Qoraqalpog‘iston — Erkaklar kostyumi

Qoraqalpoqlarning eng qadimgi etnogenezi Amudaryo deltasi va Orol Kasbiy bo’yi cho’llarida mil.av. VII-IV asrlarda yashagan sak-massaget qabilalar bilan bog’liq. VI-VIII asrlarda…

Qoraqalpoqlarning eng qadimgi etnogenezi Amudaryo deltasi va Orol Kasbiy bo’yi cho’llarida mil.av. VII-IV asrlarda yashagan sak-massaget qabilalar bilan bog’liq.

VI-VIII asrlarda mahalliy aholi bilan turkiy qabilalar qisman aralashib ketgan. VII-X asrlarda esa bijanak pecheneg va o’g’izlar muhitida qaroqalpoq millati shakllana boshladi.

Qoraqalpoqlar – O‘zbekiston tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisining asosiy qismini tashkil etadi. O‘rta Osiyoning boshqa xalqlari kabi qoraqalpoqlar ham o‘ziga xos bejirim, didli, ornamental bezak va ranglar, mato va zargarlik buyumlari uyg‘unlashgan go‘zal milliy libos yaratgan. Ushbu xalq nomi, ya’ni qoraqalpoq turkiychada qora – katta, alp esa – bahodir – katta bahodir so‘zidan olingan.

Qoraqalpog’iston hududida iqlim sharoiti juda o’zgaruvchan hisoblanadi. Qish qahraton sovug’i bilan, yoz chillasi esa juda issiq bo’lganligi va hududning ko’p qismini cho’l tashkil etganligi sababli shamol, qum zarralari hudud bo’ylab raqsinkor harakati bilan qoraqalpoq xalqini siylamasdan qo’ymaydi. Shunday iqlim sharoitida qoraqalpoq xalqidan qish sovug’ida qalin ikki, uch va undan ko’p qavat kiyishni talab qilsa, yoz chillasida issiqdan saqlanish, oftob nurlaridan himoyalashni taqozo etadi.

Ushbu xalq o’zining betakror iqlimi va ob-havo sharoitiga qaramasdan bir vaqtning o’zida ham himoya vazifasini bajaruvchi va boshqa hudud kiyimlariga oxhsamas obraz yaratish qobiliyatiga ega bolgan. Qadimgi massagetlar ajdodlari bugungacha o‘z mohiyatini yo‘qotmay kelayotgan go‘zallik, foyda va vazifa haqidagi tasavvurlarini kiyimning tarkibiy qismlariga singdirgan.

Qoraqalpoq xalqining ko’p asrlik tarixida xalq amaliy bezak san’ati turlari boy va rang barang madaniy merosimizning eng ajoyib va ommaviy qismini tashkil etadi.

Qoraqalpoq diyorida vujudga kelib gullab yashnagan san’at turlari bemisil va betakrorligi bilan dunyoga mashxur. Bunday taraqqiyot bosqichlari haqida fikr yuritadigan bo’lsak, o’zbek amaliy san’ati turlarining shoh ildizlari insoniyatning bolaligi, ya’ni ibtidoiy jamiyatga borib taqalishining guvohi bo’lamiz.

Xalqning san’ati yillarning o’tishi bilan o’zining badiiy ma’nosini yoqotadi.

Agar kiyimlarning ayrim turlari zargarlik bezashlarning shakllari yoki uyning buyumlari saqlangan bo’lsa ham, ularning bezatilishi, ya’ni ularning bajarilish texnikasining o’ziga xosligi, tuzilishi hozirgi zamonaviy hayotimizda o’zining keng qo’llanishlarini topish mumkin. Shu bilan birga ularning ayrim tomonlari va motivlari turkman, qozoq, qirg’iz, o’zbek va boshqa xalqlarning san’atiga yaqin. Qoraqalpoqlarning juda qadimgi, eskirgan bezashlari naqsh solishda, kashtalarida (ilma, egri chiziqlar, bo’g’irsoq naqshlar) saqlangan qora uy dastgohlarini tashkil topadigan buyumlarda, kashta tikishda va yog’ochga naqsh o’yishlarida foydalanilgan. Bezashning keyingi elementlariga egrilik, egri tasviri, bosqichli tishlar va dioganal hamda titqoshi bo’yicha kesiladigan ilma naqshlar uch burchaklar, kvadratlar tegishli. Qo’chqor burchining tasviri qoraqalpoqlarning yog’ochga naqsh o’yish motivining asosiysi bo’lmagani bilan eng xarakterlisi bo’lib hisoblanadi. Qoraqalpoq xalqining san’atida burch juda ahamiyatli rolni bajaradi. Uni bezash figurasi sifatida tushuntirishni keng turda olib borish kerak. Qoraqalpoq bezagida takrorlanish uchraydi, biroq ular tomoshabinlarni zeriktirmaydi. Ularning hayotga ta’sir etish sirlari haqida o’ylashga imkoniyat beradi.

