Samarqand va Buxoro — Buxoro erkaklari kostyumi
Buxoro xalqining kiyim – kechaklari ko’p asrlik tarixga ega. Aslar davomida shakllanib, mazmunan boyigan bu ma'naviy xazinaning asosiy qismini xalq amaliy san'ati tashkil etadi.…
Buxoro xalqining kiyim – kechaklari ko’p asrlik tarixga ega. Aslar davomida shakllanib, mazmunan boyigan bu ma'naviy xazinaning asosiy qismini xalq amaliy san'ati tashkil etadi. Xalq yaratgan hunarmandchilik turlarining bunday yuksak san'at darajasiga erishuvi, o'tmishdan hozirgacha uzluksiz davom etib kelayotgan izlanishlar samarasidir.
Buxoro o'zbeklari milliy kiyimlarining noyob namunalari aholi har bir toifasining ijtimoiy ahvolidan kelib chiqib taqdim etilgan. An'anaviy milliy kiyimlarda qo'shni davlatlarning madaniy ta'siri kuzatiladi, uning asosiy shakllari va ayrim elementlari asrlar davomida yaratilgan.
Ma’lumki, Buxoro qadimdan Samarqand kabi poytaxtlardan biri bo’lib, san’at va madaniyatning yuksak darajada rivojlangan shaxarlardan biri hisoblangan. Bu davrda nafaqat, san’at balki, ilm-fan, hunarmandchilik ham rivojlanib borgan.
XIX va XX asr boshlarida kashtachilik san'atining bir turi bo'lgan zardo'zlik Buxoroning o'ziga xos xususiyatini aks ettirgan. Mazmuni jihatdan xalqchil bo'lgan va qimmatbaho matodan tayyorlanadigan zardo'zi kiyimlar mahalliy aholining turli tabaqalari o'rtasida keng tarqalgan ipak ip bilan kashta tikishga qaraganda nozik didni talab qilgan. Bu kiyim-kechaklar, asosan amir saroyidagilarning ehtiyoji uchun tikilgan, ba'zan esa shahardagi boy ayonlar uchun ham tayyorlangan.
Qadim – qadimdan Buxoro va Samarqand shoyi, yarim shoyi barqut va ip-gazlama matolar ishlab chiqarish bilan shuhrat qozongan. X asrning muarrihi Muxammad Nurshaxiy ta’kidlashicha, Movarunnaxrning biror bir shahrida Buxorodagidek chiroyli gazmol to’qiy olmaganlar. O’rta asrlarda Buxoro vohasi hududida shoyi va ip-gazlama to’qimachiligi markazi Zandana qishlog’i hisoblangan, shu nomdan “Zanadanachi” degan mato atamasi kelib chiqqan. Buxoro to’qimachilarning mahsuloti Buyuk Ipak Yo’li orqali butun dunyoga tarqalgan.
Matolarni ishlab chiqarish, to’qimachilik kabi amaliy san’at turlari ham keng ko’lamda gullagan. Jumladan, ip-gazlama, nimshoyi, shoyi, baxmal, duxoba, parcha kabi matolar ishlab chiqarilgan. Bunday matolar sarasini, nafaqat saroy ahillari uchun, balki qo’shni davlat zodagon va aslzodalari uchun ham sovg’a sifatida taqdim etilgan. Buxoro mato to’qimachilarining dovrug’i xorij davlatlariga ham etib borgan edi. Masalan, nafis shoyilar, beqiyos zarbof to’nlari Rossiya podshosi saroyida hamisha ardoqlangan.
Buxoro Davlat muzey-qo’riqxonasi gazlamalari to’plami 450 dan ko’proq namunani o’z ichiga olgan bo’lib, yuqori sifatli yo’l-yo’l va abrli mayin matolarni oddiy va murakkab chatishuvining boy to’plamini o’zida namoyon etadi, jumladan, atlas, adras, shohi, olacha, banoras, beqasam, chiti-chati, gulbosma, qalami va hokazo. Muzey to’plami 1924 – 1993 yillar davomida shakllangan. U metr ko’rinishida, tayyor kiyim holatida, maishiy bezak buyumlari sifatida matolar namunalaridan tashkil topgan. Muzey matolar to’plamini tadrijiy ravishda uch yirik davrga bo’lish mumkin:
XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshi matolarini, ayniqsa qiziqarli namunalari to’qilgan, ular bezagida o’ziga xos xususiyatlar yaqqol aks etib turadi. Ular orasida bolalar, erkaklar, ayollar ustki kiyimlari majmualari, maishiy buyumlar va uy ichi buyumlari saqlanib kelingan.
1920 – 1960 yillar. Bu davrga shirkatlarda qo’l bola usulida to’qilgan mato namunalari kiradi. Bu davrda mato ishlab chiqarish va bezashning yetakchi usullari Buxoro va Farg’ona usullari hisoblanadi.
