Qashqadaryo va Surxondaryo — Erkaklar kostyumi

O‘rta Osiyo sivilizasiyasining qadimiy hududlaridan biri bo‘lgan Surxondaryo O‘zbekiston janubida joylashgan bo’lib, u ko‘p asrlar davomida o’zining an’anaviy san’ati va moddiy…

O‘rta Osiyo sivilizasiyasining qadimiy hududlaridan biri bo‘lgan Surxondaryo O‘zbekiston janubida joylashgan bo’lib, u ko‘p asrlar davomida o’zining an’anaviy san’ati va moddiy madaniyatining o‘ziga xosligi hamda turli xalqlar taqdiri bilan tutash bo’lgan.

Bu yerda joylashgan vodiylar va tog‘lar, ayniqsa, daryolar yoqasidagi serunum yerlar, shuningdek, qulay iqlim sharoiti, qishloq va shaharlar paydo bo‘lishiga asos bo’lgan. Surxondaryo hududi yon atroflarida Xolchayon, Dalvarzintepa, Ayritom, Qiziltepa, Bandixon, Kampirtepa kabi vohaning yuksak madaniyatidan dalolat beruvchi ko‘plab qadimgi yodgorliklar barpo etilgan.

Zamonaviy Surxondaryo asrlar davomida Baqtriya podsholigi va Kushon imperiyasi, G‘aznaviylar, Qoraxoniylar, Qoraxitoylar, Xorazmshohlar, Temuriylar va boshqa yirik va qadimiy davlatlar tarkibida bo’lgan. XX asr boshlariga qadar ushbu hudud Buxoro amirligining bir qismiga tegishli bo’lgan.

Sirdaryo va Amudaryo oralig'ida, Zarafshon va Qashqadaryo vohalarida qadimgi so'g'd elati va o'troq dehqonchilik madaniyati shakllanadi. Qashqadaryoda miloddan avvalgi birinchi asrning boshidan ikkita asosiy voha - Qarshi va Shahrisabz vohalari shakllanadi. Milloddan avvalgi 7-6 asrlarda Qashqadaryo vodiysida dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab aholi istiqomat qilgan. Kesh, Naxshab shahrilari paydo bo‘lib rivojlangan. Qadimiy Baqtriya davlati tarkibiga Qashqadaryo vohasining bir qismi ham kirgan.

Tasviriy san’at asarlari orqali Surxondaryoning o‘tgan asrlardagi liboslari O‘rta Osiyoning boshqa qabilalari liboslariga o‘xshash bo‘lganligini kuzatish mumkin. Tasviriy manbalarda keltirilishicha, bu hudud erkaklari tanaga yopishib turadigan ko‘ylak, chakmon, ishton hamda cho‘qqidor namat telpaklar kiyishgan. Ushbu liboslar bichimini keyingi davrlarda rivojlangan liboslarda ham ko’rish mumkin.

Boysun – Surxondaryoning yirik va mashhur tog’li tumani hisoblanib, uning aholisi tarkibining kelib chiqishi Dashti Qipchoqdan bo‘lgan yarim ko‘chmanchi o‘zbek qo‘ng‘irotlari, yuzlar, tojiklar va turkmanlarni tashkil etgan. Tabiiyki, bu jarayon liboslarning o‘ziga xos tarzda transformasiyalashuviga ta’sir ko‘rsatgan. Boysunda ushbu xalqlar san’ati va madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlari birlashgan holda, bejirim liboslarning yaratilishiga asos bo’ldi. Surxondaryo O‘zbekistonning boshqa hududlariga nisbatan o’zining qadimiy xususiyatlarini uzoq vaqt saqlab qolgan yorqin hududlardan biri hisoblanadi. Surxondaryoning qadimiy an’anaviy liboslari bugungi kunda to‘liq o‘rganilmagan bo‘lsada, bu yerda yashagan o‘zbeklar liboslarining asosiy xususiyatlari haqida so‘z yuritish mumkin.

Ushbu hududda joylashgan vodiy, tog‘li va tog‘ etagidagi tumanlar aholisining kiyinish madaniyati bir-biridan farq qilgan.

Boysun o‘zbeklari libosining bichimi ko‘proq mahalliy tojiklar libosiga o‘xshash bo‘lgan. Ular liboslarning uzunligi va kengligi, bezak berilishi, kiyinish uslubi, mato sifati hamda taqinchoqlari jihatidan farq qilgan. Liboslarni tikish uchun foydalanilgan matolar sirasi mahalliy hududlarning o‘zida ishlab chiqarilgan (290-).

Jumladan, tog’li hududlarda yashovchi ko‘chmanchi aholi asosan, qo‘y va echki terisidan tayyorlangan matolardan tikilgan liboslarni kiyishni afzal bilgan. Asosiy yashovchi aholi esa tabiiy matolar sirasiga kiruvchi bo‘z, olacha, qalami, karbos, susi, janda, xosa kabi paxta matolar, shoyi, parpashsha, adras, beqasam, banoras kabi ipak va yarim ipak yoki fabrikada tayyorlangan matolardan foydalangan. Ushbu matolardan bayramlar uchun maxsus liboslar tikilgan.