Qoraqalpoq xalq amaliy san’atining muhim sifatlaridan biri zamonaviy ichki bezaklardan keng foydalanishi va ayni paytda tashqi bezak turi bilan uzviylikda ekanidir. Bu qoraqalpoq amaliy san’atining barcha turlariga, xususan gilamdo’zlikka ko’proq taaluqlidir. Gilamdo’z ayollar betakror san’ati bilan zamonaviy rassomlarni hayratda qoldirib, go’zal badiiy echimlar topishgan.

An’anaviy guldor kompozisiyasidan foydalangan gilam to’quvchilar mazkur gilam uchun bevosita daxldor rang va uning turlarini doimiy tarzda uyg’ynlashtirib keladilar.

Shu sababli, gilamda rangtasvir echimi yuzaga keladi, bu esa uni manzaraga yanada yaqinlashtirib qo’yadi. O’tov, gilam kashta va umuman, ular bilan bog’liq urf-udumlar qoraqalpoqlarning ajdodlaridan meros qadim qadriyatlardan sanaladi.

Xalq amaliy san’ati namunalari – gilamdo’zlik, guldor to’qimachilik, kashtachilik, quroqchilik, teri oshlash va unga kashta tikish, zargarlik va temirchilik buyumlari, yog’och o’ymakorligi, qo’l bola mato to’qish qoraqalpoq elining o’ziga xos etnik xususiyatlarini ham ifodalaydi.

Bugungi kunda qoraqalpoq xalq amaliy san’ati milliy libos, kiyim-kechaklar to’qish misolida ham o’sish va rivojlanishda davom etmoqda. Qoraqalpoq milliy liboslari uchun asosan, to’q ranglar tanlanadi. To’quvchilar ko’pgina jigarrang-qizil va jigarrang-pushti ranglardan iborat nafis, bosiq, shu bilan birga to’yingan ranglar yig’indisidan keng foydalanishadi.

A.S.Morozovning ma’lumotlariga ko’ra, XX asrning boshlarida qoraqalpoqlar kiyim tikish uchun qo’lda to’qilgan matolarni hamda fabrikada ishlab chiqarilgan paxta, ipak va jun gazlamalaridan foydalangan. Kundalik kiyim uchun qo’lda to’qilgan paxta gazlamalaridan, bayram uchun tikilgan kiyimlar esa fabrikada to’qilgan gazlamalardan tikishgan.

Kiyimnitayyorlash uchun fabrikada tayyorlangan paxta gazlamalaridan, chitning har xil turlari, satin, oq bo’z, yo’l-yo’l mato, ustki kiyim uchun har xil turli, qora rangli qalin gazlamalardan foydalanishgan.

Qoraqalpoqlar fabrikada tayyorlangan paxta gazlamalari “mayap”, ularning ranglariga qarab nomlari: aq mayap, qara mayap deb atashan. Bodom naqshi tushirilgan qizg’ish chit gazlama aydinli deb atalgan va u ayol – qizlarining eng sevimli matosi hisoblangan. Shu yerliklar to’qigan va Xivadan keltirilgan gazlama: bo’zlar va olachalar qo’llanilgan. Ustki kiyim qoraqalpoqlar erkaklar va ayollar kiyimlari uchun to’q ko’k, qirmizi-qizil chiziqlar tushirilgan, qo’ldan to’qilgan gazlamalardan foydalanilgan. Gazlama qattiq va yaltirab turishi uchun unga yaxshilab ishlov berilgan. Xalq orasida qo’lda gazlama to’qish keng rivojlangan.

