Qashqadaryo va Surxondaryo — Ayollar kostyumi

Qo’ng’irot ayollari liboslari asrlar davomida shakllanib borgan. Uning shakllanishi jarayoniga xalqning turmush sharoiti, ijtimoiy shart-sharoitlari, shuningdek, qo’shni yoki…

Qo’ng’irot ayollari liboslari asrlar davomida shakllanib borgan. Uning shakllanishi jarayoniga xalqning turmush sharoiti, ijtimoiy shart-sharoitlari, shuningdek, qo’shni yoki olisdagi xalqlar bilan o’zaro aloqalar ta’sir etgan.

Qo’ng’irot ayollari milliy liboslari ikkita turga: kundalik hamda marosim liboslariga bo’linadi. XIX asrning ikkinchi yarmida turmush qurgan ayollar an’anaviy bichimdagi keng va yenglari juda uzun to’g’ri bichimli ko’ylak kiyishgan. Ko’ylak yoqasi qiyiq yoki yopiq olingan yirmoch shaklida bo’lgan. Qizlar ko’ylagi ayollarnikiga o’xshash bo’lib, faqat yoqa o’mizi bilan farq qilgan.

Surxondaryoning tog‘li va tog‘oldi hududlari xotin-qizlarining liboslari umumiy ma’lum ko’rinishga ega bo‘lgan kiyimlardan, jumladan ichki va ustki ko‘ylak, lozim, ularning ustidan kiyiladigan jelak, paranji, oyoq kiyimi, bosh kiyimi va bezaklardan iborat bo’lgan. Bunday liboslar o’ziga xos bosh kiyimlari, liboslar kengligi va uzunligi, sifati, kashtalari hamda bezaklari bilan tubdan farq qilgan.

Qizlar ko‘ylaklarining yoqa qismiga yo‘rma uslubida rang-barang iplar bilan tikilgan turli jiyaklar bilan bezatilgan. Jiyaklar uchlariga popuklar tikilgan. Ayollar ko‘ylaklarida esa popuklar bog‘ich uchiga tikilgan. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida bu yerda ham no‘g‘ay yoqa yoki no‘g‘ay burush urf bo‘lgan. Odatda, ayollarining yorqin rangli ustki ko‘ylaklarida kashtadan keng foydalanilgan. Kashtalar ko‘ylakning old tomonidan etak qismigacha uzunasiga hamda yeng va etak qismlariga ham tikilgan.

Ko’ylak bilan birga lozimlarni ham shunday kashtalar bilan bezatishgan. Ko’ylaklar rangi yorqin tanlanib, ularga tikiladigan kashtalar esa undanda yorqin iplardan tikilgan. Jumladan, qizil, to‘q sariq yoki och sariq rangli matoga och yashil, ko‘k, qizil rangli kashtalarni tikilgani ayolni yanada ko’rkam va bashang qilib ko’rsatgan.

Ushbu voha ko‘ylaklari o’zinig turli ranglarga boyligi hamda beqiyos bezaklari bilan tojik ayollarining ko‘ylagiga o‘xsash tomonlari mavjud. Ammo boysunlik ayollar ko‘ylagiga tikilgan kashtalar oddiy bo‘lgan. Kashtalarda, asosan o‘simlik gullaridan ko‘p foydalanilgan. Bunday ko‘ylaklardan bayram libosi sifatida foydalanishgan.

Qo’ng’rot ayollarining liboslari Boysun ayollarining liboslaridan o’z bezagi bilan farq qilgan. Qo‘ng‘irot ayollarining ko‘ylaklarida kashtalardan foydalanilmasdan, balki bezak sifatida jiyak tikilgan. Ko’ylakning vertikal yoqa yonlariga ko‘chmanchi qabilalarda ishlatiladigan geometrik va zoomorf bezakli jiyak – jaxak tikilgan (306-lar).

Jaxak bezagining uzunligi, odatda 80–100 sm, eni esa 4–4,5 smni tashkil etgan. Qo‘ng‘irotlik yoshi katta ayollar ko‘ylak ustidan sitora nomli yopinchiq tashlab yurishgan. Ushbu kiyim turi to‘qilgan yoki tayyor matodan tikilgan qora rangli yopinchiq bo’lgan. Bunday kiyim turini odatda, G‘arbiy Pomirning hududlarida, shuningdek, janubi-sharqiy guruhdagi turkmanlar va qozoqlarda ham uchratish mumkin. Bu esa o’z navbatida, Boysun aholisining boshqa qo’shni xalqlar bilan ham madaniy aloqalari mavjud bo’lganligidan dalolatdir.