1960 – 1990 yillar. Bu davr to’plami fabrika to’qimachiligi mahsulotlari hisoblanadi.
Gazmollarning gullari alohida ahamiyat kasb etadi. Qo’l bola matolarning badiiy bezagi, asosan ikki turdan iborat bo’lib, bular: yo’l – yo’l chiziqlarni bir maromda almashib turishidir.
“Abrbandi” usuli gul va rasmlarga ko’ra asos yarim joylarini keyingi boyash ishi vositasida bir- biriga bog’lash yo’li bilan boshqa joyga ko’chirishdan iborat. Bunday usul xira, chaplangan chiziqlarni yuzaga keltirgan. Abrli matolar rasmi kamalak ranglarining bir-biridan o’qsimon ajralishini o’zida namoyon etgan.
Abrli gullar tuzilishi asosan yirik gullarning joylashuvi yoki mayda gullarning matoning barcha burchaklariga yoyilishidan iborat bo’lgan.
Naqshlarda handasaviy, islimiy, buyum shakillari bir-biri bilan uyg’unlashib ketgan bo’lib, ular Buxoro va Hisor shoyisi va yarim shoyisi namunalarida uchraydi.
Xorijdan kelgan sayyohlarning yozib qoldirgan ma’lumotlariga ko’ra, XIX asrda Buxoroda amir, saroy ahillari, jumladan erkak va ayollar ham juda bashang kiyinishgan. Asosiy matolar shoyi hisoblangan. Ustki libos sifatida zarbof to’n, yoki adrasdan tikilgan choponlarni ma’qul ko’rishgan.
Erkaklar zar bilan tikilgan to'n, kamzul, chakmon, chalvor, poyafzal, belbog', salla, kuloh va jul faqat xonga va uning buyurtmasi yoki yaqinlari tomonidan bironta oilaviy tantana yoki bayram munosabati bilan tayyorlash buyuriladi. Hech kim, hatto eng katta amaldorlardan birontasi ham bu kiyimlardan hech birini o'ziga buyurtirishga haqi yo'q edi, ular zarboft kiyimlarni amir sovg'a qilgandagina kiyishlari mumkin bo’lgan.
Qadimgi davrda zardo’zlik namunalari bizgacha yetib kelmagan. Biroq, yozma adabiyot manba’larida san’atning bu turi XIV asrda ham mavjudligi, eramizning VI-VII asrlariga oid devoriy rasmlardagi ajoyib naqshu- nigorlar esa zardo’zlik ilk o’rta asrlarga ham rivoj topganligi haqida darak beradi.
Zardo’zlik san’ati o’zining uzoq tarixiga ega bo’lib, deyarli barcha Sharq mamlakatlari uning vatani hisoblanadi. Zardo’zlikning vatani qadimgi Yunoniston bo’lib, bu yerda zodogonlar zar, ipak va jun ip qo’shib to’qilgan kashtali naqshlar tushirilgan kiyimlar kiyishgan. Keyinchalik Rim imperiyasi tomonidan bosib olingan. Qadimgi Misr va Bobilda ham zardo’zlik rivojlangan. Ayniqsa, Qadimgi Bobil (Vavilion) o’zining kashtali qimmatbaxo matolari bilan dunyoga mashxur bo’lgan. Bobil podsholari va asl zodagonlarining kiyimlari ham geometrik naqshli kashtalar bilan kashtalangan bo’lib, ularga quyma gulli oltin plastinkalar kiritilgan.
Piliniyning aytishicha, Vavilon kashtachiligi qadimdan mashhur bo’lib, matoga turli rangdagi iplar bilan kashta tikishni o’sha yerda kashf etilgan. Keyinchalik, Vavilon Rim imperiyasi tarkibiga kirgach, zar, ipak yoki jun ip qo’shib tikilgan rang-barang kashtachiligi bilan shuhrat qozongan. Zardo’zlik san’atining an’analari Vizantiyada ham rivoj topib, zardo’zi kiyim – kechaklar faqat imperator ayonlari va aslzodalarigagina mansub bo’lgan.
Sosoniylar davrida Eron podshohining saroyida ham zardo’zlik san’ati rivoj topgan deyishga asos bor, chunki bu mamlakat Vizantiya bilan muntazam madaniy va siyosiy hamkorlik qilgan. Hozirgi Eronda XV-XVII asrlardagi zardo’zlik namunalaridan anchagina yodgorlik saqlanib qolganligi badiiy an’analar uzoq yillar davomida rivojlanganligidan dalolat beradi.
