Samarqand va Buxoro — Samarqand erkaklari kostyumi
Samarqand juda boy va qadimiy tarixga ega. Shaharning paydo bo’lishi va rivojlanishi nihoyatda murakkab jarayonda kechgan. Arxeologik ma’lumotlarga qaraganda tosh davridanoq…
Samarqand juda boy va qadimiy tarixga ega. Shaharning paydo bo’lishi va rivojlanishi nihoyatda murakkab jarayonda kechgan. Arxeologik ma’lumotlarga qaraganda tosh davridanoq Zarafshon vodiysi ibtidoiy ajdodlar tamonidan o’zlashtirligan. Bunga vodiyning serunum tuprog’i, mo’tadil iqlim va odamzod yashash uchun qulay sharoit mavjudligi sabab bo’lgan. Zarafshon vodiysining bir necha joylarida odamlar istiqomat qilganlar, hozirgi Samarqand hududida hali shahar paydo bo’lmasdan ancha oldin Universitet xiyobonining janubiy tamonida Lolazor mahallasi o’rnida, Obi Rahmat arig’ining chap qirg’og’idan qo’rg’oncha mahallasida va Sartepa mavzesining janubiy qismida eng qadimgi qishloqlar yuzaga kelgan. “Samarqand” so’zining birinchi qismi, ya’ni “Samar” so’zi shu shaharga asos solgan yoki shaharni bosib olgan kishi nomi bilan bog’laydi. Ammo tarixda bunday ismli kishi to’g’risida ma’lumot yo’q. So’zning ikkinchi qismi “Kent” (qand) – qishloq, shahar degan ma’noni bildiradi. Bu haqda juda ko’plab rivoyatlar bitilgan. Antik davr manbalarida shahar “Marakanda” deb atalgan. Balki, bu nom “Samarqand”ning yunoncha aytilishidir. Samarqand orqali sharq va g’arb savdosi amalga oshirilgan edi. Buyuk ipak yo’lida Samarqand muhim bo’g’in hisoblangan. Shahar savdogarlari Xitoy, Misr, Suriya, Hindiston, Vizantiya bilan savdo sotiq qilar edilar. Aynan Samarqandda sharq va g’arb madaniyatlari o’zaro to’qnashgan va bir-birini boyitgan. Shu boyis sharqda keng tarqalgan maqolalardan birida “G’arbda Rim, Sharqda Samarqand” deyilgan. Shuning uchun bo’lsa kerak Samarqand va Rim insoniyat taqdirdagi buyuk xizmatlarni nazarda tutib “Boqiy” shaharlar nomini olganlar.
Uzoq yillar mobaynida Samarqand Buyuk ipak yo‘lining asosiy markazi, qadimdan rivojlanib kelgan Sharqning ilm-fan va san’atning otasi hisoblanadi. Necha asrlar mobaynida Samarqand O’zbekistonning yuragi poytaxti hisobangan. O’z tarixi mobaynida savdo va hunarmandchilik markazi bo’ib kelgan.
Arxeoligik topilmalar orqali, Samarqand liboslari boy va rang-barang bo’lganligini kuzatish mumkin. Temur davrida Samarqand shahri poytaxt hisoblanib, yanada gullagan davrni o’z boshidan kechiradi. Amir Temur davrida san’atning xar bir yo’nalishi kabi, amaliy san’atning bir bo’lagi hisoblangan liboslarga ham katta e’tibor beriladi va o’ziga xos modaga asos solinadi.
Samarqand liboslari haqida soz borar ekan, u Buxoro liboslariga qisman o’xshash bo’lgan. Bu shaharda libos namunalarini yaratilishi uchun barcha sharoitlar mavjud bo’lgan. Shaharda hunarmandchilik va to’qimachilik rivojlangan edi. Mahalliy kosiblar matolarning tufa xillini ishlab chiqarishar edi. Jumladan, olacha, beqasaba, naqshli, to‘q qizil baxmal, adras Samarqand to‘qimachiligida alohida o‘rin tutgan. Tarixchi Narshihiyning qayd qilishicha, Samarqandning yuqori sifatli gazlamalari X asrlardayoq Suriya, Misr, Xuroson, Vizantiya kabi mamlakatlarida g’oyat qadrlangan.