Har bir qoraqalpoq ayol-qizlari paxtadan ip yigirib, undan gazlama to’qishni bilishgan, xattoki paxta o’stirilmagan joylardagi ayol-qizlar xam paxtadan ip yigirib, gazlama to’qishni bilishgan. Bu kasb avloddan avlodga o’tib kelgan. Gazlamalar uskunalar yordamida ham to’qilgan. Uskuna yordamida gazlama to’qishni ayollar-qizlar bilishmagan, sababi to’qish uskunasi kuch talab qilgani uchun mato to’qish erkaklarning qo’lidan kelgan.

Qoraqalpoqlarda ipak to’qish rivojlanmagan. Ipak gazlamalar qo’shni Xiva, Buxoro, Samarqand, Farg’onadan olib kelingan. Ipak gazlamalarni qo’lda to’qish bilan oz bo’lsada, qoraqalpog’iston janubiy viloyatlardagi xalq shug’ullanishgan.

Biroq unga qaramasdan, ipakdan tikilgan kiyimlar qoraqalpoqlar orasida keng tarqalgan. Ipak gazlamalarning eng keng tarqalgan turi pashshayi, qalin ipak yashil-ko’k rangli naqshlar tushirilgan yoki yo’l-yo’l chiziq tushirilgan shoyi gazlamaning bir turi. Turme – qalin, qizil rangli, naqshsiz bo’lgan. Medeli- yumshoq qizil rangli, chetlari enli sariq rang bilan jiyaklangan gazlama.

Turme bilan medeli bosh o’rash va bel o’rash uchun foydalanilgan bo’lsa, shoyi gazlamalar ayol-qizlarning ko’ylaklarini tikish uchun ishlatilgan. Qoraqalpoqlar orasida qora kimxob mato – maqpal keng tarqalgan, sababi qora maqpaldan tikilgan kamzollar erkaklarda ham, ayol-qizlarda ham bayram kiyimlarining ajralmas qismi bo’lgan.

Tuya junidan qo’lda to’qilgan, jigar rangli bunday gazlamalar shal deb atalib, undan faqatgina erkaklar uchun ko’chaga kiyadigan choponlar tikilgan.

Bunday gazlamalar qozoq va turkmanlardan sotib olingan. Fabrikada to’qilgan jun gazlamalardan kiyim tikish uchun eng ko’p foydalanilgan turi qara mayiti ushig’a hisoblangan.

Qoraqalpoq ayol-qizlar kiyimlarining orasida qara mayiti bilan yuqa jun gazlamalardan tashqari qizil mayiti ushig’a ko’p uchraydi. Qizil mayitidan, masalan, yosh ayol-qizlarning bosh kiyimlarida, kiymeshekda, saukeleni tikishda foydalanishgan.

Qoraqalpoq kashta tikish san’ati momolardan qizlarga o’tib kelayotgan muqaddas kasb hisoblanadi. Har bir qiz turmusgha chiqishdan oldin o’z qo’llari bilan milliy liboslarini kashta naqshlari bilan bezak bergan. Qoraqalpoq milliy kiyinish madaniyatida ranglar simvolikasi muhim ahamiyatga ega. Kashta naqshlarida har bir rangning o’z ma’nosi bor. Masalan, qizil rang kiyimda “yoshlik” timsoli hisoblanadi. Qadimgi davrlarda qizil rangiga moslanib, umrni, hayot kuchini bildirgan. Qizil rangdan faqat gazlamada emas u kashta naqshlarida ham foydalanilgan. Chopon ayrim chetlariga kiyimning ayrim bo’laklariga kichkina detallariga qizil rangli jiyak qo’shib tikilgan. Qoraqalpoq kashta tikishda 7 rangdan foydalangan. Milliy kiyimlarda ayol-qizlarning kiyimlarida qizil rang urf bo’lgan. Shunga qaramasdan qoraqalpoq kashtachiligida har xil usullar bilan kashtalangan yorqin rang-barang, rang uyg’unligi ko’zga tashalanadi.

Masalan, ko’rinishi birday bo’lgan naqshlar xar xil turdagi usullar bilan bir ritmda ketma-ketlikda tikilgan. Xar bir naqsh ketma-ketlik orasiga ularni ajralib turishi uchun ingichka jiyak tikilgan. Shunda jiyak naqshlarini bir-biridan ajratib turadi. Ranglar almashinuvi ketma-ketlikda takrorlanadi.