Qadimgi Rus ham Vizantiyaga taqlid qilib zardo’lik san’atini o’rgangan. XIII va XV asrlarda Kichik Osiyo doirasida paydo bo’lgan hamda Vizantiya imperiyasini barbod qilgan usmonli turklar ham ushbu san’atga o’zlarining munosib ulushlarini qo’shganlar, Qirm va Kavkazning qayeridaki Vizantiya madaniyati uzoq vaqt va kuchli ta’sir o’tkazgan bo’lsa, o’sha yerda zardo’lik ham rivojlangan. O’rta Osiyoda ham zardo’lik san’ati, shubhasiz, o’zining ildiziga ega. Shu narsa ma’lumki, masalan, 1403-1406 yillarda Samarqandga sayohat qilgan ispan elchisi Ryui Gonzales de Klavixo o’z esdaliklarida, Temur saroyida zardo’likning milliy kashta bezaklarini tomosha qilganini yozgan.
Hirotda Alisher Navoiy davrida yashab ijod etgan Vosifiy o’zining risolalarida zardo’lik kasbi to’g’risida so’z yuritilgan. Adabiy yig’inlarning qatnashchilari haqida gapira turib, Hasan zardo’z degan bir shaxsning nomini alohida uqdirib o’tadi va uni Hirotning eng obro’li, “istiqboli porloq yoshlari” qatoridan o’rin olganligini aytadi.
Podsho Aleksey Mixaylovichning Abdulazizxon huzuriga yuborgan elchilari (1669-1671 yy.) Boris va Semen Pazuxanlarning hisobotida yozilishicha, elchilar Buxorodan jo’nash oldidan zardo’zi chopon, telpak va belbog’ sovg’a olganlar. Bu esa zardo’lik Buxoroda XVII asrdayoq rivoj topganligidan dalolat beradi.
XIX va XX asr boshlarida kashtachilik san’atining bir turi bo’lgan zardo’zlik Buxoroning o’ziga xos xususiyatini aks etirgan.
XX-asrning 20-yillarigacha bo’lgan davr. Bu davrning o’ziga xos xususiyati shundaki, zardo’zlik shakillanganidan boshlab O’rta Osiyo o’lkalarida ham podsho va saroy ayonlarini oddiy xalqdan ajratib turishga, shu bilan ana shu oddiy xalq go’zal g’oyalar bulog’i ekanligini eslatib turishga xizmat qilgan. XX-asrning 20- yillaridan- XX asrning 90-yillarigacha bo’lgan davr. Bu davrda zardo’zlik xalqni mustamlakachilardan ajratib ko’rsatishga va uning yuksak madaniyati mavjudligini eslatib turishga xizmat qilgan. XX-asrning 90- yillaridan keyingi davr. Bu davrda zardo’zligi mustaqil o’zbek xalqining o’ziga xosligini jahonga tanitishda katta hissa qo’shdi va qo’shmoqda.
XIX va XX- asr boshalarida, ya'ni 1785 yildan to 1920 yilgacha Buxoroda xukumronlik qilgan mang'itlarning oxirgi sulolasiga taalluqli bo'lgan zardo'zi kiyimlari hozirgi kunda bizgacha yetib kelgan yagona yodgorlik nusxalaridir.
Mang'itlarning birinchi sulolasi vakillariga mansub bo'lgan zardo'zi ash'yolar bizgacha deyarli yetib kelmagan. Ammo Haydar (1800-1826 yy.) zamonidan yagona yodgorlik sifatida zardo'zi mahsi saqlanib qolgan. Mahsiga 1224 y. raqami tikilgan, bu melodning 1809-1810 yillariga to'g'ri keladi. Mazkur raqamning uchrashi shu payitgacha zardo'zi kiyimlarda ro'y bergan yagona holdir.
Amir Nasrullodan (1827-1860 yy.) anchagina zardo’zi kiyimlar saqlanib qolgan. Buyumlarning ko’pchiligi 1895 yildan 1911 yilgacha hukumronlik qilgan Abdulahadga mansubdir, zero buxorolik kashtachilarning zardo’lik san’ati shu davrda gullab yashnagan deb hisoblanadi.
XIX asrga kelib zardo’zlik mahsulotlari ishlab chiqarish Buxoro amirligining poytaxti Buxoro shahrida o’zining umumiy markaziga ega bo’lib, u dastavval, amir, saroyi zadagonlari va jamiyatning tabaqasi talabini qondirish uchun xizmat qilgan, baxmal – bular butun musulmon Sharqida ma’lumu mashhur turlardir.
Ma’muriy-harbiy tarkib yoki idoralar amaldorlari qoidaga binoan turli shoyi va nimshoyi matolardan tayyorlangan chopon kiyib, zarhal va qora kumush qadama bezakli kumush tasvirlar tushirilgan enli kamar taqqan. Kamarlardagi bezaklar amaldorning mavqeiga qarab, turlicha bo‘lgan. Shuningdek, ular baland poshnali qo‘nji uzun etik kiygan. Etik poshnasi uchi juda ingichka bo‘lgan. Hatto, poshnaning uchi katta mix qalpoqchasidan tayyorlangan. Amaldorlar katta bo‘lmagan oq salla o‘ragan. Egri qilich kamarbandga emas, balki mahalliy baxmalsimon charm – g‘uzoridan tayyorlangan kamarga taqilgan. Odatda bunday kamar ancha enli bo‘lgan amaldorlar belbog‘i ostidan taqilgan, deb qayd etilgan.

