mag‘iz tikib chiqilgan (195,lar).

Afsuski, peshvon nomli chopon turi bizning davrgacha saqlanib qolmagan. Ma’lumki, ushbu chopon turi mursakka o‘xshash bo’lgan va to‘y liboslari to‘plamidan o‘rin olgan. Uning yenglari uzun bo’lib, old qismida qulfak tikilmagan. Ammo, huddi erkaklar choponi kabi peshvonning ham yoqa qismi qavilgan. Aslida, peshvonni boshga tashlab yurilgan. Ushbu chopon turi astarsiz tikilgan.

Farg‘ona va Toshkentda ayollar­ning o‘ziga xos ustki liboslaridan biri oldi ochiq, yengsiz, o‘yma yoqali mursak (mirsak, misak) hisob­langan.

Buxoro kaltachalariga nisbatan ushbu mursaklarning farqi bo’lib, ularning ko‘krak va bo‘yin qismi oson ochilgan. Shuningdek, mursakning old bo’lagi etagiga kichik qulfaklar tikilgan. Mursakni kiyganda etaklar bir-biriga tegib turgan, ko‘krak qismi esa ochiq holda qolgan. Mursaklar qish mavsumida kiyilgani kabi yozda ham ulardan foydalanilgan.

Biroq, ularning bir-biridan farqi bo’lib, yozgi mursak yupqa paxta astarli, qishki mursak esa katta va issiq qilib tikilgan. Mursakni asosan, bayram va marosimlarda, shuningdek, ayollar undan to‘y, kelin salom va charlar kabi marosimlarda ham kiyishgan.

Ammo, XX asrning 20-yillariga kelib, mursakdan faqat dafn, motam marosimlarida foyda­lanila boshlashgan. Jumladan, mursak ayollarning tobuti ustiga yopilgan. Bu an’ana bugungi kungacha saqlanib qolgan.

Chopon va mursaklar ip gazlama, guldor adras, shoyi yoki beqasaba kabi milliy matolardan tikilgan va bichimi bilan bosha choponlardan farqlangan.

Paranji ham shu davr ayollari liboslarining bir bo’lagi hisoblangan. XX asrning boshlari, jumladan 1917 - yilga qadar paranjidan ko‘chada yopinib yurish libosi sifatida foydalanilgan.

O‘zbekiston Amaliy san’at muzeyi.

Ammo, boshqa hududlarga nisbatan Toshkent shahrida Paranjidan foydalanish ancha kech bo’lgani to’risidagi ma’lumotlar ham mavjud. Bugungi kunda muzeylarda saqlanayotgan paranjilar orqali mazkur libosning o’tgan davrlarda keng tarqalganidan dalolatdir. Ushbu hudud paranjisining farqli jihati shundaki, uning yoqasiga ikki qator qilib jiyak bilan bezak berilgan.

Boshqa hududlar paranjisiga nisbatan Toshkent va Farg’ona paranjilari ancha bejirim va oddiydir, sababi bu hudud paranjilariga kashta bilan bezak berilmagan. Shu sababli, paranjilar uchun eng qimmatbaho matolar tanlangan, ushbu matolar bejirimligi esa asosiy bezak hisoblangan. Paranjining old etak qismiga kashta solingan bo’lib, unga rang-barang iplardan tayyorlangan popuklar tikilgan. Popuklarning ishlatilishi bo’yicha ramziy ma’nolar mavjud bo’lib, ular ko’p farzandlilik bo‘lish tilagi ramzi hisoblangan.

O‘zbekiston amaliy san’at muzeyi.

To‘g‘ri burchakli va uzun chachvon odatda, qora otning yolidan tayyorlanib, chetlari satin yoki duxoba bilan adiplangan. Chachvonning pastki qismiga iroqi usulidagi kashtalar bilan bezak berilgan. Vaqt o’tib chachvonni bezash maqsadida mashinada zanjir kashta solingan. Bunday kashta turlari popop deb nomlangan. Yuzni yopish maqsadida, chachvonning tepa qismidagi tugma va izmadan foydalanilgan, uning ustidan esa paranji tashlangan.