O‘zbekiston Amaliy san’at muzeyi. Toshkent.

Qishki mavsumlarda Surxondaryo ayollarining bir vaqtning o’zida bir qancha ko‘ylakni ustma-ust kiyish odati bo‘lib, qizlar 3–4, o‘rta yoshli ayollar esa 6–7 tagacha ko’ylaklardan foydalanishgan.

XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiya O’rta Osiyoni bosib olganidan so’ng, boshqa viloyatlarda bo’lgani singari qo’ng’irot ayolalri orasida tik yoqali ko’ylaklar urf bo’ldi.

Keyinchalik ko’ylaklarning tik yoqasi ustki qismi qat-qat burma, parparak bilan bezatila boshlandi. Hozirgi kunda kelib, bu turdagi ko’ylaklar asosan bayramlarda, turli marosimlarda kiyiladi.

Ustki ko’ylaklar qimmatbaho matolardan tikilgan. Ularning yengi esa keng va kalta bo’lgan. Ichki ko’ylak yengi ustki ko’ylak yengidan ko’rinib turishi talab etilgan.

O‘troq ayollarning bayramlarda yoki marosimlarda kiyiladigan maxsus ustki liboslari mavjud bo’lgan. Bunday liboslar qimmatbaho matolardan tikilib, minisak deb atalgan. Ammo tog’li hududlarda yashaydigan ayollar ustki kiyim sifatida jelakdan foydalanishgan.

Ushbu libos keng bichimda tikilgan bo’lib, jelak etagi tikilmagan, uning uzun yenglari esa bir-biriga o‘rtada qadalgan. Bu libos turining o’zgacha ramziy ma’nosi mavjud bo’lib, u ayollarni serpusht bo‘lishiga yordam beradi. Jelak old tomonining yonlari tikilgan bo’lib, ular ham ramziy belgilarga ega. Jelakning gardan qismiga aylana yulduz shaklidagi yirik naqsh tikilgan bo’lib, naqshning ichki qismini to’ldirish maqsadida, shunday kichik hajmli naqshlar bilan boyitilgan.

Jelak soxta yenglarining oxirigacha aylana shakldagi, o‘simliklar tasviri bilan bezatilgan naqshlar tikilgan. Yenglarning quyi qismiga esa iroqi usulida tikilgan jiyaklar bilan boyitilgan. Jelakning old etagini bezashda “hayot daraxti” mavzusida, aylana shakldagi qadama bezaklar bilan boyitilgan, shuningdek, uchida munchoqli popuklari bo‘lgan jiyakdan ham foydalanilgan. Uning astari qora matodan tayyorlangan.

Qashqadaryo vohasida ham nikoh to’yidan oldin kiyim bichar marosimi kuni keksa ayollar va bo’lg’usi kelinning dugonalari yig’ilishib, o’zidan tinib-tinchigan, serfarzand ayollar boshchiligida yaxshi niyat bilan qo’shiqlar aytib, o’yin-kulgu qilishgan holda kelinning ko’ylaklarini bichishgan.

Qish mavsumlarida ayollar ko’chaga qavilgan chopon, vodiylarda esa paranji yoki kurta, jelak va paranji kabi liboslardan foydalanishni ma’qul ko’rishgan.

Ayollar kurtasi va jelagi odatda, astarsiz tikilib, chachvonsiz boshga tashlab yurilgan. Ularning englari uzun bo’lib, orqaga bog’lab qoyilgan.

Bunday ustki kiyim turlarining old etagi va yoqa qismi tangalar, rangli kashtalar, hamda rang-barang popuklar bilan bezalgan.

Surxondaryo ayollarining ularning yoshi, ijtimoiy darajasi bosh kiyimi qarab farqlangan. Qiz va juvonlarning bosh kiyimi bir-biridan farq qilgan. Voha qizlari do‘ppiga o’xshash shapka kiyib, uning ustidan esa kichik shakldagi rang-barang ro‘mol o‘ragan. O’rta yoshli ayollar esa kiygich deb nomlangan bosh kiyim ustidan katta ro‘mol o’rashgan. Keksa ayollar esa bosh kiyim sifatida katta oq ro‘moldan foydalanishgan. Shuningdek, Qo’ng’irot ayollarining yana bir bosh kiyimi bo’lib, ushbu bosh kiyim farzandlik ayolning belgisini bildirib turgan. Bunday bosh kiyim sallasimon shaklga ega bo’lib, bosh deb atalgan. Bosh murakkab tuzilishga ega bo’lib, u baland silindr ko’rinishida bo’lgan.