Buxoroda zardo’zlik 1920 yil amir taxtdan ag’darilguncha rasmiy jihatdan saroy san’ati hisoblanardi. Bu shaharda tayyorlanadigan zardo’zi buyumlarning deyarli hammasini egallab olgan katta buyurtmachini yo’qotgach, tabiiyki, zardo’zlik korxonalari keskin kamayib ketdi. Zardo’zichilar Sovet hokimyati o’rnatilishi bilanoq darrov hunarmandchilik artellariga birlashib, mayda buyumlar, do’ppilar va ayollarning ayrim kiyim- kechaklarini tayyorlashga kirishdilar.
Revolyusiyaning birinchi yillardagi og’irliklarga qaramay, zardo’z ustalari va ularning shogirdlari san’atlaridan ajoyib namunalar yaratadilar, unga yangicha sayqal, yangicha kompozisiya beradilar.
Aholining har bir qatlami o‘ziga xos an’anaviy kiyinish uslubiga ega edi. Agar kiyim bichimi bilan farqlanmasa, rangi va matosi bilan ajralib turgan. Dehqonlar libosi bir oz odmiroq bo’lgan. Ular asosan, turli rangdagi chitdan o’ralgan salladan foydalanishgan, ustki kiyim sifatida esa qo’lda to’qilgan yorqin rangli matodan tikilgan chopon kiyilgan. Shaharlik kishilar dehqonlarga nisbatan qimmatbaho matolardan foydalanishgan. Xattoki, harbiy tarkibdagi erkaklar turli xil shoyidan tikilgan choponlar kiyib, ustidan zarhal bilan bezak berilgan kamar taqishgan. Kiyim va kamarlardagi bezaklar mavqega qarba o’zgartirilgan.
XIX – XX asr boshlariga kelib, Buxoro aholisining barcha qatlami vakillari liboslarining ko’p qavatliligi bir-biriga o’xshash bo’lgan. Bular asosan, ichki ko‘ylak, shim (lozim), chopon, poyabzal va bosh kiyimdir. Odatda, ichki ko’ylak va choponlarning bichimi barcha tabaqa vakillari uchun bir xil bo’lib, matosi, bezatilishi va ularning sifati bilan ajralib turgan.
O‘zbekiston muzeylarida XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlariga tegishli bo’lgan liboslar namunasini ko’rish mumkin.
Buxoro va Samarqand kiyimlarini bichish texnologiyasi bo’yicha o'ziga xos bichish usuliga ega bo'lib, bu usul o'zbek milliy kiyimlarining asrlar mobaynida shakllanib kelgan an'anaviy bichish texnologiyasiga asoslangan. O'zbek milliy kiyimlarini bichish ham uning ayrim elementlarni milliy kiyim taraqqiyotida tutgan o'rni va roliga qarab ikkiga bo'lish mumkin:
- Milliy kiyim an'anaviy bichimining turg'unligini belgilaydigan yirik va o'zgarmas elementlari - bo'y, yeng va yon.
- Milliy kiyim an'anaviy bichimining turli xil mahalliy nusxalarini hosil qiluvchi mayda va o'zgaruvchan elementlari-yoqa, ko'krakburma, cho'ntak, raf va boshqalar.
O'zbek milliy kiyimlarining yirik qismlari va ularning kompozision tuzulishiga ko'ra an'anaviy bichish usullarining uchta turi ajratiladi:
- Bichimi to'g'ri chiziq bo'yicha ikki qismga bo'lish. O'zbek milliy kiyimlarini bichishning bunday an'anaviy usuli "sharqiy osiyocha bichish usuli" deb ataladi.
- Bichimni to'g'ri chiziq bo'yicha uch qismga bo'lish - bo'y, yon, va yeng. O'zbek milliy kiyimlarini bichishning bu an'anaviy usuli "g'arbiy osiyocha bichish usuli " deb ataladi.
- Bichimni ko'p qismli murakkab shakllarga bo'lish. Bu usul o'zbek milliy kiyimlarini bichishning oldingi ikkta an'anaviy usullarini yevropacha bichish usulida bichim to'g'ri va egri chiziqlar bo'yicha bir necha bo'laklarga ajratiladi. Bu usul kiyimlarni odam qomatiga juda moslashtirish maqsadida qo'llanilgan. Shuning uchun o'bek milliy kiyimlarini bichishning bu usuli "yevropacha tipdagi bichish usuli" deb ataladi. Milliy kiyimlarning an'anaviy bichimlarida odam gavdasining aniq o'lchamlari hisobga olinmagan. Bunday bichimdagi kiyimlarni bichishda ajdodlarimiz o'lchovni barmoqlar yordamida amalga oshirishgan: bir qarich - bosh barmoqdan jimjiloq barmoqgacha bo'lgan masofa, to'rt barmoq - bosh barmoqdan tashqari qolgan to'rt barmoq orasidagi masofa; bir en - bosh barmoqdan bo'g'imgacha bo'lgan masofa. Barmoqlar bilan o'lchaganda ular yirilgan holda, oralari ochilgan holda qo'llanilgan.
Zardo'zi kiyimlarni bichishning Sharqiy Osiyocha usuli: O'zbek milliy kiyimlarini an'anaviy bichishning sharqiy osiyocha usulida bichim to'g'ri chiziq bo'yicha ikki qismga - bo'y va yengga bo'linadi. Zardo'zi kiyimlar bichimining juda ko'plab mayda elementlarga bo'linishi ularda zardo'zi naqshlarni joylashtirish hamda tikish jarayonlarini murakkablashtirgan.Ularda ulama choklarning haddan tashqari ko'pligi ham zardo'zi naqshlarning sifatiga salbiy ta'sir etadi. Shuning uchun milliy kiyimlarni an'anaviy bichishning sharqiy osiyocha usulida butun yuzasi zardo'zi naqshlar bilan qoplanadigan erkak va ayollarning ustki kiyimlari bichilgan. Bunday kiyimlarni odam gavdasiga birmuncha moslashtirish uchun zardo'zi belbog'lardan foydalanilgan.
Zardo'zi kiyimlarni bichishning G'arbiy Osiyocha usuli: O'zbek milliy kiyimlarini an'anaviy bichishning g'arbiy osiyocha usulida bichish to'g'ri chiziq bo'yicha uch qismga - bo'y, yeng va yonga bo'linadi. Ayollar kiyimlari ham uch qismdan: pocha, xishtak va nefadan iborat bo'lgan. Erkaklarning kiyimlariga qaraganda ayollarniki torroq va ensiz bichilgan. Pocha, xishtak qimmatbaho matodan tikilgan bo'lsa, nefa esa oddiy astarlik matolardan bichilgan. Chunki ayollarning ko'ylagi juda uzun bo'lib, kiyimning yuqori qismi umuman ko'rinmagan. Erkaklar kiyimi ham ikki qismdan: pocha va xishtakdan iborat bo'lgan. Erkaklarning kiyimi tuzilishi bilan ayollarnikiga o'xshasa-da, pochasi va xishtagi kengligi bilan farq qilgan. G'arbiy osiyocha bichish usuli ular bichimida pochasi trapesiya ko'rinishida, xishtak esa romb ko'rinishida bichiladi.
Zardo'zi kiyimlarni bichishning Yevropacha usuli:Zardo'zlik kiyimlarining zamonaviylashishi, bichimlarining birmuncha murakkablashuvi ularga ulanadigan elementlar sonining ortishiga olib keladi. Bu zardo'zlik mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyasida birmuncha o'zgarishlarni keltirib chiqaradi.
Kiyimlar vazifasiga qarab
tasniflangan: to'y-xashambop, madaniy marosimlarbop, uy ichiga, ishga va
yoshiga qarab – yosh kelinbop, kuyovbop, o'rta yoshdagi erkak-ayollarbop va
keksa yoshdagilar uchun. Kiyimlar ipak va yarim ipak buxoro matolaridan tikilgan: adras, olacha, beqasam,
karbos, banoras, atlas, qalami, baxmal matolaridan foydalanishgan.
Erkaklarning ichki ko‘ylagi – kurta deb nomlangan. Ko’ylak bo’yin qismi yoshga qarab tikilgan. Asosan, bo’yin o’mizi vertikal yoki gorizontal ko’rinishda bo’lgan. Erkaklar ko‘ylagi ikki tomonlama bichilar edi, shu sababli markaz bo‘ylab bo‘ylamasiga tikilgan va keng bo‘lgan. Bunday ko‘ylaklar tizzadan pastroq tushib turgan, vaqt o’tib ko’ylaklarning uzunligi belgacha qisqartirilgan. Kundalikda kiyiladigan ko‘ylaklar uchun xonaki ip gazlamadan, to’y marosimlar uchun esa shoyidan foydalanishgan.
Erkaklar shimi(ezor) - o‘rta qismi ikkita uchburchak shaklida tikilgan og‘dan iborat bo‘lib, unga to‘piqqacha tushadigan keng pochalar ulangan. Shimning yuqori qismi qaytarilib tikilgan va bog‘ich o‘tkazilgan. Ezor, asosan, ip gazlamadan tikilgan. Aslzodalar kiyadigan ezor gulli, zarbof matolardan, xatto baxmaldan ham tikilgan.

