Samarqand va Buxoro — Samarqand ayollari kostyumi
Samarqand ayollari doimo o’zining go’zalligi bilan mashxur bolgan. Ularga ko’rk berishda esa libosning o’ziga xos o’rni mavjud. Ayollar libosi umumiy bir komplektni tashkil etgan.…
Samarqand ayollari doimo o’zining go’zalligi bilan mashxur bolgan. Ularga ko’rk berishda esa libosning o’ziga xos o’rni mavjud. Ayollar libosi umumiy bir komplektni tashkil etgan. Odatda, an’anaviy liboslar ichiga ko‘ylak, lozim, ustki kiyim bosh kiyimi va poyabzal kirgan. Ustki kiyim sifatida esa munisak, paranji, chopondan foydalanishgan. Shuni ta’kidlab otish joizki, kundalik va marosim liboslarining bichimi bir xil bo’lgan. Biroq, liboslar o’zining matolari hamda uning bezaklari bilan tubdan farq qilgan.
Ayollar liboslar to’plamida ko’ylak asosiy o’rinda bo’lgan. Asrlar osha an’anaviy bichimdagi libos ko’rinishlari o’zgarib, yangi ko’rinishdagi liboslar urfga kirdi. Jumladan, koketka, ya’ni ko’krak burma kabi yangi bichimlar asosida ko’ylaklar tikila boshladi.


Ammo XX asrning
boshlariga qadar Samarqandning ayrim tumanlarida an’anaviy bichimdagi
ko‘ylaklar kiyilgan. Samarqand an’anaviy ayollar
ko‘ylaklari Buxoro liboslaridan kam farq qilgan. Samarqand ayollari
ko’ylaklarining yenglari tor, ensiz, bilak qimining eni 20 santimetrni tashkil
etgan.
Aslida Buxoroda, ayollar bir necha ko‘ylakni ustma-ust kiyishi odat bo‘lgan. Ko‘ylak yenglari uning eni singari 2 barobar katta bo‘lgan.
Yeng tagidan to‘g‘ri yoki sal qiya bo’ylab yonbosh tikilgan. Ayollar ko‘ylaklari kurtayi peshkusho odatda, bo‘yindan belgacha bo‘ylama yirmochga ega bo‘lgan. Ko’ylakda ko’rsatilgan qirqimlarning ramziy ma’nosi mavjud bo’lgan.
Ko’ylak yoqasi qanchalik ochiq bo’lsa, ayol o’z taqdiridan nechog’li xursandligi bilinib turgan.

Qiz bolalar yoqasi ochiq ko’ylakni kiymagan. Bunday ko’ylaklar to’ydan so’ng kiyilgan bo’lib, ayollar qarigunga qadar shunday libos bichimidan foydalanishgan. Ayollar ko’ylagi yoqasiz bo’lib, ko‘ylak o‘rtasidagi vertikal yirmoch tugma bilan qadalgan yoki bog‘ichlar bog‘langan.

Samarqand ayollarining ko’ylagi Buxoro ko‘ylaklari kabi chiroyli bo’lib, kurtayi peshkusho yoqasiga ham keng ko’rinishdagi jiyaklar tikilgan. Ayrim hollarda jiyak Buxoro uslubi bo‘yicha zar iplar bilan ham bezatilgan. Ammo Samarqand ayollari ko’ylagidagi jiyak ko‘pincha to‘qima bo‘lib, unga iroqi uslubida kashta tikilgan.
XX asrning boshlariga kelib, peshkusho ko’yalgini faqatgina yoshi ulug’ ayollar kiyishgan. Sababi, bu davrga kelib, peshkusho kiyish rusumdan qolgan edi.Ba’zi hollarda ko’ylak boshdan oson o‘tishi uchun libos bo‘yin o’mizining ikki tomoni kesilgan. Matoning ortiqcha joyi chim-chim burmasiga to‘plangan. Ko‘krak qismi kamarcha bog‘ichi bilan bog‘lanib, tugma bilan qadalgan.

Ayollar ko’ylagining yoqa o’mizining bichimi doim o’zgarib tugan. XIX asr oxiriga kelib, tik yoqali va plankali bugmak ko’ylaklar turi urfga kirgan. Yoqalar ustidan burma yoki mayda far-far burmalar bilan bezatilgan. Ko’p hollarda ko’ylaklar yoqasi burmasiz, oddiy ham bo’lib, bir yoki bir necha tugmaga qadalgan. Bunday yoqalar turi Samarqandda XX asr boshlariga qadr rusum bo’lgan.

“Mohi Xosa” Amaliy san’at muzeyi. Buxoro.
Ayollar ko’ylagi uzun bo’lmagan. Uning uzunligi boldir o’rtasiga etib lozim ko’rinib turgan.
O’zbekistonning barcha hududlari singari samarqandlik qizlar ham gorizontal yoqali, keng va zex kabi to‘qima jiyaklar bilan bezatilgan ko‘ylak kiyishgan.