Masalan, qizil-yashil, qizil-sariq, qizil-ko’k va hokazo. Bunda yashil rang o’simlik dunyosi timsoli bo’lib, bahor faslini, o’simlik rangini anglatadi.

Sariq rang, boshqa xalqlar singari, qoraqalpoq kshtaligida yorug’lik quyosh, oy, yulduzlar ramzi. Oq rang muqaddaslik belgisi, jigar rang – yer timsoli, hosildorlik, to’qchilik timsoli hisoblanadi.

Bunda qizil, ko’k, moviy, yashil kabi issiq-sovuq ranglar bir-biriga mos ravishda tanlanib, uning umumiy bezak bichimiga ko’ra o’zaro uyg’un holga keltiriladi. Odatda, o’tovning ichki bezak ishlari xotin-qizlar tomonidan amalga oshiriladi. O’tov jihozlarida bo’rtma va yassi guldor to’qimachilik namunalariga keng o’rin berilgan. Chunki ularda qoraqalpoq qiz-juvonlarning betakror hunari, to’qimachilik namunalari, milliy naqshlar o’z aksini topadi. Gulli mato buyumlarda ip-gazlama asosiy o’rinni egallagan bo’lib, bo’rtma gullar jun ipda tikilgan.

Yassi gazlamalar uchun esa ipak, jun va g’altak iplardan foydalanilgan. Chog’roq gulli gazmol to’quvchidan nihoyatda sinchkov bo’lishni talab qiladi. Kashtachilik elementlari bilan asosan qiz bolalar, kelinlar va keksa ayollar libosini bezatishda qo’llaniladi. Kiyimning mana shu uch turiga alohida e’tibor berilgan. Chunki, ularga qarab, libos egasining yoshini aniqlash oson bo’lgan. Ularning har biri o’z rang echimiga ega bo’lib, bezaklar an’anaviy tarkibni tashkil etadi. Ko’ylakning to’q ko’k rangi, oq yoki sariq xol-xoli bor qizg’ish pushti tus berilgan mayda kavakli chopon, qizil-qora surpdan tikilgan “yengil”, zardo’zi “gumis taxiya” va “to’balik”, kumush bezaklar – bularning bari qiz bola timsolini vujudga keltirgan.

Qoraqalpoq milliy liboslarida barcha tarkibiy qismlar, jumladan ustki kiyim, bosh kiyimi, zargarlik buyumlari mavjud bo’lgan.

Qoraqalpoqlar an’anaviy liboslari, asosan, qozoq, turkman va Xorazm o‘zbeklarining libosiga o‘xshash bo’lgan. Bu esa o’z navbatida geografik joylashuv, genetik ildizlar, siyosiy tarix, mentalitetning umumiyligi va savdo aloqalari bilan izohlanadi. Shuningdek, Uralorti va Volgabo‘yi xalqlarining kiyimlarining ba’zi bir elementlarini qoraqalpoq liboslarida ham uchratish mumkin. Biroq, qoraqalpoq liboslarining o‘ziga xos bo’lgan jihatlari ham borki, u boshqa hudud liboslaridan butunlay farq qiladi.

XIX asr oxiri XX asr boshi.

Qoraqalpoqlarning liboslarini tikishda, asosan xonaki matolardan foydalanilgan. Ip gazlama, jun, shoyi va nimshoyi matolar sarasi Xiva va Buxorodan liboslarni tikish uchun maxsus keltirilgan. Qoraqalpoqlar libosning har bir qismiga qarab matolar tanlagan. Jumladan, nimshoyi, yo‘l-yo‘l olacha va beqasaba matolari choponlar uchun xos bo’lgan, rang-barang shoyilardan hamda Buxoro baxmali ayollar ko’ylagi uchun tanlangan. Bosh kiyimlar uchun esa to‘q qizil turme sharflari hamda madali eng yaxshi matolar sanalgan. O’z navbatida bunday matolar sarasi liboslarga o’zgacha joziba va nafislik baxsh etgan.

Biroq, XIX asr ikkinchi yarmiga kelib, fabrikada ishlab chiqariladigan matolar sekin – asta urfga kirdi, jumladan chit, ingliz va rus movuti shular jumlasidandir.