Boburning ma’lum qilishicha esa, XV-XVI asrlarda Samarqandda maxsus tayyorlangan qimmatbaho mato – qirmizi baxmalning shuxrati ko’p mamlakatlarga tarqalgan ekan.
XIX asrgacha bu yerda ko’pgina matolarni tayyorlash to’xtatilib, XIX asr o’rtalaridagina samarqandlik kosiblar yana qaytadan turli gazlamalar to’qishni yo’lga qoyishdi. XX asr boshlarida Samarqandda 237 ta shoyi to’qish ustaxonasi faoliyat ko’rsatgan.

XIX asrda Samarqandda bir qator matolar ishlab chiqarilishi, zargarlik san’ati va charm ishlab chiqarish ham yo’lga qo’yilgan edi.
XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Samarqand liboslarida o’zgarishlar kuzatiladi. Samarqand shahrida o’zbeklar bilan tojiklarning o’zaro birga istiqomat qilishi liboslar uslubining o’xshashligiga olib keldi.
Samarqandning boshqa shaharlar, jumladan, Toshkent va Buxoro bilan muntazam ravishda yo‘lga qo‘yilgan xo‘jalik va madaniy aloqalari liboslarda yangi shakl va tarkibiy qismlarning paydo bo‘lishiga zamin yaratdi. Ayniqsa, bu jarayon ayollar libosida yaqqol namoyon bo‘lgan.
O’zbek xalqi qadimdan hunarmadchilik bilan kun kechirgan. Shu sababli xalqimiz hunarmand kishilarga alohida hurmat-e’tibor bilan qaraydi. O’zbekistonda hunarmanchilikning juda ko’p turlari mavjud. Masalan, kulollik, duradgorlik, temirchilik, misgarlik, binokorlik, toshtaroshlik, o’ymakorlik, kashtado’zlik, quroqchilik, tikuvchilik, to’quvchilik, zargarlik, zardo’zlik, bo’yoqchilik, kemasozlik, tunukasozlik va boshqalar. Quroqchilik, yani quroq usulida milliy buyumlar, kiyimlar tikish san’ati azaldan bizga momolarimiz tomonidan avloddan-avlodga meros bo’lib kelmoqda. Avvalo, quroq so’zi ’’qurg’oq’’ yani qurg’oqchilik so’zidan kelib chiqqan bo’lib, quroq tikish texnikasini qurg’oqchilik bo’lganidan keyingi yer yorilishi fakturasiga o’xshashligidan kelib chiqqan. O’zbekistonda quroqchilik qadimdan ma’lum bo’lib, o’ziga xos xususiyat va an’analarga boy. Bu san’at qadimiy tarixga ega, xususan, o’rta asrlarda Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” devonida hamda Husayn Voiz Koshifiy asarlarida muraqqa’(quroq to’n, janda) avliyo yoki darveshlar kiyimi sifatida eslatilgan. O’rta asr tasavvuf namoyandalari ko’pincha muraqqa’ yoki unga yaqin kiyimlarda tasvirlaganlar. Misol sifatida, Kamoliddin Xusayn Guzurgihiyning “Majolis ul-ushshoq” asariga ishlangan miniaturalarni keltirish mimkin. Quroq yoki muraqqa’ kiyim egasini balo va qazolardan saqlaydi, degan tushuncha xalq orasida ommalashgan. O’zbekistonda har bir viloyatning o’ziga xos quroq tikish usullari mavjud. Jumladan, qatlama quroq turna, ko’z, oq qush, tegirmon, quduq kabi tikish usullaridan foyadalanadilar va ular o’ziga xos ramziylikka egadir. Masalan, qadimda o’zbek xalqi yosh kelin-kuyovlarning yostiq jildlarini quroq texnikasida tikishgan. Buning ma’nosi yosh kelin-kuyovning hayoti bir-biriga quroq kabi ulanib, mustahkam rishtaga aylansin, ahil-inoq oila bo’lsin deganidir.