Qadimdan o‘zbek xalqi hunarmandchilik bilan kun kechirgan. Shuning uchun xalqimiz hunarmand kishilarga alohida hurmat-e’tibor bilan qaraydi. Avvalo, hunarmandchilik so‘zining asl ma’nosini izohlaydigan bo‘lsak, har xil mehnat qurollari yordamida mavjud xomashyodan chiroyli buyumlar ishlab chiqariladigan hunarlarning umumiy nomi hunarmandchilik deb yuritiladi. Bizlarga momolarimiz tomonidan avloddan avlodga meros bo‘lib kelayotgan milliy hunarmandchiligimizning sir-asrorlari saqlanib, o‘rganilib kelinmoqda. Ana shunday hunarlardan biri “Quroq” usulida milliy kiyimlar, buyumlar tikish san’atidir.

Surxondaryo va Qashaqadaryo quroqlari qadimda, asosan bolalar kiyimlarida qo’llanilgan. Keyinchalik bu texnika rivojlanib bordi va hunarmanchilikning ajoyib yo’nalishlaridan biriga aylandi. Surxon quroqlarining o’ziga xosligi shundaki, ularda yorqin ranglar ishlatilganligi va kashtalarning tikilganligidadir. Surxondaryo va Qashqadaryo quroqlari ham kashtalar kabi shakllarga ega bo’lib, ko’proq dumoloq va uchburchak shakllardan foydalanilgan. Asosan qizil, yashil, sariq va ko’k ranglardan tikilgan.

XIX asrning ikkinchi choragida qoshg‘ar matolari va ingliz chitlari urfga kirdi. Erkaklar libosi uchun odatda, turli olacha gazlamalari tanlangan. Olachipor rangli olachadan erkaklar choponi va ko‘ylagi, alohida ishlov berilgan yuqori sifatli mahalliy paxta matosi jandadan esa ustki choponlar tikilgan.

Ayollar libosini tikishda mahalliy ishlab chiqarilgan matolar qatorida Buxoro, Qarshi kabi hududlarda tayyorlangan matolardan ham foydalanilgan.

Ushbu hududerkaklarning an’anaviy libosi ichki ko‘ylak, qavilgan guppy va chopondan iborat bo‘lgan. Biroq erkaklar libos ustidan kiyadigan choponi tor bo‘lgan. Bunday choponlar tikish uchun ishlatilgan mato nomiga qarab bo‘z chopon, beqasam chopon deb atalgan. Yomg‘irli mavsumlarda yarim ko‘chmanchi aholi kebenek – (cho‘ponlar) bosh va qo‘llar uchun maxsus o‘yiqli choponsifat kiyimdan foydalangan.

Qish mavsumida esa chopon ustidan tuya, qo‘y junidan tayyorlangan chakmon kiygan. Oddiy aholi vakillari bel qismiga qo‘lda to‘qilgan chumchulag‘oy belbog’idan foydalangan. Aholining boy erkaklari va savdogarlar rangli iplardan to‘qilgan va tilla yoki kumush to‘qali belbog‘ yoki rang-barang toshlar bilan bezatilgan charm kamar bog‘lashgan.

Ushbu kamarlarga hamyon, pichoq, xaltacha va boshqa kerakli buyumlar osib yurilgan.

Bosh kiyimlarsifatida kuloh, quloqchin, salla, do‘ppi kabilardan foydalanishgan.

Sallani, asosan, 12 yoshdan boshlab o‘rashgan. Salla esa o’z navbatida, erkaklar uchun bayram libosi sifatida qabul qilingan. Kuyovlar uchun mo’ljallangan salla rang-barang, jumladan qizil, to‘q qizil ranglarda bo‘lgan.

Bunday sallani kelin kuyov uchun o’z qo’llari bilan mehr ila to‘qigan va tikkan. Yoshi katta erkaklar uchun oq salla o‘rash xos bo’lgan. Shuningdek, do‘ppi kabi bosh kiyim, ya’ni kallapo‘sh erkaklar libosining eng ommaviy tarzda foydalanadigan tarkibiy qismi bo‘lgan (295-lar).

Davlat san’at muzeyi. Toshkent.

Surxondaryo viloyat O‘lkashunoslik muzeyi. Termiz.

O‘smirlar va kuyovlar kallapo‘shi o’zgacha ko’rinishda bo’lib, uning gardishi tikilib, jiyak hamda turli xil rangda popuklar bilan bezatilgan bo‘lib, yuzasi aylanasiga qavilgan. Ushbu bosh kiyimni tikishda tepa qismi va astari o‘rtasiga qog‘oz yoki paxtadan piltalar qo‘yilgan, bu esa o‘ziga xos bo‘rtma naqshni hosil qilishda yordam bergan. Bo‘rtma qaviqlar rangli ipak iplar bilan tikilgan. Bu esa, o‘z navbatida, chiroyli bezaklar hosil qilishga ko’mak bergan.