Muzey eksponatlarini tahlil etish natijasida choponlarning bir necha xil bichilish usuli bo’lgan ekanligini ko’rishimiz mumkin. Ularning barchasining siluetlari bir xil bo’lib, faqatgina qirqimlarida va o’lchamlarida bir oz farq qilgan (352-lar):

- yaxlit ort va old bo’lak, yaxlit yeng va yon bo’lak. Bu bichim asosan, yupqa matoli choponlarga ishlatilgan va yupqa astar matosining o’zi tikilgan;

- yaxlit ort va old bo’lak, yaxlit yon bo’lak va ort bo’lak, alohida yeng. Bu choponlarning bichish usuli erkaklarnikiga xos bo’lib, ular juda keng qilib bichilgan;

- yaxlit old va ort bo’lak, alohida ort va old yon bo’laklari, alohida yeng va old qism qo’shimchalaridan iborat bo’lgan chopon bichimi;

- yaxlit old va ort bo’lak, alohida ort va old yon bo’laklari, alohida yeng va old qism qo’shimchasi va xishtaklardan iborat bo’lgan chopon bichimi.

Qoraqalpoq erkaklarining liboslari xorazmlik erkaklar liboslaridam farq qilmagan. Ushbu kiyimlardan ko’rish mumkinki, erkaklar yorqin rangli matolardan foydalanishni xush ko’rmagan. Erkaklar, asosan, odmi kiyinishni ma’qul ko’rishgan, jiddiylik esa ularga xos bo’lgan xususiyatlardan biri edi.

Erkaklar kiyimiga bezak berishda kashtalardan foydalanilmagan. Biroq, erkaklar kiyimida bezak sifatida qizil jiyakdan foydalanilgan, jumladan chopon va ko’ylaklarda qizil jiyakdan foydalanish urf bo’lgan. Jiyak esa o’z navbatida bezak vazifasini bajarish bilan birga ularni turli balo-qazolardan asraydigan tumor hisoblangan.

Erkaklar liboslari tarkibiga, boshqa hududlar liboslari singari, ichki ko‘ylak va ishton, kamzul va chopon, qishki po‘stin, etik va turli bosh kiyimlar kirgan.

Erkaklarning ichki ko’ylagi keylek tunikasimon bichimga ega bo’lib,oq rangli matodan tikilgan. Bu ko’ylak uzunligi tizzadan tepada joylashib, yenglari to’gri bichilgan. Uning yoqasi gorizontal shaklda bo’lgan. Keylekning chetlariga bezak sifatida qizil yoki qora iplar bilan to‘qilgan.

Erkaklar ishtoni keng bichimda bo‘lib, pochalari esa etikka kiritilgan holda kiyib yurilgan. Ishtonlarni tikishda xonaki bo‘zdan foydalanilgan. Qish mavsumlarida ishton ustidan issiq tutib turuvchi shim kiyilgan. Bunday shimlar qalin qora ip gazlama yoki jun matodan tayyorlangan. Shimning bichimi ham ishton bichimi kabi bo’lgan. Vaqt o’tib, ko‘ylaklar yoqasi vertikal yirmochli va tik yoqa, ya’ni no‘g‘ay jag‘a ko’rinishida tikish urfga aylangan. Ko‘ylakning ustidan esa oldi ochiq beshpent kiyilgan. Beshpent – keyinchalik paydo bo‘lgan kiyim turi bo‘lib, ushbu davrgacha liboslar majmuyiga kirmagan. Ushbu kiyim turi XIX asrning ikkinchi yarmida paydo bo’lib, tanaga yopishib turgan. Beshpent paydo bo’lishiga esa Yevropa kamzuli asos bo’lgan.

Qoraqalpoqlar asosiy ustki kiyim sifatida oldi ochiq shapan dan foydalanishgan. Bayramga mo‘ljallangan choponlarni tikish uchun asosiy matolar bashang va qimmatbaho bo’lgan. Cho’ponlar, asosan mahalliy ishlab chiqarilgan yaltiroq, ohorlanmagan olachadanyoki Xivadan keltirilgan ingichka yo‘l-yo‘l chiziqli to‘q nafarmon, jigarrang va to‘q qizil nimshoyi matolaridan tikilgan. Choponning yenglari bilakkacha bo’lib, pastga qarab torayib borgan. Old etak qismiga adip bilan kichik qulfak tikilgan.