“Mohi Xosa” Amaliy san’at muzeyi. Buxoro.
Shuningdek, qizlarning ko‘ylaklariga ikkita o‘riladigan jonona va qo‘sh jonona jiyaklaridan ham foydalanishgan. Bunday jiyaklar uchi popukli bo’lgan. Jiyaklardagi naqsh va popuk majburiy bo‘lib, uning paydo bo’lish tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi.


Qizlarning ko‘ylaklari yorqin qizil yoki pushti ranglarda bo’lgan. Odatda, mayda gulli matolar qizlar uchun tanlangan. Yosh ayollar, jumladan bir necha farzand onasi ham bir vaqtning o’zida liboslar uchun qizil va pushti hamda ko‘k ranglarda libos kiyishi mumkin bo’lgan.

Keksa yoshdagi ayollar uchun yorqin, qizil va pushti rang ko‘ylak kiyishlariga ruxsat berilmagan. Yoshi ulug’ ayollar ko‘ylaklarida ko‘k, moviy yoki kulrang asosiy ranglar hisoblanib, oq rangli tasvirlar ham bo‘lgan. Shuningdek, keksa ayollar oq va ko‘k rangli, gulsiz, sidirg’a ko‘ylaklar ham kiyishgan. Qora va ko’k ranglar motam ramzi hisoblanib, bunday rangdagi ko’ylaklarni faqat motam marosimlarida kiyilgan. Olimlar T.A.Abdullaev, S.A.Xasanovalarning fikricha: “Motam kiyimlari judda oddiy va odmi bo’lib, asosan juvon va ayollar tomonidan kiyilgan. Samarqandda ayollarning motam kiyimlari yoshligidanoq tayyorlab qo’yilgan. Bular mursak, ro’mol, maxsi va kavush”. Buning sababi esa, motam kiyimlarini qanchalik avval tayyorlab qo’ysa, ular shunchalik insonga savob beradi, degan fikrlar mavjud bo’lgan. Bunday udumlar bugungi kunda ham o’z ahamiyatini yoqotmagan.
Ayollar choponi erkaklar choponidan bezagi bilan farq qilgan. Erkaklar choponiga jiyak bilan bezak berilsa, ayollarning choponi bundan mustasno bo’lgan (232-lar).


Biroq, adiplashda mag‘zi matosidan foydalanilgan. Shuningdek, ayollar va erkaklar choponi uchun matolar turlicha tanlangan. Ayollar choponi uchun shoyi va abri naqshli adraslar tanlangan. Ustki kiyim sifatida nafaqat chopon, balki munisak (kaltacha) va paranji kiyilgan. Munisak bichimi tunikasimon shaklda bo‘lib, unda qulfak va yoqa, bel qismi qatlanib, bir necha qaviq bilan mustahkamlangan.

Samarqand munisagi boshqa hududlarning munisaklaridan farq qilgan. Uning bel qismida qat-qat taxlar bo‘lgan. Bu esa o’z navbatida ayollar qaddi-qomatini yanada xushbichim qilib ko‘rsatgan. Munisak yenglarining yuqori qismi keng bo‘lib, bilakka qarab torayib borgan. Munisaklar astarli va astarsiz qilib ham tikilgan. Olacha matosidan tikilgan astarsiz munisak yaktagi kaut deb nomlangan. Ayollar mavqei darajasiga qarab munisak matolarining sifati tanlangan. Badavlat ayollar munisak uchun qimmatbaho matolar tanlashgan. Jumladan, shoyi, adras, banoras, ya’ni ingichka qora yo‘l-yo‘lli oq nimshoyi mato, Buxoro duxobasi, parcha va baxmaldan munisak kiyishgan.