Samarqand va Buxoroda quroq texnikasi ko’proq bolalar liboslarida qo’llanilgan. Buning o’ziga xos ma’nosi bo’lib, yosh bolalarni yomon ko’zlardan asraydi deb hisoblashgan. Kelinlar sarpasida quroq texnikasidan tayyorlangan buyumlar bo’lishi shart bo’lgan. Ularga quroq texnikasidagi buyumlarni buvilari va momolari tikishgan. Bir tomondan ularning bo’sh vaqtlarini unumli o’tsa, ikkinchi tomondan kelin sarpasining asosiy buyumlari tayyor bo’lgan. Kelin sarpasiga quroq texnikasida tikilgan buyum berilishi azaliy udumlardan sanalib, bu an’ana hanuzgacha saqlanib kelinmoqda. Buning ramziy ma’nosi kelin-kuyov ham shu quroq kabi o’zidan ko’paysin deganidir. Nikoh marosimlarida kelin va kuyov quroq texnikasida tikilgan ko’rpacha ustida va quroq texnikasida tikilgan dasturxon yonida o’tirishgan. Chimildiqda 40 kun chilla vaqtida quroq texnikasida tikilgan dasturxon tutilgan. Dasturxon o’lchami 80x80 bo’lib, to’rtburchak shaklda bo’lgan. Kelinlar sepiga 2 ta quroq yostiq, 1ta quroq ko’rpacha va 1ta quroq texnikasida tikilgan dasturxon bo’lgan. Quroq yostiqlar kelinning yangi uyidagi taxlamdagi ko’rpa va ko’rpachalarning ustiga bezak sifatida yasatib qo’yilgan. Yangi kelin-kuyovlarning xonasiga quroq texnikasidagi buyumlarni qo’yilishining yana bir sababi, kelgan mehmonlarning har xil yahshi-yomon nazarlari yosh kelin-kuyovga emas, aynan shu quroq texnikasidagi buyumlarga tushsin deganidir. Chindan ham quroq texnikasidagi buyumlar o’zining jimjimador va rang-barangligi bilan inson diqqatini o’ziga jalb etadi.
Samarqand va Buxoroda quroq texnikasining shakllari ko’proq to’rtburchak va uchburchak shakllarda bo’lib, asosan oq ranglardagi bo’lakchalarni boshqa hil rangdagi bo’lakchalar bilan uyg’unlashtirilgan holda ishlatishgan. To’rtburcak shakllarni romb shaklida qatorlashtirib tikish usuli – “olmaqato” deb nom olgan. Shuningdek, quroq texnikasining taxlamali uslubidan ham keng foydalanishgan. Bu usul- “tirna”’ deb nomlangan. Ushbu texnikada tikilgan uy ro’zg’or buyumlari yani ushlagichlar, choynak yopgichlar, ko’rpacha va hokazolar shular jumlasidandir.
Erkaklar
libosi Buxoro liboslariga ohshashdir. Samarqand liboslarining o‘ziga xos jihati mavjud edi.
Unda yengil chopon ustki kiyim sifatida kiyilgan. Yengil chopon ichidan qavilgan xalat yoki guppi kiyilgan. A’za marosimlarida esa chopon ustidan belbog’
boglangan. Kundalik hayotda esa belbog’ni chopon
ichidan bog’langan. Chopon ichidan tunikasimon ko’ylak
kiyilgan. Ko’ylaknin o’zi va yenglari tor bo‘lib, qo‘l panjalarini yopib
turmagan. Ko’ylakning uzunligi tizzagacha
bo’lib, yoqa qismiga oddiy jiyak bilan bezak berilgan. Qavilgan guppi erkaklar ko‘ylagining bir turi
hisoblanadi.