Bosh asosini old qismi jiyak bilan bezatilgan kiygich tashkil qilgan. Kiygich xilma-xil rangli bezaklar bilan bezatilgan bo’lib, ushbu bezaklar ipak yoki paxta ip bilan tamg‘a naqshida tikilgan. Ushbu tamg’a ko’rinishidagi kashtalar orqali esa ayolning qaysi qabila vakili ekanligini bilish mumkin edi. Uchburchak va romb shaklidagi geometrik naqshlar unumdorlik ramzi bilan bog‘liq bo’lgan.

Ustidan 3–5 metrlik qizil mato o‘ralgan qattiq asos boshning ikkinchi qismi hisoblangan. Boshning ustidan 25-30 ta bir qancha rangli ro‘mollar pog‘ona shaklida o‘ralgan. So’ngra bosh ustidan katta shakladgi ro‘mol va kurta yopinchig‘i tashlangan. Boshga o’ralgan ro’mollarning soniga va ularning sifatiga qarab ayolning badavlatlik darajasi belgilangan.

Bugungi kunga kelib esa, ushbu bosh kiyimni keksa yoshdagi ayollar o’rashadi. Beva ayollar esa bosh ustidan oq ro’mol tashab yurishgan.

Qashqadaryolik ayollar bosh kiyimi o’zining turfa xilligi, kashtasining tikilish usuli va ularning kompozisiyasi bilan boshqa hududlarga nisbatan bir oz farq qilgan.

Bosh kiyimlarida qo’llanilgan iroqi usulidagi gilam kashtalari ularning o‘ziga xosligini belgilab bergan. Bunday bosh kiyimlar sirasiga, kulta yoki kiygich kirgan. Ushbu bosh kiyim yumaloq shaklda bo’lib, uning chetlariga jiyakdan foydalanib bezak berilgan. Shunga o‘xshash yana bir bosh kiyimi chochqop deb nomlangan. Uni iroqi usulida tilikgan kashta bilan boyitilgan.

Ayollar bunday bosh kiyim ustidan rang-barang ro‘mollar o‘ragan. Qashqadaryolik yoshi ulug‘ ayollarning an’anaviy bosh kiyimi esa chambarshox deb nomlangan. Bunday bosh kiyim ustiga o‘nta ro‘moldan shox shaklida aylantirib o‘ralgan. Ma’lumki, chambarshoxdan nafaqat sovuq havoda, balki issiq mavsumlarda ham foydalanilgan, jumladan u boshni quyoshning jazirama issig‘idan asragan.

Ayollarning poyabzali,asosan mahsi bo’lib, mahalliy etikdo‘zlar tomonidan tayyorlangan. Ularning sirasiga (ichigi) va kavushlar kiradi. Poyabzallarni tikishda tabiiy charmning turli navlaridan foydalanilgan. Badavlat ayollarning mahsi va kavushi iroqi usulidagi yorqin naqshlar bilan bezatilgan.

Qashqadaryo-Surxondaryo geografik mintaqasi Turkmaniston, Tojikiston va Afg’oniston hududlari bilan chegaradosh bo’lganligi bois o’tmishda madaniyatlar konvergentsiyasi sharoitida turli millat va elatlar amaliy san'at namunalari o’zaro aralashib ketganki, buni mintaqa do’ppido’zligida ham yaqqol ko’rish mumkin. Ushbu mintaqa aholisi tomonidan “Kandaxayol”, “Chindaxayol” va “Iroqi” uslublarida tikilgan do’ppilar milliy qadriyatimiz namunalari sifatida ham mashhurdir. Shuningdek, mintaqa submadaniyatiga xos bo’lgan Shahrisabz va Kitobning “Gilam do’ppi” lari, Urgut va Boysunning piltado’zi do’ppilari millatimiz vakillarining ko’p asrlik yaratuvchanlik faoliyati mahsulidir.

Ayollar poyabzal sifatida kalish, mahsi-kalish, yog’och poshnali xakkari kavush hamda popush kabilardan foydalanishgan. Qish mavsumlarida esa charm etik asosiy poyabzal hisoblangan.

Qashqadaryo zargarlik buyumlari va zeb ziynatlari Surxondaryo buyumlariga o‘xshash bo’lgan. O’zbekiston zargarlik san’ati bobida batafsil yoritiladi.