Choponlar astarli va astarsiz qilib tikilgan. Ammo, choponning barcha chetlari eni 10–12 santimetr bo’lgan olacha matosi bilan tikib chiqilgan. Ayrim hollarda esa chopon ichiga shapan paxta solib ham qavilgan.

Bunday qaviqlar erkaklar qaddi-qomatini raso ko‘rsatgan. Shapanning chetlariga ingichka to‘qilgan jiyek bilan bezak berib tikilgan. Shapanlarni yozgi mavsum uchun (sirilmagan) va qishki mavsumda (sirilgan) qilib kiyilgan. Shapanlarning yoqa qismiga vertikal tarzda qaviq berilgan, bu esa ko‘krak qismda ikkita bo‘rtib chiqqan jiyek jag‘ani hosil qilgan.

Shapan ustidan turli belbog’lar bog’langan. Jumladan, rangli matolardan tayyorlangan belbog‘ (belbeu) yoki burchakma-burchak taxlangan ro‘mol (sharshi) dan ham foydalanilgan. Erkaklar bel qismiga nafaqat belbog’, balki kamar ham taqishgan (356-lar).

Odatda, kamarga pichoq, poroxdon kabi buyumlar osib qo’yilgan. Bayramlarda esa madali matosidan tayyorlangan ochiq rangli shoyi belbog‘ bog‘langan.

Qoraqalpoqlarning yana bir chopon turi shekpen hisoblanadi. Shekpen, odatda sarg‘ish-kulrang yupqa tuya junidan tayyorlangan. Unga bezak berish maqsadida, chopon cheti va etaklariga qizil yoki qora rangdagi to‘qima jiyakdan tikilgan. Choponning qo‘ltiq qismida qulfak o‘rniga gorizontal o‘yiq qoldirilgan bo’lib, uning chetlariga ham jiyak tikilgan (358-lar).

Shekpendan, asosan qish mavsumida foydalanishgan. Uni kiyimlar ustidan ustma-ust kiyishgan, shu sababli uning bichimi boshqa choponlarga qaraganda ancha keng bichilgan. Shekpendan, asosan badavlat kishilar foydalanishgan. Ma’lumki, tuyaning juni issiqlikni yaxshi saqlab, o’zidan nam o‘tkazmaslik xususiyatiga ega. Ammo, qoraqalpoqlar qo’y terisidan ham ustki kiyimlar tikishgan

Erkaklar qishki kiyimi turi sifatida qo‘y terisidan tikilgan po‘stin – to‘n yoki po‘stin dan foydalanishgan. Boshqa choponlarga qaraganda, po’stinning bichimi ancha keng bo’lgan. Po’stin etagi va yenglari eni 8–10 santimetrni tashkil etgan yo‘l-yo‘l olacha matosidan tikilgan jiyaklar orqali bezatilgan.

Erkaklarning bel qismiga taqiladigan bezagi hamda asrovchi tumori sifatida uchburchak shaklli tumarsha bo’lgan, u olacha matosidan tayyorlanib, chetlari tikib chiqilgan.

Qoraqalpoqlarning bosh kiyimiturfa xil bo’lib, tayyorlanish uslubi bilan bir-biridan farq qilgan.Qadimdan erkaklar uchun kigizdan tayyorlangan konussimon baland shakldagi qalpoq–taqyalar kiyish urf bo‘lgan. Ushbu bosh kiyimining paydo bo’lish tarixi massagetlarning skif bosh kiyimiga borib taqaladi. Bosh kiyimining ushbu turi qoraqalpoqlarning qadimgi skif qabilalari bilan genetik aloqasi va ko‘chmanchi dasht madaniyatiga mansub ekanidan dalolat beradi. Odatda, qalpoq uchi qayrilgan konus shaklida bo‘lgan.

Erkaklarning keng tarqalgan an’anaviy bosh kiyimi sho‘girma bo’lgan. U asosan, qo‘y terisidan tayyorlangan. Ushbu bosh kiyim o’zgacha nomi ham bo’lib, ya’ni kurash deb ham nomlangan.