Erkaklar choponining yoqa qismi ikki qiyiqdan iborat bo‘lib, bo‘yin qismi keng, ko‘krakka kelib toraygan. Chopon uzunligi odatda, tizzadan pastroq qilib tikilgan. Ammo aslzoda va din peshvolari choponlari uzun bo’lib to’piqqacha tushib turgan. Choponlarning bichimi keng bo’lmay, yenglari tor va uzun bo’lgan. Choponning yoqa qismida bog’ichlari bo’lib, namozni ado etish paytda bog‘ichlar bog‘langan. Samarqandda erkaklar avval yaktak (), ustidan chopon va movut chakmon kiyishgan. Ular tunikasimon bichim asosida tikilgan. Choponning yenglari cheti, etagi, yoqasiga jiyak bilan bezak berilgan, shuningdek yon tomonlardagi kesik joylariga ipdan popuk qilingan. O’sha davrda yashagan xitoylik sayyoh Chan-Chun bu hususida shunday deb yozib qoldirgan: “Samarqandlik erkaklar va ayollar koylaklari mayin oq jun matodan tikilgandir. Ko’rinishidan qopga o’xshaydigan bu libos turi yengli bo’lib, etagi keng”.


Odatda, choponlar odmi matolardan hamda to‘q yashil rangli movutdan tikilgan. XIX asr oxiriga kelib, choponlarni tikish uchun naqshli qoraqosh matosi va gajdumak matolari keng qo’llanilgan. Bu matoning qoraqosh deb nomlanishiga oq, qizil va to‘q ko‘k rangli chiziqlar ketma-ketligidan iborat bo’lganidir. Gajdumak esa ingichka to‘q qizil yoki sariq rangli chiziqlarning ko‘k, oq va olachipor chiziqlar ketma-ketligidan iborat edi. Ushbu mato zanjir usulida to’qilgan. Bayram va marosimlar uchun mo‘ljallangan choponlar shoyi va beqasaba nimshoyi matolardan tikilgan. 1880-yilga kelib yorqin, oq va binafsha rang chiziqli matolar ishlab chiqildi. To’y choponlari uchun beqasaba matosidan foydalanilgan. Ular asosan, oq, yashil, binafsha va qizil rangli keng chiziqlar birikmasidan foydalanib to’qilgan.

Ushbu matolardagi chiziqlar kengligi kamayib ingichka chiziqlarga aylangan va ular taroq deb nomlangan. To‘y choponi ustidan esa belbog‘ ham bog‘langan.
Erkaklar bosh kiyimi odatda, mato va mo‘ynadan tayyorlangan. Ular turli hil shaklda bo’lib, telpak, do‘ppi va salla deb nomlangan.

Matolar ishlatilgan bosh kiyim uch turda bo’lib, ular qalpoq, araqchin va kuloh deb yuritilgan. Qalpoq konussimon shaklda bo’lib, astarli va qavilgan, gardishi keng bosh kiyimi bo’lgan. Araqchin bosh kiyimi esa boshga yopishib turgan. Uning astari oq matodan tikilib, kashtalar berilmagan. Araqchin, asosan, qimmatbaho do‘ppi yoki mo‘ynali telpak tagidan kiyilgan. Yana bir bosh kiyim kuloh to‘rtta uchburchakli segmentdan tashkil topib, gardishsiz bo’lgan. Bunday bosh kiyim asosan, darvish-qalandarlar uchun xos bo’lgan. Erkaklar uchun yana bir bosh kiyim telpak hisoblangan. Ushbu bosh kiyimning asosiy joyi qorako‘ldan tayyorlanib, yon tomonlari esa qunduz yoki suv qunduzi mo‘ynasidan qilingan. Telpakning astari tulki yoki qo‘y terisidan ishlangan. Bunday teplaklar ko’rinishi kulohga o‘xshash bo’lgan.
Shuningdek, erkaklar uchun asosiy bosh kiyim salla va do’ppi ham hisoblangan.