Toshkentda ayollarning paranji yopinish odati, 9 yoshidan – balog‘at davridan boshlab to keksalikka qadar majburiy hisoblangan. Paranji rangi va bezatilishiga qarab ayolning yoshini aniqlash mumkin bo’lgan. Qizlar uchun paranji tikishda, asosan qizil chit yoki boshqa arzon matolardan foydalanilgan. Yosh ayollar uchun esa, mayda chiziqli ko‘k, qora va ko‘kimtir-oqish xonaki nimshoyi matodan – parpashsha, kumushrang banoras matosidan paranji tikilgan.

O‘zbekiston Amaliy san’at muzeyi.

XIX asrning oxiriga kelib, qimmatbaho paranjilar asosan, fabrikada ishlab chiqarilgan matolardan, jumladan to‘qilgan shoyi, kimxob, kashtali Xitoy atlasidan tayyorlangan. Paranji astari sifatida esa arzon chitdan foydalanib, etak qismiga rangli adrasdan 0,5 santimetrda hoshiya tikilgan. Dastlab paranjiga beriladigan bezaklar juda oddiy bo’lgan. Odatda, paranjining yoqa, etak, yeng va uning chetlariga jiyak yoki mag‘iz tikilgan. XX asr boshlariga kelib, paranjilar keng va ochiq rangli ko’rinishda urfga kirib keldi.

Paranjilarni bezashda serbar naqsh hamda qora gul jiyaklar qo’llanilgan. Jiyakdagi gullarni shoyi ip orqali tikilgan. Paranji yenglar­ining uchidagi soxta cho‘ntaklar popuklar bilan bezatilgan, shuningdek, su, ilon izi kabi usullarda murch nusxa guli solingan.

Namangan viloyat O‘lkashunoslik muzeyi.

Vaqt o’tib paranjilarni bezashda gajak, novdacha va qochqor shoxi tasvirlari ham kashtalangan. Bunday kashtalar paranjining old, yon hamda etak qismida bo‘lgan. Tepa qismida esa quyuq tup tasviri kashta berib tikilgan. Ayol darajasini uning paranjisiga berilgan bezak, kashtalar orqali belgilangan. Qanchalik paranji bezakka boy bolsa, ayol shunchalik badavlat hisoblangan. Qadimgi paranjilar uzun bo‘lib, butun qaddi-qomatni yopib turgan. Keyinchalik esa uning uzunligi tobora qisqarib borgan.

O‘zbekiston Amaliy san’at muzeyi.

Har bir madaniyat o’zga madaniyatlar ta'sirida sayqallanib, rivojlanib, yangi ijtimoiy-tarixiy sharoitlarga moslashib borishi tabiiydir. Lekin, barcha holatda ham milliylik etakchi o’rinda turishi lozim. O’rta Osiyo mintaqasi chor Rossiyasi tomonidan bosib olingach, milliy kiyimlarimiz turlariga yangi kiyimlar sirasi kelib qo’shila boshladi. Chunonchi, kamzul va nimchalar shu davrda paydo bo’lib, unga milliy ruhiyat, milliy an'ana va madaniyatimizning qirralari singdirila boshlandi. Bunday kamzullarni milliy matolarimiz bo’lgan – baxmal, beqasamlardan tikila boshlashi – unda milliylikning ustun darajada namoyon bo’lishini ta'minlab boraverdi. Ayniqsa, kamzulning yoqa qismi va tugmalarining atrofini milliy naqshlar va kashtachilik namunalari bilan sayqallanib bezatilishi – uni milliy kiyimlarimiz safidan mustahkam o’rin olishida muhim omil bo’ldi.

Qo‘qon shahar O‘lkashunoslik muzeyi.