Kurash ham qora qo‘y terisidan tayyorlanib, uning mo‘ynasi tashqariga chiqarib tikilgan. Uning tikilish uslubiga ko’ra, qo‘y terisi kigizli bosh kiyimiga tikilgan. Sho‘girma turkmanlar va xorazmliklarning cho‘girmasiga o‘xshash bo’lgan. Ammo, qoraqalpoqlar cho’girmasi yassi g‘o‘lasimon shakli bilan ajralib turgan. Yoshi ulug’ erkaklar, asosan yil davomida kurashni kiyib yurgan. Sovuq mavsumlarda, uning tagidan yumshoq matodan tikilgan do‘ppi kiyilgan. Kurash rangi va kattaligiga qarab erkaklar yoshi aniqlangan. Jumladan, yoshi katta erkaklar jigarrang va ancha baland kurash kiygan (364-lar).

Qoraqalpoqlar sho‘girmadan tashqari do’ppidan ham foydalanishgan. Do’ppilar, asosan kichik aylana shaklida, qavilgan, shuningdek astari mo‘ynadan bo’lgan. Uning chetlariga yumshoq mo‘yna tutilgan baxmal tikilgan. Shuningdek, chetiga tulki mo‘ynasi tutilgan baland bosh kiyimdan ham foydalanilgan.

XX asr boshlariga kelib, delegey bosh kiyimini kiyish urfga kirdi. Ushbu bosh kiyim tepa qismi movutdan tayyorlangan bo’lib, uning chetiga esa qo‘zi mo‘ynasi tutilgan. Chetlarga mo’yna tutilgan bosh kiyimlardan yana bir turi bu qulaqshin bo’lgan. Boshqa hududlar singari ulamolar bosh kiyim sifatida salladan foydalanishgan. Bu hududda sallalar ip gazlama va ip aralash jundan to‘qilgan matodan tayyorlangan. Qoraqalpoqlar an’anaviy bosh kiyimi sifatida taxiya do‘ppisidan foydalanishgan. Ushbu bosh kiyim O‘rta Osiyoning deyarli barcha xalqlari orasida keng tarqalgan. Bunday do’ppilar qubba shaklida bo‘lib, uning balandligi 12 santimetrni tashkil qilgan. Do’ppi tepa qismi to‘rt qismdan iborat bo‘lgan hamda ustidan mayda bostirib qavilgan. Gardishi boshqa matodan tayyorlanib, bezak sifatida jiyek tikilgan va unga shoyi popuk taqilgan.

Shuningdek, tepa qismi yassi bo’lgan, keng gardishli do‘ppilarni kiyish ham urf bo’lgan. Do’ppilarni tikishda turli xil matolardan foydalanilgan. Jumladan, toqima taxiya do’ppisi xonaki matolardan tikilsa, maxpal taxiya esa baxmal matosidan tayyorlangan. Shuningdek, do’ppilar ayrim hollarda an’anaviy keste taxiya kashtasi bilan ham bezatilgan. Yosh erkaklar ko‘k va yashil, qariya va bolalar esa oq rangdagi do‘ppilarni kiyisgan. Asosan, bolalar va o‘smirlar do‘ppisi kashta bilan bezatilgan.

Qoraqalpoqlar etigi ham o’zgacha ko’rinishda tayyorlangan. Yetik tumshug‘i qirrali va biroz qayrilgan holda, keng va yassi poshnadan foydalanib tikilgan. Uning qo‘nji tizzaga yetgan. Shuningdek, poyabzal sifatida mahsi va kavushdan ham foydalanilgan. Mahsi – mesi, odatda qo‘y yoki echki terisidan, kavush -geuish esa charmdan tikilgan.

Choponning rangi, uzunligi va eniga qarab, erkaklar yoshi belgilangan. Yoshi ulug’ erkaklarning kiyimlari keng va uzun, qoramtir rangda bo’lgan. Yosh erkaklar liboslari esa bir muncha farq qilib, tanaga ancha yopishib turgan. Bel qismiga esa belbog’ni tarang bog‘lab yurilgan. Yoshlar choponining uzunligi kalta, bosh kiyimi esa kichik shaklda bo’lgan. Umuman olganda, chizma manbalar orqali yosh qoraqalpoq erkaklarining qaddi-qomati kelishgan va jasur bo‘lganini ko’rish mumkin.