“Mohi Xosa” Amaliy san’at muzeyi. Buxoro.
Shimning pastki qismiga zar yoki mo’yna bilan bezak berilgan. Pochalarning pastiga va yon tomonlariga jiyak tikilgan. Ma’lumki, jiyak nafaqat bezak sifatida foydalanilgan, balki u himoya vazifasini ham o‘tagan.
Erkaklar choponi– mavsumga qarab, uch turga bo‘lingan: joma – astari qavilgan kundalik chopon, chakmon – jun matodan tikilgan qishlik chopon, yaktak – baxyasiz yozgi kiyim hisoblangan (242-lar).

O’zbekiston Respublikasi davlat san’at muzeyi. Toshkent.

Buxoro Davlat badiiy – me’moriy muzey – qo’riqxonasi.
Buxoro choponlari uzun, enli bo‘lgan, sababi chopon tagidan bir necha kiyim kiyilgan. Uning yenglari bilakka borib toraygan. Bayramga mo‘ljallangan choponlar uchun yorqin rangli, yirik gulli matolar tanlangan. Jumladan, shoyi, beqasam nimshoyi, adras, zarbof matolar ishlatilgan. Bunday matolar mahalliy to’qimachilar tomonidan to’qilar yoki Xitoy va Rossiyadan keltirilar edi (244-lar).