Toshkent va Farg’ona ayollarining bosh kiyimi turfa xil bo’lib, ro’mollar ayollar ijtomiy darajasi hamda yoshini bildirib turgan. Ayollar ro’molining rangi hamda o’rash usullarining o’zgarishi ayol yoshining o’zgarib borishi, turmushga chiqish holatlari bilan bog’liq bo’lgan.

Shuningdek, ro’mollarni o’rash usuli ayolning birinchi farzandi, nabirasi tug‘ilishi kabi omillarda ham o‘z aksini topgan. Qizlar­ ro‘moli yorqin tusda, asosan, qizil ranglarda bo‘lib, uchlari gardanga bog‘langan holda o‘rash talab etilgan. XIX asr so’nggi davrida yosh ayollar ro‘moli oq dokadan tayyorlanib, burchaklariga hoshiya bilan bezak berilgan. Bunday ro’mollar tikilish usuliga ko’ra boshqa ro’mollardan farq qilgan.

Jumladan, iroqi duroya, yurma zanjir kashtasi va sanama iroqi usullari ro’mollarni tikishda qo’llanilgan usullardan hisoblanadi. Ushbu ro‘mollar turidan ayollar 2–3 farzandli bo’lgunga qadar foydalanishgan, keyin esa kashtasiz oq ro‘mol o’ralgan.

Shuningdek, XIX asrda 2–3 farzandli ayollar sochpopukli kulyuta bosh kiyimidan foydalanishgan. Kulyutalar asosan, yorqin gulli kichik aylana shaklida bo‘lib, soch uchun boshning orqa tomondan biriktiri­ladigan maxsus xaltachasi ham bo‘lgan. Yosh ayollar bir vaqt­ning o‘zida ikkita ro‘mol o‘rashi mumkin bo’lgan. Katta ro‘mollar burchakma-burchak taxlanib, o’ralmasdan boshga tashlangan, ro’mol ikki burchagi esa ko‘krak qismida osilib turgan. Uning ustidan esa kichik rangli ro‘mol – durra bog‘langan.

Ayollar peshonasida durradan foydalanish go‘yo dabdaba va bashanglikni bergan. Yoshi ulug’ ayollar bir vaqtning o’zida uchta ro’moldan foydalanishgan, birinchi ro‘molning burchaklarini esa belga tashlab yurishgan. Uning ustidan peshona qismiga kichik ro‘mol bog‘langan. Ikkinchi ro‘molning ustidan esa dakana yoki loki sallasi o‘ralgan. Toshkent­lik keksa ayollarning sallasi erkaklar sallasidan farq qilgan. Ro’molning oxirgi qismi – pech belgacha osilib turgan yoki salla o‘ramiga qistirib qo‘yilgan.

XX asr boshla­riga kelib, salla o’rash urfdan chiqqan. Shundan so’ng ayollar ikkita ro‘mol o‘rashgan. Do’ppilar ham Toshkent va Farg’ona ayollarining asosiy bosh kiyimi hisoblangan. Aslida, bu hudud ayollari 1917-yilgacha do‘ppidan foydalanishmagam. Do‘ppi asosan, sobiq ittifoq davrida urfga kirgan. Faqat qizlar pat va tumorlar bilan bezatilgan bosh ki­yimi kiygan. Do’ppilarni tikishda, ularga bezak berishda turli xil kashta berish usullaridan foydalanilgan.