Qimmatbaho munisaklar odatda, astarli qilib tikilgan. Bunday munisaklar uchun yorqin rangli farovez astari tanlangan. Munisaklarda tikma qulfak va etak qismida yon yirmochlar bo‘lgan. Shuningdek, ular sherozi jiyaklari bilan ham bezatilgan.
Samarqandlik ayollar ham paranji kiyishgan. Paranji uchun maxsus mato ko‘k olacha tanlangan. XIX asrning so‘nggi o‘n yilliklariga kelib, yangi paydo bo’lgan Rus-Yevropa modasi ta’sirida paranjilarni turfa xilini tayyorlash urfga kirdi. Bunday paranjilar rang-barang rus duxobasi, xonaki nimshoyi parpashsha matosi, qo‘lda to‘qilgan misri yoki nuqraqub matosidan tikilgan. Samarqand paranjilarini boshqa hudud paranjisidan farqi, asosan bezagida bo’lgan. Samarqand paranjisida chetlariga popukli jiyak bilan bezak berilgan. Bunday paranjilarda dekorativ cho‘ntaklar bo‘lmagan, ular oddiy bezatilgan. Soxta yenglar biriktirilgan joyda, yashil, binafsharang duxobadan chetlariga popukli jiyak va yaltiroq po‘lakcha, ya’ni mayda munchoq qadalgan ikkita tasma tikilgan. Ba’zan esa gul-bezak yoki mato parchalaridan tayyorlangan bezak ham tikilgan.
Yoshi katta ayollar paranjisining yeng qismining orqa tomoniga hamda paranjining old tomoniga tasmalar tikilgan. Bu tasmalar nafaqat bezak, balki bog‘ich vazifasini ham o‘tagan. Ayrim hollarda esa tasmalarning o‘rnini tugma va ilmoqlar ham egallagan. Badavlat ayollarning paranjilarida yoqasi bo‘ylab tikilgan kumushli bezaklarni kuzatish mumkin edi. Shuningdek, paranjining yon va etak qismlariga sherozi jiyaklaridan ham bezak sifatida foydalanilgan. Samarqand paranjilariga, xos bo’lgan jihatlardan biri jiyak bilan bezak berishdir. Jumladan, ensiz, qora va yashil tasmaga to‘qilgan jiyak bilan bezak berish ham urf hisoblanagan. Jiyak bilan bezak berish qatorida “tog‘ kiyigi” guldo‘zi kashtasi ham bo‘lgan.
Samarqand paranjilarining chachvoni kalta bo‘lib, deyarli belgacha tushgan. Badavlat ayollar paranjilari chachvonlarining pastki qismi pushti yoki moviy rang munchoqlar bilan bezatilgan. Munchoqlar pastga qarab chachvon uzunligi bo‘ylab tushirilgan.
XIX asrning birinchi yarmiga kelib, samarqandlik ayollar poyafzal sifatida mahsi va echki terisidan tayyorlangan qayroqidan foydalanishgan. Ushbu poyafzal yashil saxtiyondan baland poshnali qilib tayyorlangan. Shuningdek, qayroqini past poshnali kavush bilan ham kiyilgan. Ma’lum bo’lishicha, kavushning o‘ng va chap poylari bir-biridan umuman farq qilmagan.
Samarqand ayollarining bosh kiyimlari turfa xil bo’lgan. XIX asr o‘rtalariga kelib, to‘ppi qizlarning asosiy bosh kiyimi hisoblangan. To‘ppi baland qilib tikilmagan. Bunday to’ppilar katta gardishi bargagi mavjud bo‘lmagan kulutuni eslatib yuboradi. XIX asrning birinchi yarmiga kelib, ayollar sallaga o‘xshash bosh kiyimni kiya boshladilar. Ushbu bosh kiyim loki deb nomlangan. Lokini kiyishdan avval oq matodan tayyorlangan lachak iyakdan o‘tkazilib o‘ralgan. Bargakli bosh kiyimi ustidan loki o‘ralgan. Bunday bosh kiyim farzand tug‘ilganidan so’ng kiyilgan. Bu an’ana onalik baxtiga erishgan ayollar uchun qo’llanilgan. Vaqt o’tib ushbu bosh kiyimi yoshi katta ayollarga xos buyumga aylangan.
Ayollar bosh kiyimlarining bir turi – ro’mol hisoblangan. XIX asrning 70-yillarida yosh ayollar, asosan, ikkita ro‘mol o‘rashgan. Birinchi ro’mol boshga erkin yopilib, pastki qismi orqa tomonga tashlab qo’yilgan. Ikkinchi ro‘molning ikki uchi soch o‘rimi orasidan o‘tkazilib, peshonaga tang‘ib qo‘yilgan. Ayollar oq ro’mollardan ham foydalanishgan. Jimjimador oq ro‘mollarning burchaklari kashta bilan bezatilgan..

Buxoro Davlat badiiy-me’moriy muzey-qo‘riqxonasi.
Shuningdek, samarqandlik ayollar mahalliy hunarmandlar tomonidan tayyorlangan shoyi ro‘mol va peshonabandlardan foydalanishgan Peshonabandlarning rangi ayollar yoshiga qarab tanlangan. Dastlab peshonaband eni baland bo‘lgan, ammo vaqt o‘tishi bilan uning shakli qisqarib brogan.


Aslzoda xonimlar, asosan zardo‘zi usulida kashta solingan peshonabanddan foydalanishgan. Ammo shuni ham ta’kidlab o’tish joizki, zar kashtali peshonabandlar oddiyroq bo’lib, Buxoro peshonabandlaridek, nafis, zarga to’la, jilvakor bo‘lmagan.