O’zbekiston Davlat tarix muzeyi. Toshkent.

Buxoro Davlat badiiy – me’moriy muzey – qo’riqxonasi.
Buxoro choponlari erkaklarning ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar bir xil bichimda tikilgan. Ular keng, enli, yoqa qismi kovaksimon shaklda bichilgan.
Ularning qulfagi bo‘lmagan. Choponning yoqa, etak, yeng qismi hamda chetlariga ingichka jo‘yak tikib chiqilgan. Din peshvolari esa o’z kiyimlari bilan aholining boshqa vakillaridan butunlay ajralib tugan. Din peshvolari, asosan oq dokadan tayyorlangan katta salla o‘ragan. Ustki kiyim sifatida esa oq-kumush rangli nimshoyidan tikilgan banoras chopon kiyishgan. Bunday choponni bugungi kunda Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa majmuasida ko’rish mumkin. Amir va saroy ahillari uchun maxsus tikilgan zardo’zi choponlari barchani hayratga slogan.

Aslida zardo’zlik san’atiga Temur davrida asos solingan bo’lib, XIX–XX asr boshlariga kelib u yanada gullab-yashnadi. Ushbu san’at turi bilan asosan erkaklar shug’ullanishgan. Eng mohir ustalarning barchasi Buxoroda faoliyat ko’rsatar edi. Tilla va kumush rangli iplar dastlab, Hindiston va Erondan, XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab esa, Rossiyadan keltirilgan. Choponlarni eng yuqori sifatli baxmaldan bo‘rtma gul solib tikishgan. Asosan, choponlar uchun yashil, ko‘k, binafsharang, olcharang, qizil rangli duxobalar tanlangan.

O’zbekiston Respublikasi Davlat san’at muzeyi. Toshkent.
Choponlar ustiga kumush va oltin iplardan naqshli kashtalar tikilgan. Kashta kalebatun deb nomlangan. Matolarni bezashda tilla yoki kumushdan tayyorlangan qadama bezaklar ham ishlatilgan. Ushbu bezaklar choponga alohida zeb bag‘ishlagan.


Buxoro Davlat badiiy-me’moriy muzey-qo‘riqxonasi.
XIX asrda zardo‘zlikning bir necha
tikish usullari mavjud bo‘lib, bular:
Zardo‘zi-zamindo‘zi
–
zar bilan yaxlit kashta tikish, zardo‘zi-guldo‘zi
– qog‘ozdan qirqilgan rasm bo‘yicha kashta tikish, zardo‘zi-guldo‘zi-zamindo‘zi –
dastlabki ikki usulni uyg‘unlashtiruvchi tikuv usuli, zardo‘zi-berishimdo‘zi – qurama
tikuv, zardo‘zi-pulyakchado‘zi – zardo‘zi
kashtani tikilgan zarlar bilan uyg‘unlashtirish.
Choponlarga qo’llanilgan naqshlar o’zining ramziy ma’nosiga ega bo’lgan, unda ko’proq o’simlik mavzusi etakchilik qilgan, jumladan to‘pbarggul, palmetkalar, tup, daraxt, daraxt shoxlari, gul ekilgan tuvaklar, bodom, anor kabi o‘simlik mavzularidan foydalanilgan. Geometrik naqshlar esa kamdan-kam ishlatilgan.
XIX asrga kelib, zardo‘zlik kompozisiyalarining asosiy uch ko‘rinishidan – daukur, butador va darhamdan keng foydalanildi. Daukur kompozisiyasining asosini zar bilan tikilgan kur hoshiyasi tashkil qilgan. Chopon etak va yengning chet qismiga, erkaklar va bolalar, shuningdek, harbiy mundirning past qismi va belidagi medalyoniga kur hoshiyasi tikilgan.