O’zbekiston Milliy entsiklopediyasida shunday yozilgan: Ijtimoiy – tarixiy taraqqiyotimizning keyingi bosqichlarida do’ppilarda “iroqi” usul keng tarqaldi. “Iroqi” kashtado’zlikda chok turi bo’lib, asosan, do’ppi, jiyak va mayda tikmalarda qo’llaniladi. Tikmaning bu turi, asosan, “X” shaklida bo’lib, undan gilam gullari shaklidagi tikmalarda keng foydalaniladi. Ushbu usul o’z navbatida “Sanama” va “Chizma” turlariga bo’linadi. “Sanama” turi, asosan, do’ppido’zlikda qo’llanilib, matoga chizilmasdan mato kataklarini sanash asosida naqsh solinadi. “Chizma” turi boshqa tikmalarda qalam bilan chizib tikiladigan shaklidir. Kashtado’zlikning “Iroqi” shakli respublikamizda keng tarqalgan bo’lib, “Shahrisabz kashtado’zligi”da iroqi choki qadimdan ma'lum bo’lgan, keyinchalik Toshkent, Samarqand, Farg’ona, Surxondaryo va boshqa joylarda keng tarqalgan”. Keyingi yillarda janubiy viloyatlarda istiqomat qiluvchi qiz va ayollar sochiqlarga gul va tasvirlarni tikishda iroqi usuldan keng foydalanish hollari kuzatilmoqda. Pilta urib bezak hosil qiladigan usuli “piltado’zlik” deyilib, Samarqand va Boysun do’ppichilik maktablarida keng qo’llaniladi. Mutaxassislarning fikricha: “Piltado’zlik o’tmishda chorvador bo’lib, yarim ko’chmanchilik asoslarda hayot kechiruvchi elat naqshlarida ko’zga tashlanib, piltalash usuli o’tovlarda chiylarni o’zaro biriktirishda keng foydalanilgan va bu amaliy san'at namunalarida ham o’z ifodasini topgan”.

Namangan viloyat O‘lkanshunoslik muzeyi.

Do’ppilar erkak, ayol, o’g’il va qiz bolalar uchun alohida usul va shakllarda tikilgan. Ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot natijasida oltin va kumushlar insonning moddiy darajasini belgilovchi omil sifatida shuhrat topgach, o’z moddiy darajasini ko’rsatish hamda irim-sirimlarga qarshi vosita sifatida bosh kiyimlarga ham tikila boshlangan. “Do’ppidagi kumush bezaklar inson ruhiyatini toza saqlashga, uni yomon ko’zlardan asrab, yovuz ruhlarni haydashga xizmat qiladi, degan tasavvurlar hukmron bo’lsa, oltin esa quyosh nurlaridek tovlanib, yorug’likning, abadiylikning nishonasi sifatida tushunilgan”. Ushbu jihat va an'analarning evolyutsion taraqqiyoti kumush va oltin rangli zardo’zlik iplarining paydo bo’lib, naqshlarda keng qo’llanilishiga olib keldi. Naqshlardagi zardo’zlik usullari, ayniqsa, yigirmanchi asrda o’zining rivojlanish bosqichiga etdi.

Qiz va juvonlar do’ppilariga badiiy-estetik belgi sifatida rangli ipaklardan foydalanilgan holda turli naqshlar solib tikilgan bo’lsa, erkaklar do’ppilarida bunday xususiyatlar kamroq bo’lgan. Yosh bolalar do’ppilariga turli bezaklar, taqinchoqlar, shuningdek jig’a sifatida qush parlari ham qo’shib tikilgan. Bunda estetik did bilan birgalikda ota-onaning bolasida ko’rishni istagan orzu-umidlari ham mujassam bo’lgan. Ayniqsa, chorvador elatlar farzandlariga atalgan do’ppilarga tovus, boyo’g’li va ukki patlarini tikishi yosh bolalarga estetik go’zallik baxsh etishi bilan bir qatorda, o’g’il bolalar bosh kiyimidagi parlar ilgari hukmdorlar tomonidan taqilib yuradigan jig’alarga ishora bo’lib, orzu-umidlar ifodasidir. Hatto, ayrim hududlarda, ayniqsa Xorazm, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo vohalarida ilgari yosh bolalarning do’ppilariga qushlar tirnog’ining qadab qo’yilishi, shuningdek respublikamizning barcha hudud aholisi yosh bolalari bosh kiyimida va boshqa kiyimlarida uchraydigan ko’zmunchoqlar yomon ko’zlar va yovuz ruhlar e'tiborini chalg’itish uchun qilingan ehtiyot chorasi hisoblangan.