Erkaklar poyabzal sifatida charmdan tayyorlangan mahsi, mo‘kki, choriq kabilarni kiygan. Choriqni buzoq, tuya yoki ot terisidan tayyorlab, orqasiga bog‘lash uchun maxsus iplar tikilgan. Bunday poyabzal tog‘ va tog‘ oldi hududlarida yashaydigan aholi uchun juda qulay bo’lgan. Shaharda yashaydigan erkaklar asosan, etik va kavush kiyib yurishi rusum bo’lgan.

Surxondaryo viloyat O‘lkashunoslik muzeyi. Termiz.

Qashqadaryo liboslari ham o’ziga xos xususiyatlarga boydir. Qashqadaryoda 7-8 asrlarda iqtisodiy hayot rivojlangan. Bir necha yillar davomida Sug‘d Kesh podsholari tomonidan idora qilingan. XIV-XV asrlarda Temur va Ulug‘bek davrlarida Shahrisabz bir qancha mahobatli binolar-saroy, masjid va maqbaralar va boshqalar qurildi. Shahrisabz vohaning yetakchi shahriga aylandi.

Qashqadaryo viloyati ko‘xna tarixi, qadimiy madaniyat yodgorliklari bilan mashhur. Viloyatdan buyuk olimlar, adib va shoirlar, mashhur san’atkorlar, baxshilar, xalq artistlari, rassomlar yetishib chiqqan.

Termiz yaqinidan Tuproq qal'a ibodatxonasidan topilgan eramizning I va III asrlariga oid tasviriy san'at namunalari Chanchi qiz, uzum va shaftoli terayotgan ayol tasviri topilgan. Ushbu obida va tasvirlar o`tgan avlodlarimizning o`ziga xos badiiy madaniy markazlaridan biri bo`lganligidan o`sha davrning eng yorqin namunasi sifatida beqiyosdir. Toshlarga o`yib ishlangan tasviriy san'at obidalari o`sha davrning odamlari hayoti, dunyoqarashi va mashg’ulotining ifodasi desa ham bo`ladi. Arxeologik qazilmalarda topilgan qadimiy katta devoriy rasmlar, har xil buyumlarga tushirilgan tasvirlar, o’rta asrlardagi kitob miniaturalari ajdodlarimizning o’tmishdagi kiyim – kechaklari to’g’risida boy ma’lumotlar beradi. O’rta asrlarga oid miniaturalar o’zbek kiyimlarining turi shakllanganligi va ular keyingi davrgacha saqlanganligini namoyish qiladi.

Miniatura bizga ko’pgina tarix darchalarini ochib beradi, nafaqat yashash muxitini ularning hayot tarzini ko’rsatadi. Miniatura o’sha davrning liboslarini ko’rsatib bergan ulardagi rang, naqsh, liboslar tuzilishini korishimiz mumkin.

Amaliy – bezak san’atining noyob namunalarini yaratgan ajdodlarimiz kelajak avlodlar uchun o’z nomini qoldirish masalasi ustida bosh qotirishmagan. Har kuni oila ehtiyoji va maishiy turmush uchun zarur mahsulotlar tayyorlashni o’zlarining kundalik yumushi deb bilishgan. Lekin ular bu kundalik yumushlarini ham qunt va mehr bilan bajarishgan. Shuning uchun o’tmishda yashab o’tgan tikuvchiyu zargarlar, ganchkoru kulollar, yog’och o’ymakorlariyu miniaturachilar yaratgan asarlar hozir ham bizni hayratga soladi.

Qashqadaryo viloyati O‘zbekistonning janubiy qismida joylashgandir. Ushbu hudud tojik hamda turkmanlar bilan qo’shni tutingan bo’lib, vohada Shahrisabz va Qarshi kabi yirik shaharlar rivojlangan. XIX - XX asr boshlarida bu voha Buxoro amirligi tarkibiga kiritilgan. Bu esa o’z navbatida turk qabilalari (mang‘it, kenagas va boshqalar) vakillari ko‘p bo‘lgan shahar aholisining kiyinishiga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Qashqadaryo vohasi liboslarini ikki turga: shahar va qishloq aholisi liboslariga ajratish mumkin.

Shahar aholisining erkaklar kiyimi bichimi va tarkibi jihatidan Buxoro liboslariga qisman o‘xshash bo’lsada, bir oz farq mavjud, jumladan, Qashqadaryo vohasi erkaklar kiyimida yeng mavjud bo’lgan. Yenglar asosan, yorqin rangli kashtalari bilan ajralib turgan. Bu libos iroqi uslubida tikilgan bo’lib, poyabzal, bosh kiyim, ustki choponlar, belbog‘ni yopib turgan (298-lar).

Shaxsiy kolleksiya. Toshkent.

Shaxsiy kolleksiya.

Bu esa uni kiygan kishiga shu tariqa o‘zgacha ko‘rk, chiroy bag‘ishlagan. Qashqadaryoda, ayniqsa, Shahrisabz va boshqa shaharlarda, o‘simliklar guli bilan bezatilgan gilamdo‘ppi kiyishgan. Shuningdek, bosh kiyim sifatida salladan, qish mavsumida esa jun telpakdan foydalanilgan.