O‘zbekiston Davlat tarix muzeyi. Toshkent.
Choponning qolgan qismlariga esa kashta urilmagan. Hoshiya jimjimadorligi bilan naqsh bezakdan o’ziga xos tarzda ajralib turgan. Tauk medalyoni – yirik shaklda bo‘lib, u o‘simlik tasvirlari bilan to‘ldirilgan. Harbiy mundirlarda kalyuchi naqshi ba’zan aylana – nishon shaklida ham tikilgan. Ular libos old qismining pastki burchaklari va ko‘krak qismiga, masalan, majnuntol shaklidagi kompozisiya bilan joylashtirilgan. Daukur usulida tikilgan choponlar boshqa choponlarga nisbatan boy hoshiyasi bilan ajralib turgan.

Butador yoki guldo‘zi kompozisiyasi matoga gullagan daraxt shoxlari tasviri bor naqshning tikilishi bilan ajralib turgan. Tasvirlar o‘zaro teng masofada joylashtirilgan. Darham kompozisiyasida bezaklar bir-bira uyg’unlashgan ko’rinishda ishlanadi.

“Mohi Xosa” Amaliy san’at muzeyi. Buxoro.
Bunda bezakning tarkibiy qismlari bir-biriga ulanib, to‘r shaklini hosil qiladi. Shuningdek, bezaklar zex jiyagi bilan boyitilgan. Jiyak ingichka to‘lqinsimon ko’rinishdagi tasma – obi poncha bilan bezatilib, ichki tomoni rang-barang to‘rsimon margula, sedona, kungri kabi choklar bilan tikib boyitilgan. Zardo‘zi choponlar astari shoyi matolardan tikilgan.

Erkaklar bosh kiyimi– mato va mo‘ynadan tayyorlangan turli shakldagi telpak, do‘ppi va salladan iborat edi. Matodan tayyorlangan bosh kiyimi uch turdan – qalpoq, araqchin va kulohdan iborat bo‘lgan.
Qalpoq astari mustahkam, konussimon va qavilgan, keng gardishli bosh kiyim edi. Boshga yopishib turadigan araqchinning oq matodan astari va kashtalari bo‘lmagan. U asosan, qimmatbaho do‘ppi yoki mo‘ynali telpak ostidan kiyilgan. Kuloh to‘rtta uchburchakli segmentdan tashkil topib, gardishsiz edi.
Kulohni asosan darvish-qalandarlar kiygan (253-lar).


Buxoro
amirligining bosh kiyimlariturfa xil edi. Kundalik hayotda rangli kichkina salla – futalardan foydalanilgan,
faqatgina bayram tadbirlarida yoki marosimlarda oq salla
o‘ralgan.
“Mohi Xosa” Amaliy san’at muzeyi. Buxoro.
Kulohni esa alohida kiyish ham mumkin edi. U alohida gardishga ega bo‘lmagan. Kuloh to‘rtta uchburchakli segment (karj)dan tikilgan. Shakli va mutanosibligiga qarab, cho‘zilgan yoki aylana shaklda bo‘lgan. Kulohlarni tikishda zar iplardan ham foydalanilgan.
Sovuq mavsumlarda konus shaklida tikilgan mo‘ynali telpak kiyilgan. Yuqori qismi zarbof matodan tikilgan mo‘ynali telpak boshqa bosh kiyimlardan ajralib turgan. Bunday bosh kiyimlar saroy ahillarining xar birida turlicha edi. Masalan, Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa saroyida amirning jarchisi – udaychining o‘ziga xos bosh kiyimi saqlanadi. Uning bosh kiyimi boshqalarnikiga o’hshash emas edi, chunki olomon ichida udaychiajralib turishi kerak bo’lgan. Bosh kiyim zar iplar bilan zamindo‘zi-guldo‘zi uslubida bezatilgan.



“Mohi Xosa” Amaliy san’at muzeyi. Buxoro.
Aholi orasida keng tarqalgan bosh kiyimlardan biri kallapo‘shi do‘ppisi bo’lgan. Kallapo‘shini nafaqat ko’chada, balki fo‘ta sallasi bilan uyda ham kiyishgan. Erkaklar do‘ppisi boshqa hudud do’ppilariga nisbatan ajralib turgan. Ular aylana yoki biroz qirrali yassi shaklda bo’lgan. Do‘ppi kulohdan farqli ravishda gardishga ega bo‘lgan. Uning pastki qismiga jiyak tikilgan. Bezatish maqsadida, o‘simliklar yoki geometrik shakldagi naqshlardan foydalanilgan. Bugungi kunda muzeylarda, asosan, kallapo‘shi zardo‘zi do‘ppilarining asl nusxasini ko’rish mumkin. Zardo‘zi do‘ppilarini bezatishda zardo‘zlikning barcha mashhur usullaridan keng foydalanilgan (256-lar).