Etnoijtimoiy-madaniy taraqqiyot va kiyimlarning evolyutsiyasi hamda yangi jamiyatlarga transformatsiyalashuvi shuni ko’rsatmoqdaki, do’ppilar yigirmanchi asrning birinchi yarmiga qadar, lokal mohiyat kasb etgan. Har bir urug’ yoki muayyan hudud aholisi do’ppilarida o’ziga xoslik jihatlari ko’proq namoyon bo’lgan. Toshkent do’ppilari, vodiy do’ppilari, Samarqand, Shahrisabz, Boysun do’ppilari rangi, naqshlari, tikilish usuli, shakli va boshqa jihatlari bilan bir - biridan farqlangan. Do’ppilar tikilishining qadimiyligi va har bir geografik hududda o’ziga xos shaklga egaligi bilan ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot jarayonida ishlab chiqarilgan hudud nomi bilan mashhur bo’lgan. Chunonchi, “Chust do’ppi”, “Andijon do’ppisi”, “Qo’qon do’ppisi” va hokazo.

Bugungi kunda mutaxassislarning e'tirof etishicha, do’ppilar shakli, naqshlanishi va o’ziga xos xususiyatlari bilan olti turga bo’linib, bu mintaqaviy jihatlar asosida xarakterlanadi. Bular: Toshkent, Farg’ona, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Qashqadaryo-Surxondaryo do’ppilaridir. Yigirmanchi asr ibtidosidan boshlab, mintaqamiz xalqlari orasida tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi natijasida ixcham va chiroyli do’ppilar turli bozorlarda sotilib, turfa hudud aholisi orasida o’z xaridorlarini topa boshladi.

“XX asrga kelib, o’lkamizda tikish mashinalarining paydo bo’lishi xalq amaliy san'atida rang-barang usullar, maktablar, naqshiy belgilar va tasvirlarning o’zgarishiga sabab bo’ladi. Natijada o’zbek ayollarining amaliy san'ati, ayniqsa, do’ppichilik san'ati bugun nafaqat chet ellarda, hatto qozoq, qirg’iz ayollarinikidan ham keskin farq qiladi.” Qozoq, qirg’iz do’ppilarining shakli yumaloq o’tovga o’xshasa, o’zbek do’ppilari to’rtburchakdir. ”Mutaxassislarning e'tirof etishlaricha, XX-asrning yigirma-o’ttizinchi yillariga kelib, milliy do’ppilarimiz o’z mukammalligi, dizayni, naqshlash usullari bilan o’zining yuqori qirrasiga etib, yosh bolalar, qizlar va yigitlar, erkaklar hamda ayollar tomonidan sevilib kiyiladigan bosh kiyimi sifatida o’z e'zozini topdi. Ushbu jihat do’ppilarimiz badiiy-estetik jihatdan mukammal bo’lganligidan dalolatdir. Bu davrga kelib, ilgari mavjud bo’lgan qo’l mehnatlari o’rniga sanoatlashgan artel va kichik sexlarning paydo bo’lishi natijasida yakka holda faoliyat ko’rsatayotgan do’ppido’z qiz va juvonlarning hamkorlikdagi faoliyatini ta'minlovchi va rag’batlantiruvchi kichik bo’lsada, ishlab chiqarish korxonalarining vujudga kelishi milliy do’ppilarimizning rang barangligini ta'minladi. Ayollarning birgalikdagi ijodiy mehnati va yaratuvchanlik qobiliyatining hosilasi sifatida do’ppi naqshlarida yangicha usullarning qo’llanilishi hamda ornamental motivlarning boyligi jihatidan an'anaviy va zamonaviy xususiyatlar uyg’unlashib boraverdi.