Do’ppini tikish usuli bo’yicha N.Nazarov fikri quyidagicha: Yo’rma (jo’rma) usuli esa zanjirsimon ko’rinishdagi naqshlarga ega bo’lib, kichkina, ya'ni ilmoqli bigiz bilan, Samarqand do’ppido’zlik maktablarida igna bilan ham tikiladi. Do’ppi yo’rmado’zligida bigiz sanchilib, matoning orqasiga o’tkaziladi, ipni ilintirib, bigiz yana yuzaga chiqariladi. Ushbu usulda halqalar zanjiri hosil qilinib, naqshlab borilgan. Igna bilan tikishda igna sanchilib halqa yasaladi. Keyingi yillarda tikuv mashinalari rivojlanib, yo’rmaning “popov” usulida tikish keng quloch yoydi. Amaliy san'at namunalari, xususan, do’ppido’zlikda o’zbek millatining laqay elati kashtado’zligi alohida ahamiyat kasb etib, milliy qadriyatlarimiz namunasi sifatida olim va mutaxassislar tomonidan e'zozlanayotganligi quvonarlidir. Laqay qizlari tikadigan bosma va yo’rma (jo’rma) do’ppilar jahon muzeylarida bebaho eksponatlar sifatida o’rin olganligi millatimizning faxridir. Umuman, kiyinish madaniyatidagi badiiy-estetik jihatlarning ta'minlanishida qiz va ayollarimizning o’rni ahamiyatlidir.
Bu haqda olima O.Nishonova shunday yozadi: “…etnomadaniy hayotning faol sub'ektlari qadimdan ayollar, xotin-qizlar bo’lib kelgan, istiqlol tufayli ular ushbu faolligini yanada kengroq namoyon etish imkoniyatiga ega bo’ldi”. Milliy qadriyatlarimizdan bo’lgan do’ppini ixtiro qilish, tayyorlash, tikish usullaridan quyidagi xulosalarga kelish mumkin: birinchidan, Sharq xalqlarida, shu jumladan, o’zbek xalqida ham inson, ayniqsa, uning boshi ulug’langan; ikkinchidan, tarixiy – falsafiy manbalarda ham diniy (islomiy) ta'limotlarda ham boshni har qanday ta'sirlardan saqlashga alohida e'tibor berilgan; uchinchidan, mehnatkash o’zbek xalqi boshni turli ta'sirlardan saqlash uchun etnomadaniy xususiyatlar, geografik iqlim – sharoitlarni hisobga olgan holda rang – barang do’ppilarni ixtiro qilgan; to’rtinchidan, mustaqillik milliy an'analarimiz rivojida shunday muhim omil bo’ldiki, natijada an'anaviy kiyinish madaniyati zamonaviy xususiyatlar bilan uyg’unlashib, ulardagi badiiy-estetik belgilarning mukammallashuvi yangi sifatiy bosqichga ko’tarildi.
Poyabzal. Erkaklar, asosan qattiq tagcharmli, uzunligi tizzagacha bo’lgan muza nomli etik kiyishgan. Shuningdek, qishloq aholisi zamshdan tayyorlangan uchi qayrilgan mo‘kki nomli etikdan foydalanishgan. Etikni paytava bilan kiyish urf bo’lgan. Paytavani esa naqshlar berib bezak berilgan.
Belbog‘ sifatida erkaklar – miyonband, ya’ni burchakma-burchak buklangan to‘rtburchak ro‘moldan foydalanishgan. Shuningdek, to‘g‘ri burchakli futa ham belbog’ vazifasini o‘tagan. Belbog’lar bir paytning o’zida bir necha vazifani bajargan. Jumladan, joynamoz, dasturxon yoki sallani o’rash uchun ham belbog’dan foydalanilgan. Kuyovlar belbog‘i odatda, kashta bilan tikib chiqilgan. Erkaklar yoshlariga qarab belbog’ rangini tanlashgan. Har bir rang o’z ma’nosiga ega bo’lgan. Xususan, yoshlar yigitlar qizil rangda belbog’ bog’lshsa, o‘rta yoshli erkaklar ko‘k rangda, qariyalar esa oq rangli belbog‘dan foydalanishni ma’qul ko’rishgan.