Erkaklar kiyimiga ko’rk berish maqsadida, qo’shimchalardan ham foydalanilgan. Masalan, bayram yoki marosim choponlariga belbog‘ bog‘langan. Ma’lumki, qadimdan belbog‘ jasorat, mardlik va obro‘-e’tibor ramzi hisoblangan bo’lib, belbog’ bezagiga xam katta e’tibor berilgan va did bilan bezatilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, arablar istilosi davriga qadar ham podshohlar zarbof belbog‘dan foydalanishgan.

Bu an’ana asrlar davomida ham saqlanib qolgan. Ammo kamarning tayyorlanish jarayoni, matolar sirasi ham tabaqaga qarab tanlangan. Jumladan, oddiy aholi vakillari belbog‘i matodan tayyorlansa, harbiylar va aslzodalar uchun esa charm kamardan tayyorlangan.


“Mohi Xosa” Amaliy san’at muzeyi. Buxoro.
Masalan, Amir kamarbandi charm yoki mayin kimxobdan, ba’zan zarbofdan tikilsa, bezak berishda esa kumush yoki oltindan yasalgan qadama bezaklar qo’llanilgan. Kamar yirik naqshlar bilan qimmatbaho feruza toshlar tikib bezatilar edi. Kumushdan tayyorlangan, feruza va qimmatbaho toshlar bilan mohirona bezatilgan Buxoro kamarlari zargarlik san’atining o‘ziga xos buyumi bo‘lgan. Bunday kamarlar nafaqat mardlik, jasorat belgisi, balki balo-qazolardan asrash kabi vazifasini ham o‘tagan.

Odatda, kamarlarda kumushdan ham foydalanilgan, kumush esa o’z navbatida zahar kuchini kesib, yovuz ruhlarni haydagan va poklikni saqlagan. Erkaklar bayram va marosimlar uchun yirik naqshli, qimmatbaho tosh va qora kumush bilan bezatilgan to‘qali kamarlardan foydalanishgan. Ba’zan kamarga zeb berish maqsadida, aylana yoki jimjimador shakldagi medalyonlarni ham qadab chiqishgan. Eng qimmat kamarlar uchun nafis naqshli, qayrilgan zargarlik plastinkalaridan ham ishlatishgan.

“Mohi Xosa” Amaliy san’at muzeyi. Buxoro.
Ma’lumki, poyabzal ham liboslarning ajralmas bo‘lagi sifatida muhim tarkibiy qism hisoblanadi. Buxoro liboslarida qo’llanilgan ranglar uyg’unligi, naqsh bezaklarining o’ziga xos xususiyatlari o’z navbatida poyabzal uslubining o’zgarishiga ham olib keldi. Buxoroda erkaklar, asosan uch turdagi poyabzaldan foydalanishgan, bular: etik, mahsi va kavush. Ammo ushbu poyabzallar rangi bezakka boyligi jihatidan boshqa hudud oyoq kiyimlaridan butunlay farq qilgan.
Yuqori tabaqa vakillari eng sara navli tabiiy teridan tayyorlangan poyabzal kiyishgan. Hattoki, poyabzallarni oltin va qimmatbaho toshlar bilan ham bezatilgan.




Mohi Xosa” Amaliy san’at muzeyi. Buxoro.
Amir va aslzodalar kundalik turmushda tepa qismi uchli, poshnasiz yumshoq tagcharmli yoki kichkina poshnali mahsi kiygan. Erkaklar mahsisi ayollarnikiga qaraganda balandroq bo‘lgan. Mahsining qo‘nji rangli silliq duxobadan tikilgan. Mahsi, asosan, zamindo‘zi texnikasi asosida o‘simliklar tasviri aks ettirilgan qizil, olachipor yoki zardo‘zi naqshlar bilan bezatilgan. Mahsiga astar sifatida adras va boshqa mahalliy matolar qo’llanilgan. Odatda, mahsilar uchi qayrilgan, kichik poshnali zardo‘zi yoki charm kavush bilan kiyilgan.


“Mohi Xosa” Amaliy san’at muzeyi. Buxoro.
Erkaklar ot minganda o’zgacha uslubdagi poyabzaldan foydalanishgan. Jumladan, sariq rangdagi charmli uzun yoki qo‘njga yopishib turadigan zamshdan tayyorlangan baland etik ot minish uchun qulay hisoblangan. Zamsh etiklarning yuqori qismiga och rangdagi teridan uchli tizzaband tikilgan. Etiklarning uchi qayrilgan va poshnasi qirrali bo‘lgan. Tagcharmi mayda mixlar bilan qoplangan. Bunday etiklar tasvirini miniaturalarda ham kuzatish mumkin. Oddiy xalq vakillari qish mavsumida o‘yib ishlangan uch nishli poyabzaldan foydalanishgan. Bunday poyabzallar yomg‘irli havo va sirpanchiqda bardoshli hisoblangan.

“Mohi Xosa” Amaliy san’at muzeyi. Buxoro.