XX-asrning ikkinchi choragidan boshlab xalqimiz orasida xo’jalik va madaniy aloqalarning yanada rivojlanishi, turli viloyatlardagi millatimiz vakillari tomonidan milliy birlik tuyg’ularining o’sishi, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy munosabatlarning ijobiy mohiyat kasb eta borib, o’zaro umumiylikning ta'minlana borishi, xalqimiz vakillarining o’qish va turmush jarayonida o’zaro hamjihatliklari natijasida kiyim, xususan, do’ppilarda umumiylik jihatlari ustun darajada namoyon bo’la boshladi.

Zargarlik bezaklari Toshkent va Farg‘ona vodiysining an’analarga ko‘ra, bolalik davridanoq taqilgan. Ayollarning yosh va ijtomiy darajasiga qa­rab ular­ning soni o‘zgarib borgan. Bu davrda zargarlik bezaklari sifatida uzuk, sirg‘a, marjon va bilaguzuklar keng tarqalgan edi. Odatda, uzuklar rangli toshlar, shishalar bilan bezatilib, katta hajmda ishlangan. Oltin va kumushdan tayyorlangan bilaguzuklar ba’zan o‘yma naqshlar bilan bezatilgan. Toshkentda qubba shaklidagi, shokilali sirg‘alar, shuningdek, katta halqa ko‘rinishidagi qoshg‘ar boldoqlarini taqish urf bo’lgan. Qoshg‘ar boldoqlari o’zgacha bezatilgan bo’lib, pastki yarim qismi munchoq donachalari va skanye bilan boyitilgan. Ushbu sirg‘aning paydo bo’lish tarixi, Xitoy hukmronligida Qoshg‘ardan qochib, Farg‘ona vodiysiga kelib joylashgan qochoq­lar bilan bog’liqdir.

XIX asr so’ngida yangi shakldagi sirg’alar urfga kirgan, jumladan jiyda shakl­li shokilalari mavjud sirg‘alar va o‘zaro ulangan uchta vertikal plastinadan iborat sirg‘alar taqila boshlangan. Bunday sirg‘alar, odatda shishali toshlar va shokilalar (oyna zirak) bilan bezatilgan. XX asrning boshlarida qizil toshli va mayda marva­rid shokilali tilla ziraklarni taqish urfga kirgan. Shu asr boshlariga qadar burunga ham bir necha mayda toshli halqa taqish rusumga aylangan. Bir necha marjon shodasi esa ayollarning eng sevimli taqinchoqlardan biri hisoblangan. Marjonlarning miqdori boylik va farovonlik ramzi hisoblangan. Ushbu davrda marjon shoki­lalari bezalgan marjon shodalari jevak deb nomlangan. XX asr boshlarida tanga va munchoqlar bilan ishlangan zebigardon bezagini taqish urfga kirgan. Zebigardon besh qatorli zanjirga osilgan yettita bejirim medalyondan iborat nozik taqinchoqdir. Qubbacha shaklidagi peshovez (peshavuz) va kalitli shokilalari bo‘lgan peshxalta (kumush xaltacha) ham ko‘krakka taqiladigan bezaklar sirasiga kiradi. Bunday bezaklar ayollar ko‘ylagi­ning vertikal yirmochi yakunlangan qismiga taqilgan. Sochlar ham bezaklar bilan bezatilgan bo’lib, bir juft zarkokil yuzning ikki yon tomonidan yoki soch o‘rimlariga taqilgan. Ammo kumush naychalar orasidan o‘tkazilgan to‘qima shokilalar ko‘rinishidagi sochpopukdan ko‘proq foydalanilgan. Farg‘ona vodiysi va Toshkentda peshonaga taqiladigan bezaklar sifatida Tillabargak va tillaqosh xizmat qilgan. Ularga qo’shimcha sifatida zulfizar va peshanagajak kabi bezaklardan foydalanilgan. Ko‘ylakka taqi­ladigan bezaklarga feruza va marjonlar bilan qoplangan to‘rtburchak shaklli, yaproqchali shokilalar ulangan tillabargak kirgan. Ushbu bezakka aynan yap­roqchalar bo’lganligi sababli tillabargak nomi berilgan. Shuningdek, tillaqosh ham juda chiroyli bezak sanalgan. Uning o‘zaro ulangan qosh shaklli diademalari va tepa qismiga feruza bilan bezatilgan panjarasimon toji ayollarni yanada go’zal va nafis qilib ko’rsatgan. Tillaqoshdan, asosan, ayollar foydalangan. Biroq, Toshkentda bo‘yi yetgan qizlar ham bayramlarda ushbu bezakni taqishgan.

XX asrning boshlariga kelib, zargarlik buyumlariga bo’lgan qiziqish sustlasha bordi. Sababi, bu davrga kelib shoyi popukli gijim romollarni o’rash urfga kirdi. Peshonaga taqiladigan bezaklar urfga kirgan yangi ro‘mollar bilan mos tushmas edi.

Turmak. XIX asrda har bir yosh guruhiga mansub bo’lgan ayollarning o’ziga xos soch turmagi bo’lgan. Toshkent va Qo‘qonda qizlar sochlarini mayda jamalak qilib o‘rib, ularning bir qismini old tomonga tashlab yurish rusum bo’lgan. Ayollar ikki farzandli bo’lgunga qadar sochlarini 4-5 kokil qilib o’rib yurgan. O’rta yoshli ayollar esa 2 kokil qilib o‘rish talab etilgan. Turmushga chiqqan ayollar sochlari xalal bermasligi uchun ularni ikki juft qilib birgalikda o‘rgan. Ayollar 40 yoshga to’lguniga qadar sochlarining uchiga paxtali pilik o‘ragan. Pilik esa, o’z navbatida omad kel­tiruvchi vosita deb hisoblangan. Vaqt o’tib yoshi katta ayollar sochlar o‘rtasidan farq ochib, peshonaning tepasidan ikkita katta gulchambarak qilib sochlarni turmaklagan. Beva ayollar sochlarini yoyib, zanjirli munchoq bilan bezatish urf bo’lgan.

Ayollar oyoq kiyimlari ham milliy kiyimlarimiz tarkibida asosiy o’rinlardan birini egallaydi. Oyoq kiyimi qadimdan issiq-sovuq, ho’l-quruqdan asrashi bilan bir qatorda kishilarning xavfsizligini ta'minlashda ham muhim o’rin tutgan. Chunonchi, oyoq kiyim insonni har xil jarohatlardan asrashi bilan bir qatorda zarur paytda insonni mudofaa qilish quroli sifatida ham ishlatilgan. Ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot natijasida ayollar oyoq kiyimi shaklan turli xil bo’lib, ulardan biri – mahsidir. Mahsi bizning sharoitimizga juda qulay bo’lib, keng ommalashgan. Lozimlarning pocha qismi mahsining ichiga kirgizilgan. Boy odamlar iroqi mahsini mol terisidan qilingan kavush bilan kiyganlar, oddiy odamlar esa qish mavsumida yog’och kavush kiyishgan.

Namangan viloyat O‘lkashunoslik muzeyi.

XX-asrning birinchi yarmida ham mahsilar jamiyatning muayyan mavqega ega bo’lgan guruhlari tomonidan qiymat va ziynat berilib kiyilib kelingan. Ba'zi mahsilar oddiy charmdan oddiyroq rang berilib tikilgan bo’lsa, ba'zilari xilma-xil ranglarda rang berilib, ust qismi laklangan holda kiyilgan. Bunday mahsilar baland poshnali amirkon kovushlar bilan kiyilganda mahsulotning ham, ushbu oyoq kiyimini kiyuvchining ijtimoiy hayotdagi mavqei va funktsiyalari ham shunga qarab belgilangan.